2- MAVZU. MARKAZIY OSIYO – JAHON SIVILIZATSIYASINING AJRALMAS QISMI
Asosiy tushuncha va iboralar: sivilizatsiya; moddiy manbalar; ibtidoiy jamoa tuzumi; ma`lumot; yozma manbalar; “Avesto”.
2.1. “Sivilizatsiya” tushunchasi va uning rivojlanish bosqichlari
Odamzodda ong paydo boʻlibdiki, oʻz davriga xos turmush tarziga, moddiy va ma’naviy madaniyatiga, ya’ni ma’lum darajadagi sivilizatsiyasiga ega boʻla boshlagan. Markaziy Osiyo, xususan Oʻzbekiston xalqlari ham qadim zamonlardan beri hayot tarzini takomillashtirar ekan, turli qulayliklar yaratgan, odatlar, rusumlar esa an'anaga aylangan.
“Sivilizatsiya” qanday ma’noni bildiradi? Bu soʻz lotinchadan olingan boʻlib, u hozirgi zamonda odamning komillikka, yetuklikka intilish mazmunida talqin etiladi, shuningdek, u inson hayoti uchun qulayliklar yaratish jarayonini ifodalovchi tushuncha ham. Adabiyotda bu soʻz “tamaddun” deb ham ataladi, va madaniy hayotga, taraqqiyotga erishuv jarayoni ma’nosida ishlatiladi. Qomusiy kitoblarda sivilizatsiya-jamiyat taraqqiyoti jarayonida yaratilgan moddiy va ma’naviy boyliklar. Shuningdek, ularni yanada koʻpaytirib va takomillashib borish usullarining majmui deyiladi.
Ibtidoiy jamiyat va uning davrlari insoniyat qadim-qadimdan oʻz davriga xos turmush tarziga, moddiy va ma’naviy madaniyatga ya’ni ma’lum darajadagi sivilizatsiyaga ega boʻlgan. Davrlar oʻtishi natijasida insoniyat sivilizatsiyasi darajasi oʻsib, rivojlanib, takomillashib borgan. Bu jarayon odamlarning mehnat qilish usuli, qanchalik darajada moddiy va ma’naviy boyliklarni yaratish va koʻpaytirib borishi bilan bogʻliq kechgan.
U yoki bu sivilizatsiya haqida soʻz borganda insoniyatning yashash uchun kurashi, tinimsiz mehnati, ma’naviyat va ma’rifatga intilishi tufayli oʻzi uchun yaratgan jismoniy va madaniy qulayliklar, ov va mehnat qurollari, kiyim bosh, uy-joy va oilaviy munosabatlari, ishlab chiqarish usullari, maishiy xizmat vositalari, ijtimoiy ong va ma’naviy dunyosi, ijtimoiy-siyosiy hayoti, axloqiy-huquqiy munosabatlari darajasi asosida tavsiflanadigan ma’lum bir tarixiy davr tushuniladi. Masalan, qadimgi Sharq sivilizatsiyasi, Antik Yevropa sivilizatsiyasi, Islom sivilizatsiyasi, Xristian sivilizatsiyasi hozirgi zamon sivilizatsiyasi kabi tushunchalarda insoniyatning iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy hayoti, turmush tarzi, ahloqi, bilim saviyasi, mehnat qurollari va hokazo jihatlari mujassamlashgan boʻladi.
Har bir mintaqada sivilizatsiya davriy nuqtai nazaridan ertaroq yoki kechroq, oʻziga xos shaklda shakllanib, rivojlanib borgan. Tarixiy, ilmiy tadqiqotlar bizning Oʻzbekistonimiz-Oʻzbekiston insoniyat sivilizatsiyasining qadimgi oʻchoqlaridan biri ekanligidan dalolat bermoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |