3. Demokratiya – fuqarolar ijtimoiy faolligini oshirish, erkin va farovon hayotni barpo etishning zaruriy sharti.
Jamiyatimizni yanada rivojlantirish va sifat jihatidan yangilash, demokratik jamiyat qurishda inson huquqlari, erkinligi va faolligini ta’minlashning eng muhim ustuvor yo’nalishi - bu inson huquqlari va erkinliklari, so’z va matbuot erkinligi, shuningdek oshkoralik, jamiyatda o’tkazilayotgan islohotlarning ochiqligini ta’minlaydigan demokratik printsiplarni so’zda yoki qog’ozda emas, amaliy hayotda joriy qilishdir, desak, har tomonlama to’g’ri bo’ladi.
Axborot sohasini jadal rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari - matbuot, radio-televideniya faoliyatini erkinlashtirish fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etish jarayonining uzviy tarkibi qismiga aylantirish zarur. Qisqa qilib aytganda, ommaviy axborot vositalari tom ma’noda to’rtinchi hokimiyat darajasiga ko’tarilmogi lozim.
O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlashicha, “bugun biz demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, aholining siyosiy faolligini oshirish, fuqarolarning mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy hayotidagi amaliy ishtiroki haqida so’z yuritar ekanmiz, albatta, axborot erkinligini ta’minlamasdan, ommaviy axborot vositalarini odamlar o’z fikr va g’oyalarini, sodir bo’layotgan voqealarga o’z munosabati va pozitsiyasini erkin ifoda etadigan minbarga aylantirmasdan turib, bu maqsadlarga erishib bo’lmasligini o’zimizga yaxshi tasavvur etamiz.9
Mustaqillik biz uchun, avvalo, o’z taqdirimizga o’zimiz egalik qilish huquqi, kelajagimizni o’z qo’limiz bilan barpo etish, demokratik jamiyat qurishda inson erkinligi va faolligini ta’minlash, yurtimiz boyliklaridan faqat xalqimiz va Vatanimiz manfaatlari yo’lida foydalanish demakdir. Mustaqillik biz uchun muqaddas ma’naviy qadriyatlar, milliy an’analarga tayangan va sadoqat ruhida yashash, ana shu bebaho merosni asrab-avaylab, uni kelgusi avlodlarga yanada boyitgan holda yetkazish demakdir.
Ayni vaqtda mustaqillik bizdan zimmamizga olgan xalqaro majburiyatlarni bajarishni, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining talablari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlariga qat’i amal qilib yashash mas’uliyatini yuklaydi.
Avvalo, demokratik jamiyat qurishda inson erkinligi va faolligini ta’minlash - sud hokimiyati, sud organlari mustaqil bo’lib, hammaga birdek ko’z bilan qarashi - u oddiy fuqaromi, mansabdor yoki amaldormi - har qanday xolatda ham qonun ustuvorligining ta’minlanishiga erishishdir. Bu talab, avvalo, ma’muriy idoralar, qonunni muxofaza qiluvchi organlar va tashkilotlarga tegishlidir.
Eng muhimi - xalqimiz o’zining sabru matonatini, donishmandligu bagrikengligini, mehnatsevarlik fazilati va bunyodkorlik qudratini, belgilangan maqsad sari avvalo o’z kuchi va saloxiyatiga tayangan xolda, qat’iyat bilan borishga qodir ekanini butun dunyoga namoyon etdi. Bugun oldimizda yuksak demokratik jamiyat qurishda inson erkinligi va faolligini ta’minlash bo’yicha egallanishi lozim bo’lgan bir qancha marralar turibdi.
Yuqorida zikr etilgan muhim vazifalar, printsip va ustuvor yo’nalishlar, ochiq aytish kerakki, jamoatchiligimiz, xalqimiz uchun yangilik emas. Bu vazifalarni amalga oshirishni mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlab mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik va bozor isloxotlarini mantiqiy va izchil davom ettirish zarurati taqozo etmoqda. Bu yo’nalishlarni bir-biri bilan uzviy bog’liq, bo’lgan, yagona tizim sifatida ifoda etilgan maqsad va vazifalar dasturi deb qabul qilsak, aslo xato bo’lmaydi.
Qonun ustuvorligi, insonning huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlamasdan turib fuqarolik jamiyatini qurish haqida so’z yuritishga hech qanday asos qolmaydi. Bu printsiplar Konstitutsiyamizda aniq belgilab qo’yilgan, ammo yashirishning xojati yo’q, ular amalda xozircha o’zining to’liq, ijrosini topmoqda, deya olmaymiz. Buning muhim sabablaridan biri sud hokimiyatining yetarli darajada samarali faoliyat yurita olmayotgani bilan bogliq edi.
Shuning uchun ham xozirgi kunda yuridik huquqiy normalarni erkinlashtirish va yangilash, sud organlari faoliyatining tashkiliy shakllarini takomillashtirish bo’yicha rivojlangan demokratik mamlakatlar tajribasini har tomonlama chuqur o’rganib chiqib, demokratik jamiyat qurishda inson erkinligi va faoliyatini ta’minlash dolzarb vazifa bo’lib qolmoqda.
Inson huquqlariga rioya etilishi bo’yicha milliy monitoring tizimini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Shuni alohida ta’kidlash zarurki, nafaqat qonunchilik, balki qonunlarni amaliyotda qo’llash, jazo tizimini tubdan qayta ko’rib chiqish borasida ham jiddiy o’zgarishlar amalga oshirildi.
Sud huquq, tizimini isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlar, jumladan, sudlar, prokuratura, sud xujjatlari va boshqa organlar xujjatlarini ijro etish to’g’risidagi qonunlarning qabul qilinishi, sudlarni jinoyat va fuqarolik ishlari bo’yicha ixtisoslashtirish munosabati bilan qator kodekslarga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish odil sudlovning sifatini oshirish va ishlarni ko’rib chiqish muddatlarini qisqartirishni ta’minlamoqda.
Prezidentimiz tomonidan hayotga tadbiq etilgan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi” ushbu sohani rivojlantirishda islohotlarning uzviy davomi bo’ldi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, jinoiy-huquqiy sohadagi siyosatni takomillashtirishda jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini yanada liberallashtirish va insonparvarlik tamoyillariga muvofiqlashtirish eng muhim yo’nalishga aylandi. Ma’lumki, O’zbekistonda 2008 yilning yanvaridan boshlab o’lim jazosi bekor qilindi va uning o’rniga umrbod yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo turi joriy etildi. Bu borada “Xabeas korpus” institutining joriy etilishi, ya’ni 2008 yildan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga sanktsiya berish huquqi prokurordan sudga o’tkazilishi printsipial qadam bo’ldi. Mamlakatimizda jinoiy-huquqiy sohani liberallashtirish borasidagi islohotlar haqida gapirganda, jinoyat-protsessual qonunchiligimizga kiritilgan o’zgartishlarga muvofiq tergov va shaxsni qamoqda saqlash muddatlari qisqartirilganini ta’kidlash lozim. Shuningdek, huquqni qo’llash va sud amaliyotiga 2001 yildan boshlab yarashuv instituti kiritildi va u samarali faoliyat ko’rsatmoqda. Sud qarorlari ijrosini to’xtatib turish huquqi esa prokuratura vakolatlari doirasidan chiqarildi. Tuman va shahar prokurorlarining tergov va ayblanuvchini qamoqda saqlash muddatlarini uzaytirish huquqlari bekor qilindi.
Xalqimizning asriy orzu-umidlari va intilishlariga javob beradigan, ertaga o’rnimizga keladigan avlodlarga ulkan imkoniyat va istiqbollar eshiklarini ochadigan hayotga qadam qo’ydik.
Ta’bir joiz bo’lsa, jamoatchilik fikri - fuqarolik jamiyatining xolatini bamisoli o’zida aniq aks ettiradigan bir ko’zgu. Lekin bizda jamoatchilik fikrini o’rganish ham, uni shakllantirish ham yaxshi yo’lga qo’yilmaganini, bunday yondashuv siyosiy hayotimizning doimiy belgisiga aylanib ulgurmaganini taassuf bilan qayd etishimiz lozim. Jamiyatimizni yanada demokratlashtirish va fuqarolik institutlarini shakllantirish, demokratik jamiyat qurish inson erkinligi va faolligini ta’minlash hamda axoli siyosiy faolligining o’sishi, uning siyosiy, ijtimoiy va davlat hayotida nechog’li faol ishtirok etishga bog’lik.
Aynan mustaqillik davrida har tomonlama o’zini oqlagan, tobora hayotimizda ahamiyati kuchayib borayotgan Fuqarolarning o’zini -o’zi boshqarish organlari -mahalla instituti, turli jamoat birlashmalari hamda tashkilotlarini rivojlantirish va mustahkamlash masalasi bizning doimiy e’tiborimizda turishi lozim. Odamlarimiz uchun muqaddas bo’lgan ma’naviy va diniy qadriyatlarni tiklash, ko’p asrlik urf-odatlarimiz va an’analarimizga tayanib ish ko’rganimiz qaddimizni rostlash imkonini berdi, mamlakatimizni parokandalik va boshboshdoqlik, xalqimiz tabiatiga yot bo’lgan ekstremizm va aqidaparastlik botqog’iga botib ketish xavfidan saqlab qoldi.
Istiqlolning ilk kunlaridanoq eski, qotib qolgan mafkuraviy aqidalardan voz kechishga, ma’naviy yangilanishga, odamlarning qalbi va ongiga milliy istiqlol g’oyasi printsiplarini singdirishga yo’naltirilgan aniq siyosat olib borildi. Bu esa, o’z navbatida, yurtdoshlarimizning tafakkurini o’zgartirishda, islohotlarni joriy etishda yangicha yondashuvlarni shakllantirish, jamiyatimizda diniy bag’rikenglik, millatlararo totuvlik va konfessiyalar o’rtasida murosa muhitini mustahkamlashda sezilarli ta’sir ko’rsatdi.
O’zbekistonda inson erkinligi va faolligini oshirishga doir kafolatlar, amaliy choralar Sovet Ittifoqining tezkorlik bilan parchalanib ketishi ana shunday shiddat bilan sobiq sovet respublikalarining suverenlashuviga olib keldi.
Mustabid, o’ta markazlashgan siyosiy tizimdagi Sovet Ittifoqi davr sinovlariga dosh berolmadi. Ittifoqning parchalanishi oqibatida O’zbekiston davlat mustaqilligini qulga kiritdi. Respublika o’z rivojlanish yo’lini tanlab, ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy davlatni barpo etishga intilib, mustaqillikni konstitutsiyaviy asosda rivojlantirish va mustahkamlash uchun o’z Asosiy qonunini yaratishga qaror qildi.
O’zbekiston aholisi mustabid tuzum negizlaridan voz kechib, rivojlanishning huquqiy davlat barpo qilish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish bilan bog’liq demokratik yo’lini tanladi.
Demokratlashtirish jarayoni davlat hayotinig shunday tashkil etilishini nazarda tutadiki, u jamiyat barcha bug’inlarining uyg’un faoliyati bilan ajralib turadi. Qonunning ustunligi, fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini hal etishdagi faol ishtirok etishlari ularning huquqi va erkinliklari kafolatini ta’minlaydi.
Xo’sh, asl demokratik davlat va demokratik jamiyat qurilishining universal tamoyillari qanaqa?
birinchisi - Konstitutsiya va qonunning ustunligi;
ikkinchisi - fuqarolarning teng huquqliligi;
uchinchisi - inson huquqlari va erkinliklarining ustuvorligi;
to’rtinchisi - xalqning erkin xoxish-irodasi;
beshinchisi -hokimiyat tarmoqlarining taqsimlanishi;
oltinchisi - hokimiyat organlarining saylab qo’yilishi;
yettinchisi - hokimiyat organlarining saylovchilarga bo’ysinishi, jamoatchilik nazorati;
sakkizinchisi - tayinlash yoli bilan shakllanadigan davlat organlarining hisob berish burchi;
to’qqizinchisi - inson huquqining davlat huquqidan, xalqaro huquqning milliy huquqdan ustunligi.
Ushbu klassik tamoyillarga demokratiyaning universal uch me’zoni ya’ni:
a) xalqning qarorlar qabul qilish jarayonlaridan xabardorligi, ushbu jarayonlarda ongli faol ishtirok etishi;
b) hukumat qarorlari, qonunlar ijrolari xalq tomonidan nazorat qilinishi (jumladan, jamoatchilik nazorati);
v) oddiy fuqarolarning davlatni, jamiyatni boshqarishda ongli faol ishtiroki qo’shilib, xaqiqiy demokratik sivilizatsiyaga, demak, demokratiyaning davlat va jamiyat qurilishining oliy, madaniy shakliga aylanishiga asos bo’ladi.
Ma’lumki, inson fikr yurituvchi mavjudoddir, uning erkinligi va faoliyatini oshirish bo’yicha kafolatlar, amaliy choralar O’zbekiston Respublikasi Qonununchiligida o’z aksini topgan. Shuning uchun atrofdagilar bilan o’z fikrlar yuzasidan o’rtoqlashib, muloqotda bo’lishdek tabiiy ehtiyoj inson tabiatiga xos xususiyatdir. Odamlarning turlicha fikr yuritishlari tabiiy xol. Biroq, hokimiyat tomonidan kelib chiqadigan har xil turdagi taqiqlar va cheklashlar insonning o’z fikrini erkin ifodalash huquqini bo’g’adi yoki undan butkul mahrum qiladi. Namoyishlar, ko’chada tinch yurishlarni tashkil etishni huquqiy taqiqlash insonni o’z fikrlarini erkin ifodalashdan maxrum qilmaydimi? Senzura to’g’risidagi qonun insonning, u qaysi kasb egasi bo’lishidan qat’iy nazar, ijodiy tafakkuri ustidan nazorat o’rnatilishini anglatmaydimi?
Erkinlikning har bir turi boshqa turining asosida yotadi. Erkinlikning barcha turlari har qanday xolatda ham bir-biri bilan o’zaro bog’langan, shuning uchun ulardan birortasini cheklash boshqasini ham cheklashga olib keladi. Agar inson so’z erkinligidan hamda erkin faoliyatini yuritishdan mahrum etilib, tilsiz, itoatkor mavjudodga aylantirilsa, shaxsiy erkinlik to’g’risida gap bo’lishi mumkinmi? 1789 yildagi Inson va fuqaro huquqlari Deklaratsiyasida so’z erkinligi huquqi “insonning eng qimmatli huquqlaridan biri” deb belgilangani asossiz emas.
Fuqaro huquqlari va erkinliklarining konstitutsiyaviy mustahkamlanishi beqiyos ahamiyatga egadir. Ammo ularni amalga oshirishning kafolatlangan imkoniyatlari bo’lmaganda edi, ular quruq gapligicha qolib ketavergan bo’lardi.
O’zbekistonda inson erkinligi va faolligini oshirish bo’yicha ko’plab kafolatlar milliy va xalqaro qonunchilikda o’z aksini topgan. Bu borada shunday savol tug’ilishi mumkin: O’zbekistonda inson erkinligi va faolligini oshirishga doir qanday kafolatlar belgilangan? O’zbekistonda inson erkinligi va faolligini oshirish bo’yicha quyidagi kafolatlar mavjud:
- fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini davlatning o’zi ta’minlashi;
- mustasnosiz har bir shaxsga o’z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish huquqining belgilanganligi;
- har bir kishi davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g’ayriqonuniy hatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilishi mumkinligi;
- voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg’iz keksalarning barcha huquqlari davlat himoyasidaligi;
- xotin-qizlar va erkaklar teng huquqda ekanligi.
Dunyoning ko’pgina mamlakatlarida inson erkinligi va faolligini oshirish bo’yicha kafolatlarni ta’minlash uchun tashkil etilgan ombudsman institutlari mavjud. Bunday lavozim ilk marta Shvetsiyada XIII asrda paydo bo’lgan. Faqat XX asrga kelib u boshqa mamlakatlarda ham rivojlana boshladi. OMBUDSMAN (shved. Nombudsman — biror kishi munosabatlarining vakili) — ba’zi mamlakatlarda parlament tomonidan maxsus saylangan (tayinlangan), davlat organlari harakatlarining qonuniyligi hamda fuqarolar huquq va erkinliklariga rioya etilishini kuzatuvchi mansabdor shaxs.
Ayrim mamlakatlarda “Xalq, huquqiy himoyasi”, boshqasida “Fuqaro huquqlari bo’yicha vakil”, ba’zilarida “Ma’muriy ishlar bo’yicha parlament komissari” deb ataladi.
1995 yil 23 fevralda Oliy Majlisning maxsus qarori bilan O’zbekiston Respublikasida ham parlamentning inson huquqlari bo’yicha vakili lavozimi tashkil etildi. Bu lavozimning joriy etilishi inson eng oliy qadriyat sifatida, uning huquq va erkinliklari tan olinadigan huquqiy davlatni bunyod etish hamda insonlarni erkinligi va faoliyatini oshirishda muhim hodisa xisoblanadi. 1997 yilning 24 aprelida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo’yicha vakili faoliyatini tartibga soluvchi maxsus qonun (“Oliy Majlisning Inson huquqlari bo’yicha vakili (ombudsman) to’g’risida”gi Qonun) qabul qilindi. Ombudsman mansabdor shaxs bo’lib, unga davlat organlari, fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari to’g’risidagi amaldagi qonun hujjatlariga rioya etilishining samaradorligi ustidan parlament nazoratini ta’minlash vakolatlari berilgan.
O’zbekiston Respublikasi “Oliy Majlisining Inson huquqlari bo’yicha vakili (ombudsman) to’g’risida”gi Qonuning yangi tahriri 2004 yil 27 avgustda qabul qilindi. Unda O’zbekiston Respublikasining Inson huquqlari bo’yicha vakili instituti inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to’ldiradi deb qayd etiladi. Vakil O’zbekiston Respublikasining inson huquqlari to’g’risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va ularni xalqaro huquq normalariga muvofiqlashtirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi, fuqarolarning inson huquqlari sohasidagi ijtimoiy ongini oshirishga ko’maklashishi ta’kidlab o’tilgan. Vakilning hisoboti qonun hujjatlariga muvofiq har yili O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislarida eshitiladi. Parlament ombudsmani fuqarolik jamiyati instituti xisoblanib, unga yuklatilgan vazifalar va majburiyatlarni amalga oshirish, shuningdek, aholi ishonchini qozonish maqsadida inson huquqlarining barcha kategoriyalarini yanada to’liqroq ta’minlab berish bo’yicha milliy va xorijiy hamkorlari bilan faol hamkorlik olib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |