Qalqonsimon bez – gl. thyreoidea juft organ bo’lib, hiqildoqning yon tomonida joylashadi. O’ng va chap bo’laklari ingichka bo’yincha orqali bir – biri bilan birlashib turadi. Qalqonsimon bez turli hayvonlarda har xil shaklda va katta – kichiklikda bo’ladi. Qoramollarda bez noto’g’ri uchburchak shaklda, uzunligi 4-6 sm, cho’chqalarda ham qoramollarnikiga o’xshash, lekin qalinroq bo’ladi. Qorako’l qo’ylarda bodom shaklida, uzunligi 3,2 sm, qalinligi 0,6 sm, eni 1,2 sm bo’lib, 10-12 kekirdak xalqalarigacha boradi. O’ng va chap bezning og’irligi 3,5 g. Otlarda ellips shaklda, qoramtir – qizg’ish yoki to’q-qizil rangli, konsistensiyasi zich, ichki qismi bir qancha follikuladan iborat bo’ladi. Bu bez tomonidan ishlab chiqarilgan tiroksin yoki triyodtironin gormoni ko’p miqdorda yod mikroelementi saqlaydi. Ikkala gormon ham organizmning barcha to’qimalari tomonidan kislorodni yutilishiva normal opsishiga ta’sir ko’rsatadi. Kalsitonin qon tarkibidagi kalsiy miqdorini kamayishiga sababchi bo’ladi. Kalsitonin paratgormonga qarama-qarshi ta’sir ko’rsatadi.3
Qalqon oldi bezlari - gl. parathyreoidea juda mayda, ikki juft bo’ldi. Bir jufti qalqonsimon bez kapsulasi ichida, ikkinchisi tashqi bez hisoblanib, birmuncha oldinroqda, uyqu arteriyasi bo’lingan joyga yaqin turadi, shakli yumaloq ellipssimon bo’ladi. Kichik bo’lishiga qaramay bu bez juda muhim gormon ishlab chiqaradi, chunki u hayvonlar organizmida asosiy tuzlar almashinuvida katta rol o’ynaydi. Shuning uchun ham bu bez olib tashlansa, hayvonlar tezda nobud bo’ladi. Bu bezlar paratgormon gormonini ajratadi. Gormon ishlab chiqarilishi qonda kalsiyning miqdoriga bog’liq. Bu suyak va ichaklardan sopriluvchi kalsiyning kam yoki ko’pligidan kelib chiqadi. Uning uzunligi qoramollarda (tashqisi) 1,2 sm, quylarda 0,5 mm, echkilarda 0,4 mm, cho’chqalarda 1,4 mm, otlarda 1-1,2 sm, itda 2-4 mm bo’ladi. Qorako’l qo’ylarda og’irligi 94 mg, echkilarda 93 mg keladi.
To’sh orti bezi - thymus yosh hayvonlarda yaxshi rivojlangan bo’ladi. Hayvonlar voyaga etgandan so’ng sekin-asta quriy boshlaydi. Qari hayvonlarda butunlay yo’qolib, yog’ to’plamiga aylanadi. Bu bez ikki qismdan iborat bo’lib, biri ko’krak qafasida, ikkinchisi bo’yinning pastki tomonida joylashadi. Ko’krak qismi to’rtburchak shaklda bo’lib, yurak asosining oldirog’ida bo’ladi. Bo’yin qismi yosh hayvonlarda so’lak bezlarigacha boradi.
Hayvonlar voyaga (qoramollar 5-6, quylar 2-2,5 yoshga) etgandan keyin bu bez bo’yin qismidan quriy boshlaydi. U tuzilishi jihatdan limfa tugunlariga o’xshaydi. U ishlab chiqargan gormoni organizmda kalsiy almashinuvi tartibga solinishida katta ahamiyatga ega. Bu bezning og’irligi qorako’l qo’ylarda 12 g, uzunligi ko’krak bo’limida 5,2 sm, eni 2,3 sm, bo’yin qismining uzunligi 12,6 sm, eni 1,7 sm bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |