Mavlono Lutfiy Sharafiddin Ali Yazdiyning tarixiy dalillarga asoslanib yozilgan va Amir Temur tarixini o‘rganishda birdan-bir qimmatli asar bo‘lgan “Zafarnoma”ning juda ko‘p baytlarini fors tilidan tarjima qilgan (“Zafarnoma” muallifi Sharafiddin Ali Yazdiy ham tarixchi, ham olim, ham shoir bo‘lgan. Uning haqida Alisher Navoiy o‘zining “Majolisun-nafois” asarida qiziq ma’lumotlar beradi36). “Zafarnoma” asarining baytlarini Lutfiy tarjima qilganligi haqida Navoiy shunday deb yozadi: “Va mavlono (Lutfiy – J.Sh.)ning “Zafarnoma” tarjimasida o‘n ming baytdin ortuqroq masnaviysi bor”37. Suyima G‘aniyev nashrga tayyorlagan “Majolisun-nafois”ning ilmiy-tanqidiy matnida Lutfiy tarjima qilgan baytlar soni ikki ming deb xato ko‘rsatilgan (O‘sha kitob, 34-bet).
Alisher Navoiy. O‘zbek xalqining buyuk shoiri, dunyo adabiyotining ulug‘ siymosi Alisher Navoiy qadim o‘zbek adabiy tilining yaratuvchisi, har ikki tilda she’r yozuvchi – ikki til egasi “zullisonayn” nomini olgan genial mutafakkir edi. Navoiy o‘zining juda kup olamshumul asarlari bilan mashhur. Bular: “Xazoyinul-maoniy” (Asar to‘rt devonni o‘z ichiga olgan), “Xamsa” (besh doston: “Hayratul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ai sayyor”, “Saddi Iskandariy”), “Mahbubul qulub”, “Majolisun-nafois”, “Mezonul-avzon”, “Muhokamatul-lug‘atayn” va b. Navoiy fors tilida katta bir devon tuzdi, u fors tilida Foniy taxallusi bilan she’rlar yozar edi. Uning ba’zi asarlari o‘z zamonasidayoq boshqa tillarga tarjima qilindi.
Navoiy asarlarining boshqa tillarga tarjimasi katta ilmiy tadqiqot ishini talab qiladi. Genial shoir, olim, mutafakkir, muarrix Navoiy mohir tarjimon ham edi. U fors-tojik adabiyoti namoyondasi Abdurahmon Jomiyning “Nafahotul-uns” (Yoqimli shabada) degan eng yirik asarini, “Chil hadis” (Qirq hadis) va “Nazmul-javohir” (Javharlar tizmasi) nomli kitobni forschadan o‘zbekchaga tarjima qildi. Bundan tashqari, Farididdin Attorning “Mantiqut-tayr” asaridan ayrim hikoyalarni tarjima qilib, o‘zi ham bir qancha hikoyalar yozib, unga “Lisonut-tayr” degan nom berdi.
XX asrning 20-yillariga qadar Navoiy tarjima qilgan “Qirq hadis”ning bir qancha qo‘lyozmalari va litografik nashrlari bor. Qo‘limizda bu asarning ma’lum bir tanqidiy matni bo‘lmagani uchun Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan qo‘lyozmadan (inr. № 9762) foydalandik. Jomiy arab tilidan forschaga ag‘dargan “Qirq hadis”ni Navoiy o‘zbek tiliga tarjima qilganini aytib, o‘zining ustozi va do‘stiga tahsin va tashakkur bildiradi va bu asarni qachon tarjima qilgani haqida muqaddimada yozadi:
Chun safo ahli pok far Jomiy,
Pok farjomu pok farjomi.
Ul yaqin sori dastgir manga,
Qiblau ustodu piyr manga,
Ki tutubdur jahonni tasnifi,
Nazm devonu nasr ta’lifi…
Qo‘lyozmada sahifa boshida arab tilidagi matn, pastda esa o‘zbekcha tarjimasi beriladi. Litografiya yo‘li bilan nashr qilingan nusxada (inv. №5536) esa boshda arabcha matni, o‘ng tomonda Jomiyning forscha tarjimasi, chap tomonda Navoiyning o‘zbekcha tarjimasi berilgan. Bu nusxada Jomiyning kirish so‘zi (fors tilida) va Navoiyning muqaddimasi bosilgan. Navoiy Jomiyning “Nafahotul-uns min xazirotil-quds” (Pok huzurlardan do‘stlik hidlari) kitobini bir qancha o‘zgarishlar bilan tarjima qilib, unga “Nasoimul-muhabbat min shamoyimil-futuvvat” (“Muhabbat shabadasi”) deb nom qo‘ygan. Qo‘lyozma Sharqshunoslik instituti fondida saqlanmoqda (inv.№ 857). Atoqli navoiyshunos Olim Sharafiddinov o‘zining “Alisher Navoiy” degan asarida ham shunday fikrni ilgari surgan edi38.
Navoiyning o‘zi “Lisonut-tayr” asarini Farididdin Attorning “Mantiqut-tayr” kitobining tarjimasi deb hisoblaydi. Lekin ba’zi bir olimlar buni e’tirof qilmay, uni butunlay original asar tarzida tekshirib, Navoiyning tarjima qilgan hikoyalarini uqtirib o‘tmaydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |