15.3. Mehmon uylarini tashkil etishda xorij tajribasi
Xozirgi kunda jahon turizmida mehmonxona nomerlari va arzon joylarni taklif etuvchi bir necha tizimlar ishlamoqda. Ulardan biri AirBnB boʻlib – bu veb platforma hisoblanadi, u oʻz uyini ijaraga toʻliq yoki qisman bermoqchi boʻlgan uy xoʻjayini va mamlakatga buyuurayotgan mehmon oʻrtasida aloqa oʻrnatish joyi hisoblanadi.
AirBnB 2008 yilda faoliyatini boshlagan, dunyo boʻylab 190 dan ortiq mamlakatda, 65000 dan ortiq shaharda turar joy taklif qiladi, hozirgi kungacha ushbu onlayn platforma orqali 150 mlndan ortiq kishi oʻziga turar joy topgan. Ushbu platformaning asosiy jihati shundan iboratki, bu platformada orqali eng arzon shaxsiy honadonlar, uylar, kotejlar va boshqa joylashtirish vositalarini topish mumkin. Mamlakatimizda esa hozirgi kunda xususiy xonadon va uylar xorijiy sayyohlarga ijaraga berilmaydi.
Misol tariqasida, Fransiya davlatida xizmat koʻrsatish xususiyatlari boʻyicha oʻziga hos jihatlarga ega boʻlgan turli xildagi mehmon uylari mavjud. Bularning ayrim turlarini keltirib oʻtamiz:
- mehmonlar uchun kichik uylar;
- mehmonlar uchun alohida xonalar;
- tavernalar (traktirlar);
- ovqatlanish bilan birga tunash uchun fermer uylari;
- turizm lagerlari va fermalarda degustasiya;
- kichik mehmonxonalar va oilaviy restoranlar;
- piyoda turistlar uchun mehmon uylari;
- bolalar uchun mehmon uylari;
- ot boqadigan fermerlarning mehmon uylari va boshqalar.
Fransiyada mehmon uylarini shakllantirishda daromad olishdan tashqari oʻz yoʻnalishi boʻyicha qoʻyilgan maqsadga erishish eʻtibor qaratiladi. Yuqorida keltirilgan mehmon uylari turlarining rivojlanishi qishloq joylarda turizm salohiyatini oshishiga va koʻproq sayyohlarni jalb qilishiga olib kelmoqda. Hozirgi kunga kelib Fransiyaning mehmon uylari qishloq joylarda raqobatbardosh tadbirkorlik turlaridan biri boʻlib, aholini doimiy daromad bilan taʻminlamoqda.
Fransiyaning qishloq joylardagi mehmon uylarining Nizomiga (Gites de France) koʻra mehmon uylari egasi mehmon uylari federasiyasining aʻzosi boʻlib, Nizomda belgilangan qulaylik va jihozlar boʻyicha majburiyatlarga amal qilishi lozim. Oʻz oʻrnida qishloq joylardagi nazorat Fransiya mehmon uylari federasiyasinig idoralari tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu federasiya – bu saylangan vakillar tomonidan boshqariladigan mehmon uylari egalari uyushmasi.
Ispaniya mamlakatida ham mehmon uylariga xos boʻlgan mehmonxona turlari turizm sohasida etakchi tarmoqlardan hisoblanadi. Ushbu davlatning dengiz qirgʻoqlaridagi mehmon uylari asosan qishloq mehmon uylari, togʻuylari, Villa kabi nomlar bilan yuritiladi. Sayyohlar bunday mehmon uylarida yashashda imkon qadar oʻz uyi muhiti yaratilganligini his qiladi, qulay sharoitlar bilan taʻminlangan boʻladi.
Ispaniyaning Kosta Blanka (Costa Blanca) sohilida joylashgan mehmon uylari sayyohlar oʻrtasida mashxur boʻlib, ular jozibali, qulay sharoit yaratilgan va mustaqil dam olish, hamda ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatish bilan shugʻullanadigan uylardir. Odatda dengiz sohilidagi mehmon uylariga joylashgan sayyohlar dengizda dayving, serfing, yaxting kabi faoliyatlar bilan mashgʻul boʻladi.
Ispaniyada sohil boʻyidagi mehmon uyiga xos boʻlgan hashamatli villalar katta panoramali va chiroyli manzaralar bilan maydoni kamida 400 kvadrat metr, ikki yoki uch qavatdan iborat dengiz manzaralari bilan uygʻunlashgan mehmon uylari turi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |