6.3. Diniy asarlarning tarjimalari
“Tazkirai Bo‘g‘roxoniy”. Bu birinchi qoraxoniy Sotuq Bo‘g‘roxonga (344/955-yilda o‘lgan) bag‘ishlanib yozilgan so‘fizmga oid asardir. Muallifi Ahmad bin Sa’diddin al O‘zgan an-Namongoniy bo‘lib, tojikchadan o‘zbek tiliga katta o‘zgarishlar bilan tarjima qilingan. Tarjimoni ma’lum emas. Qo‘lyozma XIX asrning birinchi yarmida ko‘chirilgan. Bu asarning o‘zbekcha ikkinchi, qisqartirilgan tarjimasi ham bor (inv. № 1818-1). Tarjimon Niyoziy Qashg‘ariy qo‘lyozmani o‘zi 1230/1830-yilda ko‘chirgan.
“Tazkiratul-avliyo”. Shayx Farididdin Muhammad bin Ibrohim Attor (627/1230-yilda vafot etgan) bu asarni yozgan. Kitob inqilobdan ilgari bir necha marta ko‘chirilgan va o‘zbek, tatar tillariga tarjima qilingan. Xorazmda XIX asrning birinchi yarmida noma’lum tarjimon tomonidan o‘zbek tiliga ag‘darilgan. 1243/1827–1828-yilda qisqartirilgan varianti ham o‘zbekchaga tarjima qilingan (inv. № 77-P). Bundan boshqa yana xo‘ja Shoh bin Sayd Ahmad ham 1275/1858-yilda tarjima qilgan (inv. № 1759). Bu tarjima 1874-yilda (inv. № 868) va 1906-yilda (inv. № 870) ham ko‘chirilgan.
“Silsilai xo‘jagoni naqshbandiya” (Naqshbandiya xo‘jalarining yo‘li) asarining muallifi Tohir Muhammad bin Muhammad Toyibi Xorazmiy bo‘lib, bu asar “Tazkirai Tohir eshoni” degan nom bilan mashhurdir. Asar Abulg‘ozi Muhammad Bahodirxon davrida 1744-yilda yozilgan. Naqshbandi tariqatida 32 ta shayx haqida qisqacha ma’lumot berilgan. Bu asarni 1327/1909-yilda beshariqlik domla Muhammad Yoqub oxun o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Xo‘ja Niyoz so‘fi bin Eshbobo 1912-yilda ko‘chirgan. Asarning asl nusxasi Xorazmda dastlab XIX asr o‘rtasi, so‘ngra 1894-yilda ko‘chirilgan.
“Ravzatush-shuhado” (Shahidlar bog‘i) asarining muallifi 910/1504-1505-yilda vafot etgan Husayn bin Ali al Voiz al Koshifiy bo‘lib, Muhammad payg‘ambar, imom, xalifalarning tarixi haqida yozilgan. Bu asarni ozarbayjon tiliga mashhur shoir Muhammad bin Sulaymon Fuzuliy (1498-1556) tarjima qilgan. Sayqaliy ham buni she’riy yo‘l bilan o‘zbekchaga ag‘dargan. Mazkur kitobni Xorazmda domla Qurbonniyoz bin usta Polvonniyoz ham tarjima qilgan.
“Tarjimai risolai miata salavot” Muhammadning hayoti haqida yozilgan asardir. Tarjimon hoji Abulfatx mudarrisi Multoniy kitobni arab tilidan fors tiliga tarjima qilib, o‘zi ham sharhlar yozgan, qachon tarjima qilingani ma’lum emas. Asar XVII asrda ko‘chirilgan.
“Al-Qur’on” XIII-asrda tarjima qilingan, bu qo‘lyozmada avvalo arabcha matn, so‘ngra tojikcha va o‘zbekcha tarjimalari berilgan. Bu tarjima qadimgi o‘zbek tilining tarixini o‘rganishda katta ahamiyat kasb etadi. Qur’onning fors tiliga yana bir qancha tarjimalari bor (inv. №2172, 2891 va h).
Do'stlaringiz bilan baham: |