Identiv o’quv maqsadi:
Umumiy psixologiya fanining boshqa fanlar bilan aloqasini tushuntiradi.
Umumiy psixologiya fanining boshqa fanlar o’rtasida tutgan o’rnini aniqlaydi.
Umumiy psixologiya fanining boshqa fanlar bilan aloqasini mukammal bayon qiladi.
3-savolning bayoni: Umumiy psixologiya fanining vazifalari.
Odam tevarak-atrofdagi dunyoni qanday idrok etadi, u qanday esida qoldiradi, qanday esga tushiradi va fikr yuritadi, u qanday hislarni ko’nglidan kechiradi, odam tevarak-atrofdagi dunyoni o’z ehtiyojlariga moslashtirib, yangi moddiy va ma’naviy boyliklarni vujudga keltirib, qanday ish ko’radi, psixologiyani o’rganish bilan ana shu masalalarni bilib olamiz.
Psixologiyani o’rganish odamni psixika haqidagi va psixik hayotning xilma-xil hodisalari haqidagi bilimlar bilan boyitibgina qolmay, shu bilan birga odam aqlini ham o’stirishga yordam beradi. Odam aqlini o’stirish, jumladan, yangi bilimlar va ko’nikmalarni tezroq egallash, yangi nazariy va amaliy vazifalarni to’g’ri hal qilish qobiliyatini takomillashtirishda, o’z fikrlarini nutqda to’g’ri ifodalay bilish va boshqalarning nutqini to’g’ri tushuna bilishda ham o’z ifodasini topadi. Odamni kamolga etkazishda psixologiya alohida o’rin tutadi. Odam psixologiyani o’rganar ekan, avvalo o’z aql-idrokini, uning jarayonlarini bilib oladi, unga diqqat-e’tibor beradi, aqlning faoliyatini kuchaytiradigan shart-sharoitni o’rganadi, va shu bilan o’z aql-idrokining ko’proq o’sishiga yordam beradi.
Psixologiyani bilish, psixikani chinakamiga ilmiy asosda tushunish kishilar ongidagi har xil diniy taassub va xurofotlarga qarshi kurashda juda kuchli qurol bo’lib xizmat qiladi.
Odam psixologiyani o’rganar ekan, o’zidagi psixik hayotni va boshqa kishilar psixikasini bila oladigan bo’lib qoladi. Bu bilim esa boshqa kishilarni va o’zini yaxshiroq tushunishga imkon beradi.
Psixologiyaning bilish, ma’lumot olishning ahamiyati yuqoridagilardan iboratdir. Shu bilan birga psixologiya (jumladan, psixologiya metodlari) kishilar amaliy faoliyatining har xil turlarida ta’lim-tarbiya, ishlab chiqarish, mehnat, tibbiyot, sud-huquqshunoslik, harbiy-mudofaa, san’at va boshqa sohalarda ham katta ahamiyatga egadir.
Pedagog o’quvchilarga biron materialni tushuntirar ekan, shu materialni bolalar qanday o’zlashtirayotganini, qanday idrok etayotganini, eslab qolayotganini, fikrlayotganini, ularda diqqat-e’tibor, hissiyot qanday namoyon bo’layotganini, bolalarning yosh xususiyatlariga qarab bu jarayonlar qanday ro’y berayotganini bilish lozim.
Hozirgi paytda ishlab chiqarish, ishlab chiqarish ta’limi va mehnatni tashkil etishning har xil turlarida psixologiyadan keng foydalanilmoqda. Ishning har bir turi, har bir kasb odamdan tegishli bilim va mahorat talab qilish bilan birga maxsus psixologik sifatlarni ham talab qiladi. Shu sababli, ixtisosga qarab murakkab va mas’uliyatli mehnat operattsiyalarini bajarishga to’g’ri keladigan kishilar maxsus psixologik tekshirishdan o’tkaziladi. M: dastlabki kosmonavtlarni tanlashda talabgorlar xotirasi juda yaxshi, fahmi o’tkir, diqqatini bir narsadan ikkinchi narsaga tez ko’chira oladigan, aniq uyg’un harakatlarni tez bajara oladigan kishilarni ajratib olish maqsadida tekshirib ko’rildi.
Psixologiya tibbiyot bilan qadimdan bog’lanib keladi. Kasalliklar orasida psixik kasalliklar bo’ladi. Bunday kasalliklarni ham asosan psixologik vositalar bilan davolashga to’g’ri keladi. Shifokor psixik kasalliklarni yaxshiroq ajrata bilmoq uchun odamning normal psixologiyasini ham bilishi kerak. Bundan tashqari boshqa kasalliklarda, ayniqsa, nerv kasalliklarida shifokor bemorning ruhiy holatini bila olishi lozim.
Psixologiya sud ishida ham muhim rol o’ynaydi. Sud xodimi ayb-lanuvchining ruhiy holatini, guvohlarning so’roqda aytgan gaplarini psixologik jihatidan tahlil qila bilishi kerak. Kishilar biron ayb, jinoyat qilganlarida nima niyat bilan shunday qilganliklarini sud xodimi fahmlay bilishi kerak.
Psixologiya san’atda ham ahamiyatga ega. Har bir san’atkor (artist, musiqachi, rassom va shunga o’xshashlar) kishilarga tomoshabinlarga, tinglovchilarga o’z ijodi bilan ta’sir ko’rsatishni maqsad qilib qo’yadi. Buning uchun esa odamning qanday idrok qilishini, qanday fikrlashini va qanday his qilishini bilmoq kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |