Ko’rgazmali-amaliy san’at.
Bu san’at turiga turli materiallardan turmushda foydalanish maqsadida
yaratilgan, lekin bir paytning o’zida estetik ehtiyojni ham qondiradigan, go’zallik ruhini ufurib turadigan, bezaklilik
xususiyatiga ega narsalar dunyosi kiradi. Narsalar dunyosi deyishimizning sababi shundaki, ko’rgazmali-amaliy san’at
mohir zargar ishlagan jajji uzukdan tortib, Xiva gilami-yu, ulkan devoriy rasmlar – pannolargacha xilma-xil hajm va
shakllarda kompozistiya, ritm, ranginlik orqali in’ikos etgan go’zallikni o’z ichiga oladi.
Bu san’at turining ko’rinishlari shu qadar xilma-xilki, ularni sanab chiqishning o’zi juda ko’p vaqtni oladi. Ayni
paytda bu ko’rinishlar aslo bir-birining o’rnini bosolmaydi, bir-birini takrorlaydi ham.
Ko’rgazmali-amaliy san’at qadimdan, mehnat qurollari, hunarmandchilikning rivojlanib borishi bilan kundalik
turmush ehtiyoji uchun qo’llaniladigan ash’yolarni bezash, me’morlik inshootlarini turli naqshlar va koshinlar
vositasida go’zallashtirish orqali estetik telablarga javob berib keladi. Aynan ana shu san’at turida
hunarmandchilikning san’atga aylanishi ro’y beradi. M., aytib o’tganimizdek, XVIII-XIX asrlardagi Buxoro-Qo’qon
uslubida naqshlangan go’zal mis qumg’onlar dastlab faqat o’zining muayyan maqsadga xizmat qilishi bilan diqqatga
sazovor edi. Lekin hozirgi paytda ular har biri betakror san’at namunasi, misgar ustaning san’atkorlik mahorati
tajassum topgan ma’naviy qadriyat tarzida idrok etiladi. Yoki yog’och o’ymakorligini olaylik, uni biz hozirgi paytda
hunar emas, san’at mahsuli tarzida qabul qilamiz.
Ko’rgazmali-amaliy san’at turi deganda, yuqorida atganimizdek, biz faqat xalq amaliy san’atini
tushunmasligimiz kerak. Qadimlardan bizgacha etib kelgan devoriy rasmlarni ham unutmasligimiz lozim. Xalchayon,
Fayoztepa, Bolalik tepa, Afrosiyobdan topilgan devoriy tasviriy san’at namunalari o’zining monumentalligi bilan
hanuzgacha kishini hayratga soladi. Ana shunday an’anaviy san’at namunalarini hozir zamonaviy binolarga tatbiq
etish yaxshi natijalar berayotgani bizga ma’lum. M.,CHingiz Ahmarovning Navoiy teatri foyesi devorlariga ishlagan,
B.Jalolovning «Bahor» konstert zali devorlariga ishlagan monumental ponnolari shunday go’zal va ulug’vor san’at
asarlaridir.
Shunday qilib, bu qadimiy va doimo navqiron san’at turi atrofimizda, shaharsozlikda, oilaviy muhitimizda
gulzoru manzaralar, gulchin peshtoqlar, o’ymakor ustunlar, devoriy rasmlar, me’moriy releflar, uzuklaru sirg’alar v.h.
shaklida namoyon bo’lib, o’zining xilma-xil estetik ko’rinishlari bilan kundalik hayotimizni go’zallashtirishga, badiiy-
estetik didimizning yuksalishiga hissa qo’shib turadi.
H
Do'stlaringiz bilan baham: |