G’arbda neoliberal yo’nalish tarafdorlari ichida Lyudvig Erxard (1897–1977) alohida ajralib turadi. Uning bevosita ishtirokida 1950 yilga kelib G’arbiy Germaniya krizis holatidan olib chiqildi va unda pul va iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi. L.Erxard – iqtisodchi va yangi xo’jalik tartibi asoschisi hisoblanadi. 1945 yilning oxirida Bavariya iqtisodiyot vaziri etib tayinlangan L.Erxard Germaniya iqtisodiyoti
«jiddiy tuzilmaviy qayta qurishga muhtoj» deb ko’rsatib beradi va real vaziyatdan kelib chiqqan holda to’g’ri ish yuritish zarurligini uqtirib o’tadi. Uning takidlashicha, bozor iqtisodiyotidan rejali iqtisodiyotga o’tish asosiy muammo hisoblanmaydi, chunki «balanslashuvga moyil iqtisodiyotdan qaytish oson», ammo «rejali iqtisodiyotni erkin bozor xo’jaligiga aylantirish
juda katta qiyinchiliklar bilan bog’liq», chunki tabiiy muvozanatdan chetga chiqqan iqtisodiyotga birdan, o’tish davrisiz, erkin bozor
imkoniyatlarini yaratib berish qiyin.
Urushdan keyingi Germaniya iqtisodiyoti juda qiyin ahvolga tushib qolgan. Ishlab chiqarish quvvatining uchdan ikkisi ishlamasdi. Narxlar muttasil oshib borgan, mamlakatda «qora bozor» hukmronlik qilgan. Aholining qo’lidagi pul vositalari milliy mahsulot miqdoridan deyarli o’n barobar ortiq bo’lgan.
Birinchi chora-tadbir 1948 yili iyunda o’tkazilgan pul islohoti bo’ldi va u bir butun Germaniya iqtisodiyotini isloh qilishda katta rol o’ynadi. Yangi nemis markalarini eski, muomaladan chiqarilayotganlari bilan almashtirish birga (yangi marka) o’n (eski marka) nisbatda amalga oshirildi. Ish haqi, pensiya, kvartira haqi to’lash birga bir nisbatida amalga oshirildi.
Har bir kishi qirq markadan oldi. Almashtirishdan keyin qolgan pulning bir qismi maxsus schyotlarda muzlatib qo’yildi. Bank tizimi isloh qilindi. Qo’shimcha ko’rilgan chora-tadbirlar yangi inflyastiya kelib chiqishning oldini oldi: dastlab eski valyutani yangi valyutaga almashtirish kursi amalda bir yangi marka o’n besh eski markani tashkil etdi. Pirovard natijada pul massasi (naqd mablag’lar va bank depozitlari) 14 martadan ko’proq kamaydi.
Islohot puxta tayyorlangan bo’lib, u keskin va izchillik bilan o’tkazildi. Islohotni tayyorlash va o’tkazish ikki yilga yaqin davom etdi. Narx-navoning oshishi taxminan olti oy ichida to’xtatildi. 1950 yil boshiga kelib ishlab chiqarish urushdan oldingi darajadan oshib ketdi.
Iqtisodiy islohotning muvaffaqiyatli chiqishiga sabab nima? Uning asosiy sababi saqlanib qolingan moddiy bazaning mavjudligi, nisbatan arzon ishchi kuchi, aholining qondirilmagan talabining ishlab chiqarishga faol ta’sir ko’rsatishi bo’ldi. Moliya va pul-kredit tizimining barqarorlashuvi muvaffaqiyatga erishishning zarur shart-sharoiti hisoblandi. Keyin AQSh va G’arbdagi boshqa rivojlangan mamlakatlarning moliyaviy va moddiy jihatdan qo’llab-quvvatlashi islohotning muvaffaqiyatli chiqishiga turtki bo’ldi. Iqtisodiy yordam Marshall rejasi bo’yicha amalga oshirildi, shuningdek, oziq-ovqat, yoqilg’i, urug’lik, o’g’it boshqa yo’llar bilan ham etkazib turildi. Germaniya iqtisodiyotiga Amerika transporti va Amerika armiyasining boshqa anjomlari keltirib berildi. Imtiyozli shartlar bilan Evropa qayta tiklash dasturi Fondidan kreditlar ajratildi.Hukumatning boshqaruv tizimini o’z qo’lida ushlab turishi, o’z vaqtida iqtisodiy kursni o’zgartira bilishi ham muhim ahamiyat kasb etdi. Garchi o’zining iqtisodiy liberalizmga moyilligini yashirmagan bo’lsa ham, L.Erxard «sof» liberal bo’lgan emas. U tanlab olingan yo’ldan og’ib ketmaslik uchun davlat dastaklaridan keng foydalandi.
Davlat qiyinchiliklarni boshidan kechirayotgan tarmoqlarni, ayniqsa, toshko’mir sanoatini, metallurgiya, elektroenergetikani qo’llab-quvvatladi. Investorlarga va tadbirkorlarga soliq imtiyozlari yaratilib berildi.
L.Erxard va uning hamkasblari tomonidan olib borilgan islohot, Germaniya iqtisodiy taraqqiyoti uchun shart-sharoit yaratib berdi. U iqtisodiy qo’llanmalarga kiritildi va qarorlarni realizastiya qilish, qayta tashkil etish vositalaridan va metodlaridan samarali foydalanish uchun qulay paytni topish namunasi sifatida qaraladi.
Shu bilan birga, hech bir namuna real shart-sharoitlarni, maxsus xususiyatlarni hisobga olmagan holda universal echim yoki tayyor sxema vazifasini o’tashi mumkin emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |