2.3. “Avesto” – Oʻzbekiston tarixi boʻyicha eng qadimgi manba sifatida
Qadimda oʻlkamizda yashagan aholining ma’naviy va madaniy qiyofasi mashhur “Avesto” mazmunida oʻz ifodasini topgan. Ma’lumki, bu muqaddas kitob Markaziy Osiyo xalqlari toʻgʻrisidagi dastlabki noyob manbadir. "Avesto" avval xalq ogʻzaki ijodi shaklida tarqalgan va bir necha asrlar davomida ogʻizdan-ogʻizga oʻtib, qadimgi Turon, Xuroson, Eron, Ozarbayjon elatlarining ijtimoiy-iqtisodiy hayotini, olam haqidagi tasavvurlarini va diniy qarashlarini oʻzida aks ettirgan. Bu asar koʻp yillar davomida zardushtiylik-otashparastlik dinining ulamo qoxinlari tomonidan toʻldirilib, takomillashtirilgan. Abu Rayxon Beruniyning "Oʻtmish xalqlardan qolgan yodgorliklar" kitobida ta’kidlanishicha, “Avesto” ilk bor mil. av. VI asr boshlarida toʻliq holda 12 ming qoramol (hoʻkiz) terisiga zarxal harflar bilan bitilgan.
Iskandar Zulqarnayn (Aleksandr Makedonskiy) Sharqni zabt etganda “Avesto”ning nodir nushasidan oʻziga ma’qul boʻlgan joylarini tarjima qildirib olib qolgan, boshqa qismini esa yoqtirib yuborgan. Shu sabab, bu qomusiy asarning 5 dan 3 qismi yoqib yuborilgan. Keyinchalik milodiy I-IV asrlarda “Avesto”ning qolgan qismlari jamlanib, ayrim joylari qayta tiklanib, yangidan kitob holiga keltirilgan. Bizga qadar “Avesto”ning ayrim qismlarigina yetib kelgan. Bular:
“Yasna” – ibodat paytida ijro etiladigan matnlar;
“Yasht”– otashparastlarning tangrini ta’riflash madhiyalari;
“Vendidot” – zardushtiylikda zulm timsoli boʻlgan devlarga qarshi qonunlar va afsonalar;
“Visparat” – ibodat yoʻsinlari va mazmuni haqida ma’lumotlardir.
“Avesto” katta hajmda boʻlganligi sabab, dindorlarning kundalik faoliyatida foydalanishi uchun kichik “Avesto” ham yaratilgan. Unga katta "Avesto"dan tanlab olingan duolar kiritilgan. Demak, “Avesto”da zardushtiylik dinining qonun-qoidalari, ibodat vaqtida ijro etiladigan qoʻshiqlari bitilgan.
“Avesto” ta’limotining asoschisi tarixda paygʻambar nomi bilan tanilgan Zardushtra (Zardust) ismli shaxs boʻlgan. Zardushtra-oltin tuyali yoki oltin tuya yetaklovchisi degan ma’noda ishlatilgan. Zardushtra otashparastlik gʻoyalarini oʻz hamfikrlari bilan birgalikda Katta Xorazm, Baqtriya, Soʻgʻdiyona, Eron, Ozarbayjon qisman Hindiston aholisi oʻrtasida targʻib etgan. Beruniy keltirgan rivoyatga koʻra, Baqtriya podshosi Vishtasp va malika Xutaosa birinchilardan boʻlib zardushtiylik e'tiqodini qabul etganlar, soʻng bu din keng yoyilgan.
“Avesto”da dunyo ezgulik va yovuzlikning doimiy kurashidan iborat, ezgulik xudosi Axuramazda (Xurmuzd) yovuzlik tangrisi Axriman ustidan gʻalaba qozonishi bayon etilgan. Zardushtiylik dinida olov muqaddaslashtirilib, u insonning baxtu-saodati ramzi sifatida ulugʻlangan. Zardushtiylik jamiyatda barcha odamlar tanasining rangidan, tili, urf-odatlari va yashagan joylaridan qat'i nazar, osoyishtalik bilan yorqin hayot kechirishga haqlidir, deb hisoblaydi. Bu din odamlarni jur'atli, dovyurak, yetuk insonlar boʻlishga da’vat etadi. Otashparastlikda zamin (yer), suv, quyosh va xavo ilohiyat darajasiga koʻtariladi va ularni ifloslash ogʻir gunoh hisoblanadi.
Kitobda aytilishicha, Zardusht odamlarga murojaat qilib, yerga, tuproqqa sifatli urugʻlar sepinglar, pirovard natijada oʻzlaringiz har xil illatlardan va balolardan holi boʻlasizlar. Bilib qoʻyinglar, ishlov berilmagan tashlandiq yerlarda turli kasalliklar, iflos narsalar va balo-qazolar paydo boʻladi. Demak, sizlar yerga ishlov berib, unga yaxshi urugʻ sepib, tuproqni e'zozlasangiz har xil balolardan qutulasiz, hayotga, insonga ishonchingiz kuchayadi, yashagan joyingizga, Oʻzbekistoningizga mehringiz oshadi, deydi. Koʻrib turibmizki, zardushtiylikda tabiatga ehtirom asosiy yoʻnalish boʻlgan. Zardushtiylik diniga oid turli buyumlar, rasmlar, urf-odat asoratlari qadimgi Xorazm, Soʻgʻd va boshqa oʻlkalarda koʻplab topilgan.
Koʻpchilik tadqiqotchilarning fikricha, “Avesto” yaratilgan hudud Amudaryo sohili, aniqrogʻi qadimgi Xorazmdir. Bu asarda olingan 16 ta yirik hududiy-geografik nomlarning koʻpchiligi Oʻrta Osiyoga taalluqlidir. Bular Xorazm, Soʻgʻd, Baqtriya yurtlari, Hisor, Pomir, Tiyanshan togʻlari, Kaspiy, Orol, Issiqkoʻl suv xavzalari, Amudaryo va Sirdaryolardir.
“Avesto” jahon olimlari tan olgan nodir madaniy yodgorlik va noyob tarixiy manbadir. U dunyoning koʻplab tillariga tarjima qilingan. Kitob fransuz, ingliz, rus, nemis, fors va boshqa tillarda chop etilgan. Asarning jahon madaniyati va dinlar tarixida tutgan oʻrni beqiyosdir. Shuning uchun ham 1999- yil noyabrda YUNESKO bosh konferensiyasi “Avesto” yaratilganligining 2700- yilligini dunyo miqyosida keng nishonlashga qaror qildi, 2001- yil oktabrida Xorazm zaminida “Avesto” va uning insoniyat taraqqiyotidagi oʻrni mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazildi.
Ma’lumki, qadimgi zamon moddiy va ma’naviy taraqqiyoti fanda antik, ya’ni, qadimgi sivilizatsiya deb ataladi Jahonning turli mintaqalarida vujudga kelgan bunyodkorlik va taraqqiyot bora-bora umuminsoniy qadriyatlarga, madaniyatga, sivilizatsiyaga aylandi. Oʻzbekiston esa insoniyat sivilizatsiyasining qadimgi oʻchoqlaridan biri boʻlgan. Demak, oʻlkamizda yashab oʻtgan qadimgi odamlar jahon ravnaqiga, uning bugungi rivojiga oʻzining munosib hissalarini qoʻshganlar. Shu bois bugungi mustaqil Oʻzbekiston xalqlarida milliy gʻurur bilan birga taraqqiyotga, sivilizatsiyaga intilish hissi kattadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |