15.2. Oʻzbekistonda mehmon uylari va ularni tashkil etish zarurati
Oʻzbekiston hukumati tadbirkorlarning mehmon uylari faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ijobiy ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, mehmon uylarini tashkil etish va bu sohadagi tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 avgustdagi "Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida"gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror hududlarning turizm salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, dam olish va turizm uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, shuningdek, aholining bandligi va farovonligini oshirishga qaratilgan. Mazkur hujjatning mazmun mohiyatini keng targʻib etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan tadbirkorlik subʻektlari va aholi oʻrtasida tushuntirish ishlari olib borildi.
Oilaviy mehmon uylari sayyohlar, ayniqsa, chet ellik sayyohlar eʻtiborini koʻproq tortishi, nisbatan kamxarjligi va boshqa shu kabi qulayliklari bilan ajralib turadi. Milliy urf-odat va qadriyatlarimizni keng targʻib qilish, qishloq joylarda tadbirkorlik madaniyatini rivojlantirish, aholi bandligini taʻminlash va, asosiysi, turizmni jadal taraqqiy ettirishda muhim oʻrni tutadi.
Qarorga asosan, oilaviy mehmon uyi – bir vaqtning oʻzida 10 nafargacha boʻlgan mehmon (sayyoh)ni vaqtinchalik yashash va oziq-ovqat bilan taʻminlash xizmatlarini taqdim etuvchi xususiy uy xoʻjaligi, bunda uy egalari ushbu uyda sayyohlar bilan birga yashashi koʻzda tutiladi. Bir kishi uchun 3 m kv hisobidagi turar-joy – oilaviy mehmon uyini tashkillashtirishning muhim sharti hisoblanadi. Qarorda bu joylashuv vositalariga qoʻyiladigan talablar belgilab berilgan.
Oilaviy mehmon uylarini tashkil etish va faoliyat yuritishi boʻyicha quyidagi asosiy jihatlar belgilab qoʻyilgan:
• oilaviy mehmon uylari xizmatlari individual tadbirkorlar yoki oilaviy tadbirkorlik subʻektlari tomonidan koʻrsatiladi. Mehmon uylarini roʻyxatga olish va yagona reestrning yuritilishi Oʻzbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi;
• oilaviy mehmon uylarining xizmatlarini sertifikasiyalash uchun soddalashtirilgan tizim yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu mehmon uyini oʻrganish hujjati asosida ularni oilaviy mehmon uylari yagona reestriga kiritish va tegishli maʻlumotnomani berish yoʻli orqali amalga oshiriladi;
• tijorat banklariga oilaviy mehmon uylari yagona reestriga kiruvchi individual tadbirkorlar va oilaviy tadbirkorlik subʻektlari arizasiga koʻra ularga imtiyozli sharoitlarda kreditlar ajratish tavsiya qilinadi. Kredit eng kam oylik ish haqining 300 baravari miqdorida, besh yil muddatga, 2 yillik imtiyozli davrga beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |