9. Ўзбек халқининг этник асосини ташкил этган Ватанимиз ҳудудидаги аҳоли, уларнинг ижтимоий-маданий ҳаёти. Dunyoda bironta xalq, millat yo'qki u o'z tarixida boshqa xalqlar bilan munosabatda bo'lmagan bo'lsa. Aloqa avvalo iqtisodiy va madaniy jabhalarda boshlanib, keyin etnik jarayon tusini ola boshlaydi, u yoki bu urug'lar, qabilalar, elatlar va xalqlar o'tmishda qon-qarindoshlik rishtalarini bog'laydilar. Bu jarayon o'z navbatida u yoki bu xalqning shakllanishiga olib keladi.
Bu xususda mashhur tarixchi rus olimi S.L. Tolstov haq gapni aytgan: "Hozirgi zamon O'rta Osiyo xalqlarining birontasi ham qadimgi etnik guruhlarga bevosita borib taqalmaydi. Aksincha, ularning shakllanishida, erli xalqlar va tevarak-atrofdan ko'chib kelgan xalqlar, har xil nisbatda o'z aksini topgan". Bu fikr ayni vaqtda O'rta Osiyo xalqlarning hammasiga ham tegishli fikrdir. O'zbekiston O'rta Osiyoning qadimdan o'troq dehqonchilik madaniyati o'choqlari tarkib topgan hududda joylashgan. Diyorimiz shu bois arxeologiya va ma'morchilik yodgorliklariga boy. Farg'ona vodiysining Seleng'ur g'oridan topilgan qadimgi tosh davriga oid topilmalar va Teshiktoshdan topilgan o'rta paleolit davriga oid odamzod qoldiqlari, bizning yurtimiz Afrika va Old Osiyo bilan bir qatorda insoniyat paydo bo'lgan hududlarda tarkibiga kirganligi hozirgi kunda o’zil-kesil isbotlaydi. Shuningdek, mezolit davriga (o'rta tosh davri) oid Machay g'oridan topilgan yodgorliklar, neolit (yangi tosh) davriga oid ovchilik va baliqchilik madaniyatini o'zida jam qilgan Kaltaminor, janubidagi ilk dehqonchilik madaniyatiga oid bo'lgan Joytun, Hisor tog' madaniyati, bronza davriga oid bo'lgan xilma-xil Chust, Zamonbobo, Sopollitepa, Sarazm, Dalvarzintepa madaniyatlari o'lkamizda qadimgi ajdodlarimiz xo'jaligini jadallik bilan rivojlanganligi isbot qilindi.
O'lkamiz qadimgi aholisini tosh va bronza davrlarida qanday nom bilan atalganliklari biega noma'lum. Ilk bora O'rta Osiyo aholisi xususidagi ma'lumotlar mil. avv. VIII asr yaqin Sharq yozma manbalarida uchrab, ularni umumiy tarzda skiflar nomi bilan yuritishgan. Yunon-rim tarixchilari ham shu nom asosida o'z fikrlarini bayon etgan. Jumladan Polien O'rta Osiyo hududlarida 20 ga yaqin qabilalar borligi xususida o'z asarida sanab o'tadi. Yozma manbalarda skiflarning ikkita yirik qabilasi: saklar va massagetlar xususida ko'proq gap boradi. Ahmoniy mixxat yozuvlarida saklar 3 ta qismga bo'linib ko'rsatiladi (sakaxaumavarka), (sakatigraxauda), (saka-tiay-tara dariya). Etnograf olim Karim Shoniyozov esa, saklarning to’rtinchi guruhi sug'd saklari haqida ma'lumot beradi. Massagetlar xususida ham turlicha fikrlar mavjud bo'lib, ular ko'chmanchi chorvador-harbiy qabilalar bo'lganligi ta'kidlanadi. Temirning kashf etilishi butun mintaqada ishlab chiqarishning rivojlanishiga olib keldi. Natijada keng hududda jumladan O'zbekistonda ham aholi o'sdi. Qadimiy Baqtriya va Xorazmda yashagan hozirgi tojik, o'zbek va qisman turkmanlarning ajdodlari asosan Eroniy tillarning irqiy shohobchasi va qisman turkiylashgan sak yoki skif tillarida gaplashishgan. Umuman, massaget qabilalari konfederatsiya (birikma)siga quyidagi elatlar kirganlar. Apasiaklar-Sirdaryo havzasida, Amudaryoning sharqiy o'zanlari bo'yida va Qoraqumda yashovchilar, Sirdaryoning o'rta oqimida joylashgan daxato'xarlar, Nurota tog'larida joylashgan Sakaxaumavarkalar va hokazolar. Yunon va Rim manbalarining makedoniyalik Iskandar yurishlaridan keyin bergan xabarlariga qaraganda mazkur qabila (elat)larning saklar deb umumiy nomlanish ularning til jihatidan bir etnik jarayon bilan bog'liqligini tasdiqlaydi. O'sha manbalar bu davrda vohalarda yashovchi xalqlar bilan dashtdagi chorva qabilalari o'rtasida etnik va madaniy jihatdan uncha katta farq bo'lmaganligini ko'rsatdi