6.5. Leksikografiya tarixidan kuzatishlar
Tarjima tarixini o‘rganar ekanmiz, lug‘at tuzish tarixi va bu sohadagi tajriba va urinishlarni chetlab o‘tish mumkin emas. Chunki bu ikki soha bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir. Lugatchilik ishi katta tarixga ega. O‘zbek va fors tillarini muhoyasa qilib tekshirgan ulug‘ Alisher Navoiyning “Muhokamatul-lug‘atayn” asari uning qariyb yarim asr mobaynida olib borgan kuzatishlarining ajoyib samarasi sifatida yuzaga chiqdi. Bu asarini Navoiy umrining oxirida, 1419-yilda yaratgan. “Muhokamatul-lug‘atayn” bir necha marotaba nashr etilgan. Chunonchi, Parijda (1844 yil), Qrimda (1895 yil), Istanbulda (1895 yil) va Qo‘qonda (1917 yil) bosilib chiqqan. O‘zbekistonda bu asar 1917-1965 yillar orasida uch marta nashr qilingan.
Navoiy asarlarining leksikasini talqin qiluvchi lug‘atlar ham yaratilgan. Shunday lug‘atlardan biri “Al-lug‘otun-Navoiya va al istish hodatul chig‘atoiya” (Navoiy lug‘ati va chig‘atoy tili dalillari) asarini Aloyi binni Muhibiy 1560-yilda tuzgan. Bu asarni ko‘pincha lug‘atning birinchi bobi “Harful-alfi maftuha” boshida kelgan so‘zdan olinib, qisqartirilgan holda “Abushqa” ham deydilar. Ilmiy jamoatchilik o‘rtasida bu lug‘at shu nom bilan mashhurdir.
“Abushqa”ni 1869-yilda rus olimi Velyaminov-Zernov Sankt-Peterburgda nashr qilgan56 va unga fransuz tilida so‘z boshi yozgan. Qozon va Boku shaharlarida ham “Abushqa” lug‘ati bosilgan.
Lug‘at muallifi Navoiyning barcha (badiiy, ilmiy, tarixiy va boshqa) asarlaridagi so‘zlarning lug‘aviy ma’nolarini beradi, hamda uning she’r, g‘azal va dostonlaridan misollar keltiradi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan “Arabcha-o‘zbekcha-tojikcha lug‘at” “Muntaxabul-lug‘ot” (Tanlangan so‘zlar lug‘ati) bilan shu nomdagi “O‘zbekcha-tojikcha lug‘at” alohida diqqatga sazovordir. Har ikki lug‘atning muallifi Muhammad Rizo bo‘lib, biri 1798-yilda, ikkinchisi 1799-yilda yozilgan. Bu asarlar Xivada tuzilgan bo‘lib, “Abushqa”ga o‘xshash, asosan Navoiy asarlaridagi so‘zlarni izohlaydi va arab, fors so‘zlarini tarjima qilib beradi. Muallifning bu lug‘atga yozgan bosh so‘zida lug‘at tarixiga oid va ba’zi bir terminlarni izoh qilish masalasida qimmatli fikrlar bor. Muallifning bu lug‘atni tuzishdan maqsadi uning bosh so‘zida aytilgan. Chunonchi, u yozadi:
“...Xotiri fotirg‘a muqarrar qilindiki, risolai lug‘ot fanida jam’i qilg‘oy to ahbobg‘a boisi yod ovarliq va ashobg‘a sababi madh gustarliq bo‘lg‘oy, bar vajhiki, atnob va askordin mubarro, ajoz va ixtisordin muarro bo‘lg‘oy, agarchandiki bu bobda kitoblar tasnif qilmishlar va mujalladilar tartib bermishlar,.. ...“Navodirush-shabob” va “Badoyeul-vasat” bo‘lg‘oy, biror bayt az jihati istishhod tariqasida kelturdim. Muxotab ko‘ngliga izola i shak va izdiyodi yaqin bo‘lg‘oy deb va agar fors bo‘lsa majmaul forsdin jam’ va intihob qildim...”
Muallif Navoiy va Fuzuliy asarlarida uchragan so‘z va iboralarning to‘g‘ri va majoziy ma’nolarini bir-biriga qiyos qilib tushuntirib beradi. Bitta misol: “Mil – sulsi farsah buvad, amir “Xayratul abror”da buyururlar. Masnaviy:
O‘q kabi turlar bori endin zalil,
Kishidin ixroj bo‘lub mil-mil.
Va yana mil ulkim, podshohlar g‘azab qilg‘on odamini ko‘ziga qizutub chekorlar, no bino bo‘lur ermish, bu ma’nig‘a mavlono Fuzuliy buyururlar. Masnaviy:
Ey Fuzuliy boxmayam to g‘ayra har hunin mija,
Otashin bir mildurkim, chashmai g‘ayrat chekar.
Yana ulkim, dubulg‘aning ustida baland va murtafe’ bo‘lub turg‘on, mil derlar, chunonchi amir “Farhod va Shirin”da Farhodning ikki tosh bila Xisravning til mig‘fari va mahjai alam uchurg‘oni bayonida buyurur. Masnaviy:
Ikki tosh qilib sur’atda ta’jil,
Payopay uchti yetgoch mahjai mil» (217-bet).
1901-yilda Toshkentdagi bosmaxonada Is’hoqxonning “Lug‘ati sitta al-sina” (Olti tilli lug‘at) nomli kitobi bosilib chiqadi. Bunda arabcha, forscha, turkcha, o‘zbekcha, hindcha va ruscha mingga yaqin so‘z taqdim etilgan. (Olim Usmonning “O‘zbekistonda rus tilining ilk targ‘ibotchilari” nomli asarining 46-betiga qarang).
Biz Alisher Navoiy yashagan davrga qadar va undan keyin chiqqan ikki tilli va ko‘p tilli lug‘atlar haqida qisqacha ma’lumot berdik. Lug‘at tuzish tajribasining katta tarixi bor. Lug‘at tuzish prinsiplari ham xilma-xil. Bularni qunt bilan o‘rganish, lug‘at tuzish tarixi ustida ilmiy tekshirish ishi olib borish lug‘atshunoslarimizning muhim vazifasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |