1992-yil 19-fevral kuni O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan kun sifatida tarix sahifalariga bitilgan. Shu kuni ikki davlat tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida xatlar almashinuvi o‘zaro samarali hamkorlikning izchil rivojlanishiga zamin yaratdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston-AQSh muloqoti xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va normalari, ikki davlatning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilish, bir-birlarining manfaatlari hamda demokratik qadriyatlarga sodiqligini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda. Mamlakatlar o‘rtasidagi sermazmun siyosiy muloqotlar muvaffaqiyatli hamkorlikka xizmat qilmoqda.
2018 yil 15-17 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga birinchi rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi va uning yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi davri boshlangani haqida qo‘shma bayonot qabul qilindi.
Joriy yil 2-3 fevral kunlari AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo O‘zbekistonga tashrif buyurdi va Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi. Tashrif doirasida u Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo – AQSh» (C5 + 1) vazirlar uchrashuvida ham qatnashdi.
Toshkent va Vashingtonda muntazam ravishda bo‘lib o‘tayotgan siyosiy maslahatlashuvlar chog‘ida O‘zbekiston-Amerika munosabatlariga oid dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.
AQSh Kongressi bilan hamkorlik O‘zbekiston-Amerika munosabatlarining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. 2018 yil avgust oyida AQSh Kongressi Vakillar palatasida O‘zbekiston bo‘yicha Kokus shakllantirildi.
O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi savdo munosabatlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha katta imkoniyat mavjud. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oxirgi paytda 61,2 foizga o‘sdi va bu ko‘rsatkich 2019 yil yakunlari bo‘yicha 580 million dollardan oshgan. AQShning General Motors, Hyatt, Hilton, General Electric, John Deere, Boeing, Honeywell, Exxon Mobil, Coca-Cola va boshqa kompaniyalari O‘zbekiston bilan faol hamkorlik qilib kelayotgani fikrimizni tasdiqlaydi.
1993 yilda tashkil etilgan Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida samarali muloqotni amalga oshirishda muhim rol o‘ynamoqda. Ushbu tashkilot muntazam ravishda biznes forumlar va kooperatsion birjalarni o‘tkazib, potensial sheriklar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani mustahkalashga xizmat qilmoqda.
2019 yil iyun oyida Toshkentda birinchi marta AQSh savdo vaziri V.Rossning tashabbusi bilan 13 ta yirik Amerika kompaniyasi ishtirokida savdo vakolatxonasi tashkil etildi.
Davlatlarimiz o‘rtasidagi madaniy va gumanitar hamkorlik ham izchil sur’atlarda rivojlanmoqda. Bu boradagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy hujjat— 2010 yilda qabul qiligan ilmiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimdir. Shuningdek, Toshkent va Sietl, Buxoro va Santa-Fe birodarlashgan shaharlar hisoblanadi.
Ta’lim sohasida O‘zbekistondagi qator oliy ta’lim muassasalari J.Xopkins universiteti, Vashington, Indiana, Kaliforniya va Ogayo shtatlaridagi oliy o‘qsv yurtlar bilan aloqalar o‘rnatgan.
Ta’kidlash joizki, 2019 yil sentyabr oyida Toshkentda Webster universitetining filiali ochildi. Bu MDH mamlakatlaridagi Amerika universitetining birinchi to‘laqonli filiali bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp taklifiga binoan bo‘lib o‘tgan rasmiy tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning yangi tarixiy bosqichini boshlab berdi. Ikki tomonlama savdo aloqalarini kengaytirish, oliy ta’lim va akademik tadqiqotlar, qishloq xo‘jaligi va energetika sohalarida hamkorlik, O‘zbekistonning Butunjahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonidagi hamkorlik borasida o‘zaro anglashuv, 2018 yilda Toshkentda Markaziy Osiyo savdo forumini o‘tkazish to‘g‘risidagi kelishuvlar ushbu tashrifning amaliy natijasi bo‘ldi.
Tashrif davomida mamlakatlarimizda savdo o‘sishi va ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiluvchi iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatini izlash yo‘lida bildirilgan qat’iyatlilik unga alohida ahamiyat kasb etmoqda. Partiyamiz qishloq xo‘jaligi, energetika, kimyo, moliya, turizm, to‘qimachilik sanoati, sog‘liqni saqlash va raqamli texnologiyalar sohalarida yanada yaqin hamkorlik yo‘lga quyilishi tarafdori.
Biz, O‘zLiDeP faollari, O‘zbekiston rahbarining AQShga tashrifi natijalari so‘nggi ikki yil davomida O‘zbekiston-Amerika munosabatlari jadal sur’atlar bilan rivojlanganining mantiqiy yakuni, deb hisoblaymiz. Hamkorlik yo‘nalishlarining biri sifatida parlamentlar va siyosiy partiyalar darajasida o‘zaro tashriflarni yanada faollashtirish zarurligini, bu esa siyosiy hamkorlikni kuchaytirishga ko‘maklashishini ta’kidlaymiz. Umuman olganda, ishonchimiz komilki, bo‘lib o‘tgan tashrif O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida strategik hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish, o‘zaro munosabatlarni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |