15.6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi siyosiy faoliyatining shakllanish va uning ustivor yoʻnalishlari
Hozirda xalqaro hamjamiyat mustaqil Oʻzbekiston diplomatiyasining dastlabki qadamlari, Markaziy Osiyodagi mavqeyi, mintaqa xavfsizligini ta’minlashdagi oʻrni alohida ekanini tan olmoqda. Oʻzbekiston tashqi siyosatining ma’naviy yoʻnalishi, insonparvarlik, oshkoralik, qadr- qimmat oʻz imkoniyatlariga tayanish va insoniyatning yagona oilasida oʻz taraqqiyot yoʻliga ega boʻlishdir. Shu bois istiqlol yillarida mamlakatimiz 133 davlat bilan rasmiy diplomatik munosabatlar oʻrnatgan, Toshkentda 45 ta xorijiy davlatning elchixonalari, 9 ta faxriy konsulxona, 11 ta xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari faoliyat olib bormoqda. Mustaqillikni mustahkamlash, mamlakatimizning xavfsizligi, barqarorligi va taraqqiyoti koʻp jihatdan xorijiy davlatlar bilan diplomatik aloqalarning yoʻlga qoʻyilishi bilan bogʻliq edi.
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosat tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Vazirlar Mahkamasining 1992- yil may oyidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida”gi qarori va 1994- yil mart oyida qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorlari asosida shakllantirildi. 1996- yil “Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining asosiy prinsiplari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi.
2012- yil sentabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi” e’lon qilindi. Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi – bu davlat tashqi siyosatining prinsiplari va strategik ustuvor yoʻnalishlarini, xalqaro maydondagi maqsad va vazifalarini, istiqbolda Oʻzbekiston milliy manfaatlarini ilgari surish mexanizmlarini belgilab beradigan qarashlarning yaxlit tizimidir.
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat: mafkuraviy qarashlardan qat’i nazar hamkorlik uchun ochiqlik, umuminsoniy qadriyatlarga, tinchlik va xavfsizlikni saqlashga sodiqlik; davlatlarning suveren tengligi va chegaralar daxlsizligini hurmat qilish; boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik; nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish; kuch ishlatmaslik va kuch bilan tahdid qilmaslik; inson huquqlari va erkinliklarini hurmatlash; ichki milliy qonunlar va huquqiy normalardan xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari va normalarining ustuvorligi; davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ittifoqlar tuzish, hamdoʻstliklarga kirish va ulardan ajralib chiqish; tajovuzkor harbiy bloklar va uyushmalarga kirmaslik; davlatlararo aloqalarda teng huquqlilik va oʻzaro manfaatdorlik, davlat milliy manfaatlarining ustunligi; tashqi aloqalarni ham ikki tomonlama, ham koʻp tomonlama kelishuvlar asosida rivojlantirish, bir davlat bilan yaqinlashish hisobiga boshqasidan uzoqlashmaslik kabilar ustuvor yoʻnalish sifatida belgilab olindi.
O‘zbekiston tashqi siyosatining yetakchi yo‘nalishlaridan biri Markaziy Osiyodagi yangi mustaqil davlatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston bilan do‘stlik, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan. Mintaqadagi beshta davlat o‘rtasida o‘xshash jihatlar ko‘p. Tariximiz, madaniyatimiz, tilimiz, dinimizning birligi, tomirlarimizning tutashib ketganligi bu mamlakatlar xalqlarini bir-biriga yanada yaqinlashtirishning zaminidir. Yangi tarixiy sharoitlarda vujudga kelayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlarining kelib chiqishi, ularning tarixi o‘ziga xos turmush tarzlari va yaqin qo‘shnichilik munosabatlariga har qachongidan boshqacharoq qarashni hayot taqozo eta boshladi.
2017-yilda O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan munosabatida yangi davr boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Tojikistonga (2018-yil 9-10-mart) va Tojikiston Prezidentining O‘zbekistonga (2018-yil 17-18-avgust) davlat tashriflari yakuniga ko‘ra strategik ahamiyatga ega hujjatlar imzolandi: Do‘stlik va ahil qo‘shnichilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot va O‘zbekiston – Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma, shuningdek boshqa ikki tomonlama kelishuvlar to‘plami.
Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi (2018-yil 23-24-aprel) chog‘ida 2017-yilda imzolangan ikki davlat o‘rtasidagi strategik sherikchilik to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirishga qaratilgan qator muhim hujjatlar qabul qilindi hamda Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo davlatlariga yuk tashish hajmini ko‘paytirish uchun ikki mamlakat tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanishga kelishib olindi.
Umuman olganda, bugun kunda Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, chegara punktlaridan o‘tish va chegara oldi hududlarda savdoni rivojlantirish kabi juda murakkab masalalarga yechim topish uchun mutlaqo yangi, konstruktiv siyosiy muhit va qulay sharoitlar yaratildi.
Chegara bilan bog‘liq muammolarning hal qilinishi natijasida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalari sezilarli darajada faollashdi. O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar bilan Davlat chegarasida 64 ta o‘tish punktlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |