“Tahdid” va “mafkuraviy tahdid”: mohiyati va xususiyati
Bugun taraqqiyotparvar insoniyat turli xavf-xatarlarning tahdid darajasiga ko‘tarilgan davrida yashamoqda. Yuzaga kelgan vaziyat tahdidlarga qarshi yagona kuch sifatida kurashish zaruriyatini kuchaytirmoqda.
Shuning uchun “tahdid” tushunchasining siyosiy-falsafiy mohiyatining bir qator qirralari jahon olimlari tomonidan tahlil etib kelinmoqda. Bu tushuncha insoniyat yaralgandan beri yonma-yon yashab kelmoqda. Jumladan, siyosiy fanlar doktori, professor Sh.Paxrutdinovning bergan ta’rifiga ko‘ra, “tahdid” - ijtimoiy-siyosiy vaziyat bo‘lib, u muayyan tarixiy davrda aniq bir maqsadga, ya’ni ijtimoiy tizim sifatida davlatning siyosiy asoslarini zaiflashtirishga, yemirishga, shuningdek, inson hayoti faoliyatini izdan chiqarishga, umuman, yashashni chigallashtirishga qaratilgan hududiy-mintaqaviy, umumsayyoraviy omillarning kirib kelishi tufayli sodir bo‘ladi.
Ko‘rinib turibdiki, muallif “tahdid”ni ijtimoiy-siyosiy vaziyat deb hisoblaydi. Muallif o‘z fikrini yana ham boyitgan holda kitobning keyingi qismida shunday yozadi: “Demak, tahdid aslida inson va jamiyat hayotiy faoliyati, umuman, yashashni qiyinlashtiruvchi, uning barqarorligi, taraqqiyoti va xavfsizligini yo‘qqa chiqarish mumkin bo‘lgan, to‘g‘rirog‘i, davlatning konstitutsiyaviy asoslarini yemirish va izdan chiqarishga qaratilgan, makon va zamon nuqtai nazaridan aniq chegaraga ega bo‘lgan o‘ta salbiy funksional xarakterli hodisadir”. Ammo mazkur tushunchaning etimologiyasiga e’tibor berilsa, uning mazmunini tushunish ancha osonlashadi. Ya’ni, “tahdid” so‘zi arabcha bo‘lib, o‘zbek tilida “qo‘rqitish” deganidir.
“Ma’naviyat: asosiy tushunchalar izohli lug‘ati”da “tahdid”ga shunday ta’rif beriladi: “Tahdid - inson, jamiyat va davlat hayoti hamda faoliyatiga nisbatan muayyan davr mobaynida aniq maqsadga yo‘naltirilgan mahalliy, hududiy, mintaqaviy va umumsayyoraviy salbiy omillarning tajovuzi tufayli aniq makon va zamonda vujudga keladigan xavf-xatar shakli, muayyan beqaror siyosiy-ijtimoiy va tarixiy vaziyatni ifodalovchi tushuncha”.
Eng dastlabki tahdid tarixiy antropologik va etnografik nuqtai nazardan qaralsa, dastavval, ibtidoiy odamlarga yovvoyi hayvonlar tomonidan bo‘lib turgan. Shuning uchun ham neandertallar davriga kelib olov kashf etildi, daraxt va toshlardan ilk himoya va ov qurollari yasaldi, asta-sekinlik bilan g‘orlarda yashashdan toshli va yog‘ochlardan qurilgan uylarda istiqomat qilishga o‘ta borildi.
Shu tarzda eng qadimgi odamlar o‘zlarini yovvoyi yirtqich hayvonlar tahdididan himoya qilish yo‘lini topdilar. Ammo shu bilan tahdidlar yo‘q bo‘lmadi, balki yangicha shaklda yangicha turlari namoyon bo‘la boshladi. Bular ilk mehnat taqsimoti bilan bog‘liq edi. Irratsional tendensiyalarga ko‘ra, insonlar ana shu tariqa tabiat bilan uzviy bog‘liq quvvatlaridan ayrila bordilar, endilikda ibtidoiy kishilarda turli dunyoqarashlar shakllana boshladi. Bu esa o‘z navbatida ratsionallashuvni hosil qildi. Ilk axloq normalari, undan keyin huquq normalari (eng qadimgi davlatlar tashkil topa boshlashi bilan) ibtidoiy jamiyatning “richag”iga aylandi. Afsuski, endi qarama-qarshi sifatlar, tuyg‘ular va fikrlar yuzaga keldi, ya’ni ezgulik va yovuzlik, oq va qora, to‘g‘ri va egri, baland-past, cheksizlik va cheklanganlik, hayot va o‘lim va h.k.
Shunga bog‘liq ravishda hozirgi kunga kelib “tahdid” tushunchasining turlari ko‘payib ketdi. Chunonchi, ular: - ichki va tashqi; makon nuqtai nazaridan esa uzoq va yaqin; funksional jihatdan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, ekologik, demografik, ma’naviy, mafkuraviy, harbiy, tabiiy-iqlimiyga bo‘lish mumkin. Taniqli faylasuf Sa’dulla Otamurodovning “Globallashuv va milliy-ma’naviy xavfsizlik” kitobida yozilishicha, tahdid qanday shaklda yuzaga kelishidan qat’iy nazar, taraqqiyotga qarshi kuch hisoblanadi. Taraqqiyot kimga bog‘liq? Eng avvalo, insonga. Demak, tahdidni mohiyatan ikkiga: tabiiy va sun’iyga bo‘lish mumkin. Tabiiy tahdid Yer yuzi iqlimi, atmosferasi, gidrosferasidagi va samodagi hodisalar (asteroid, kometa to‘qnashib ketishi mumkinligi, Quyoshdagi kimyoviy o‘zgarishlar va undan chiquvchi magnit bo‘ronlari)dan; sun’iy tahdid esa inson fikri, mehnati bilan vujudga kelgan madaniyat, sivilizatsiya bilan bog‘liq asosiy 3ta: iqtisodiy, harbiy va mafkuraviy yo‘nalishdan iborat deb hisoblash o‘rinlidir.
Bunday qarashga kelganimizga sabablar:
Birinchidan, sivilizatsiya – ibtidoiy davrda ilk mehnat taqsimoti natijasida paydo bo‘la boshladi, bu odamlar o‘rtasida mulkiy munosabatlarni o‘rnatdi. Insonlar uchun uy-joyi, yer-suvi, buyumlari, mehnat qurollari, umuman barcha foyda keltiruvchi narsalarni qadrli bilishi iqtisodiy tahdidga;
Ikkinchidan, sivilizatsiya – ilk mayda shahar-davlatlar tegrasida shakllandi, endilikda har bir shahar, qo‘rg‘on - unda yashovchi qabilalar, urug‘larni markaziy qo‘nimgohi va o‘zaro turli munosabatlar olib borish maydoniga aylandi, natijada dastlabki sivilizatsiyalararo to‘qnashuvlar sodir bo‘la boshladi, bunda harbiy vositalar orqali ustunlikka erishishi doimiy harbiy tahdidga;
Uchinchidan, sivilizatsiya – inson aqlu zakovati, tafakkuri, bilimi, tajribasi tufayli vujudga keldi. Umuman, odamni yovvoyi hayotdan ajratgan – bu uning onggi, tafakkuri, e’tiqodi, nutqi bo‘ldi. Qolgan sohalar ijtimoiy-siyosiy, demografik, madaniy bo‘ladimi, sun’iy borliqqa tegishli barchasi asosida insonning fikri, shuuri, qarashlari yotishi mafkuraviy tahdidga oidligidan iborat.
Tahdid nimaga nisbatan qaratilgan bo‘ladi? Birinchidan, odamlar, millatlar, xalqlar va davlatlar xavfsizligi, tinchligiga; ikkinchidan, odamlarni qurshab turgan hayvonot va nabotot dunyosiga yo‘nltirilgan bo‘ladi. Xavfsizlikka tahdidning mazmun-mohiyati muhtaram Birinchi Prezidentimiz I.Karimovning “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarida umummetodologik, siyosiy-falsafiy tomondan yetarlicha yoritib berilgan edi. Mazkur kitobning 1-bobida muallif mintaqaviy mojarolar; diniy ekstremizm va fundamentalizm; buyuk davlatchilik shovinizmi va agressiv millatchilik; etnik va millatlararo ziddiyatlar; korrupsiya va jinoyatchilik; mahalliychilik va urug‘-aymoqchilik munosabatlari; ekologik muammolar xavfsizlikka tahdid solishini batafsil va teran ifodalab beradi. Taniqli huquqshunos olim, professor Z.M.Islomov o‘zining “O‘zbekiston: modernizatsiyalash va demokratik taraqqiyot sari” deb nomlangan Yurtboshimizning yuqorida keltirilgan asari asosida yozgan kitobida quyidagi ta’kidlarni o‘qiymiz:
“Mintaqaviy mojarolar qanday tahdidlarni keltirib chiqaradi? Birinchidan, Markaziy Osiyo mintaqasidagi har bir davlatning etnik rang-barangligi sharoitida har qanday keskinlik qo‘shni mamlakatlardagi totuvlik hamda barqarorlikka putur yetkazadi. Ikkinchidan, afg‘on mojarosi etnik jihatdan tashqari, diniy jihatga ham ega. Islomni siyosiylashtirishga, hokimiyatga oshkora da’vogarlik va bunga qurolli yo‘l bilan erishishga keskin urinish davom etmoqda. Uchinchidan, Afg‘oniston chegarasining ikki tomonidagi o‘zbeklar yoki tojiklarni birlashtirish taklif etilayotgan bir sharoitda «xalqlarni ajratish” to‘g‘risidagi muammo bo‘rttirib yuborilmoqdaki, bunday qaytadan bo‘lishning halokatli oqibatini tasavvur qilish qiyin emas».
Biroq hozirgi kunda mafkuraviy tahdid qolgan hamma sun’iy tahdidlarga yo‘l ochib bermoqda va Yer kurrasining turli nuqtalarida global strategik beqarorlikni yuzaga keltirishga urinmoqda. “Mafkura”ning o‘zi nima degani? Mafkuraga jamiyatdagi muayyan siyosiy, huquqiy, axloqiy, diniy, badiiy, falsafiy, ilmiy qarashlar, fikrlar va g‘oyalar majmuidir, - deb ta’rif beriladi. Ularning barchasida jamiyatdagi muayyan siyosiy, falsafiy, huquqiy, axloqiy, diniy, badiiy, ilmiy qarashlar, fikrlar, g‘oyalar majmui sifatida asoslab beriladi.
“Mafkuraviy tahdid” tushunchasiga kelsak, u haqida ko‘plab ta’riflarni o‘qish mumkin. Masalan, “mafkuraviy tahdid” muayyan millat, jamiyat, davlatning tinchligi va barqarorligiga qarshi qaratilgan, siyosiy va konstitutsion tuzumni zaiflashtirish hamda buzishga yo‘naltirilgan, shaxs va jamiyat xavfsizligi, ma’naviy, mafkuraviy, ruhiy dunyosiga tajovuz qiladigan g‘oyaviy-nazariy qarashlar va ularga asoslangan amaliyot majmuini ifodalaydigan tushunchadir; “mafkuraviy tahdid” - ijtimoiy-siyosiy harakat, oqim yoki siyosiy kuch o‘z manfaatini ifodalovchi mafkurasini qo‘rqituv, zo‘rlik yo‘li bilan boshqalarga tiqishtirish. Mafkuraviy tahdid jamiyat, davlat yoki xalq, millat yoki elat taqdiriga xavf solib turgan, fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan mafkuraviy xavf-xatarlar majmuasi.
Lekin mafkuraviy tahdid bilan birga mafkuraviy tajovuz atamasi ham ko‘p qo‘llaniladi. Umuman olganda, tahdid va tajovuzning bir-biridan farqi nimada? Tahdid – “qo‘rqitish”, “tajovuz” - ham arabcha so‘z bo‘lib, o‘zbek tilida “chegaradan o‘tish, haddan oshish” ma’nolarini bildiradi. Demak, mafkuraviy tahdidni passiv, mafkuraviy tajovuzni aktiv jarayon deyish mumkin. Ya’ni avval tahdid paydo bo‘ladi, so‘ng tajovuzga aylanadi, chegarani buzadi. Bundan tashqari, tahdidga sinonim sifatida “xavf-xatar” so‘zini ham keltirish mumkin.
Falsafa fanlari doktori, professor Sh.Qahhorova “mafkuraviy xatar” atamasini ishlatadi: «Mafkuraviy xatar axborot xatari bilan uzviy bog‘liqdir. Zero, informatsiya xatarini faqat kuchli mafkura yordamida bartaraf etish mumkin va aksincha, informatsiya xatari mafkurani barbod qilishi mumkin. Shuningdek, mafkura shaxsga jamiyat istiqboli ufqlarini aniq tasavvur qilish imkonini beradi. Vaholanki, buningsiz ijtimoiy taraqqiyot stixiyaviylik, betartiblik(xaos)dan iborat bo‘ladi».
“Xavf” so‘zi arabchadan bo‘lib, “nimaningdir sodir bo‘lishidan qo‘rqish” ma’nosini bildiradi. “Xatar” so‘zi ham arab tilidan bo‘lib, “xavfli, qo‘rqinchli bo‘ldi” ma’nosini beradi. Shu bois bu ikki so‘z turli nashrlarda xavf-xatar tarzida juft bo‘lib ham keladi. Lekin ma’no jihatidan “tahdid” so‘zi birmuncha farq qilishini payqash mumkin. Ya’ni, tahdid – qo‘rqitish – oldindan tayyorlab qo‘yilgan, rejalashtirilgan bo‘lsa, xavf-xatar – qo‘rqish – kutilmaganda, to‘satdan sodir bo‘ladi. Bunday etimologik tahlildan maqsad - mafkuraviy tahdidning sof, alohida tomonlarini ajratib ko‘rsatishdir.
Demak, falsafa fanlari doktori, professor Q.Nazarovning bu borada bergan ta’rifiga qo‘shilish mumkin: “Hozirgi davrda mafkuraviy tahdid deganda, aholining ayrim qatlamlari, ayniqsa, yoshlar ongi va qalbiga ta’sir qilib, ularning qarashlarini o‘zlariga ma’qul yo‘nalishda o‘zgartirish, diniy ekstremizm, vayronkorlik, buzg‘unchilik, axloqsizlik g‘oyalarini zimdan targ‘ib-tashviq etib, singdirish kabi g‘arazli maqsadlar ham anglanadi”.
Xulosa qilib aytganda, mafkuraviy tahdid – maqsadi vayron qilish, bosib olish, o‘z manfaatlariga xizmat qildirish bo‘lgan oldindan rejalashtirilgan xavf tug‘dirish tizimidir. Albatta, bu xavfni darrov ko‘rib, ushlab bo‘lmaydi. Buni vaqtida bilib olish uchun Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, doim hushyor bo‘lib, qalb sofligini saqlagan holda aql bilan ish yuritish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |