cho‗l-dasht, tog‗lik hududlarda yashagan ko‗chmanchi sak-skif xalqlari betakror, ulug‗vor
sivilizatsiyani yaratdilar. Bu sivilizatsiya insoniyatning keyingi taraqqiyotiga, madaniy- etnik,
siyosiy tuzilishiga katta ta‘sir o‗tkazdi. Bu sivilizatsiya fanda Buyuk cho‗llar
sivilizatsiyasi yoki
sak-skif sivilizatsiyasi deb nomlanadi. Sak-skif sivilizatsiyasini buyuk cho‗llarda yashagan
ko‗chmanchi, yarim o‗troq va o‗troq yashagan yuzlab etnik birliklar bir necha ming yillar
davomida yaratdilar. Sak-skiflarda urug‗-qabila, qabila ittifoqlaridan toki o‗ziga xos mukammal
shakllangan davlatlar, davlat birlashmalari mavjud bo‗lgan. Lekin ularning barcha shakllarini
asosi urug‗ edi. Urug‗ni 3-4 avlod vakillari yashagan oilalar tashkil etgan. Oila o‗ta xavfli muhit,
noqulay tabiat sharoitida yashay olmas edi. Bir necha patriarxal oilalardan tashkil topgan urug‗ o‗z
urf-odat, rasm-rusum marosimlari va e‘tiqodi bilan xavf-xatarga to‗la tashqi muhitga moslashib
yashagan. Urug‗ o‗zining saylab qo‗yiladigan oqsoqol-yo‗lboshchisi
va yaxshi qurollangan
jangchilariga ega edi. Vaqt o‗tishi bilan urug‗larda odamlar ko‗payib, o‗tloq yaylovlar tor bo‗lib
qolganda, katta urug‗dan kichik urug‗ ajralib chiqib, bo‗sh yaylovlarni izlagan. Urug‗lar birlashib
qabilani, qabilalar birlashib qabilalar ittifoqini tashkil etar edi. Qabilalar ittifoqi yo‗lboshchisi
birlashgan qabilalarning yig‗ini qurultoylarda odamlari kop va kuchli urug‗dan saylangan. Cho‗l
sharoitida qabila ittifoqi yo‗lboshchisi yoki podsho mutlaq hukmdor emas edi, uning oldida
«oqsoqollar kengashi» va xalq yig‗ini mavjud edi. Ular o‗ziga xos yuksak bir sivilizatsiyani
yaratdilar. Sak-skif atamasi ilmiy adabiyotda qabul qilingan bo‗lib, yuqorida ko‗rsatilgan bepoyon
hududlarda yashagan, qon-qarindosh, umumiy madaniyatga ega bo‗lgan o‗nlab urug‗, qabila, elat,
xalqlarning umumiy nomidir. Shimoliy Qora dengiz, Azov bo‗yida yashagan qabilalarni antik
mualliflar skiflar deb ataganlar. Antik mualliflar Qora dengizbo‗yi qabilalarini boshqa ularga
qarindosh qabilalar – saklar, savromatlar,
massagetlar, issedonlardan ajratish uchun skiflar deb
ataganlar. Skiflar o‗zlarini qanday atagani bizga noma‘lum. Sak-skiflar tarixi va madaniyati
to‗g‗risida Gerodot, Strabon, Katta Pliniy va boshqa mualliflar boy ma‘lumot beradilar. Sak-skif
yozuvlari bo‗lgan, lekin saqlanib qolmagan. Shu sababli, ularning ijtimoiy-siyosiy tarixi
arxeologik qazilma topilmalar asosida o‗rganiladi. Bu topilmalar juda boy, xilma-xil,
juda katta
davrni o‗z ichiga oladi. Birgina Sankt-Peterburg shahridagi Ermitaj muzeyida sak-skif
madaniyatiga oid 40 mingdan ortiq buymlar saqlanadi.
Yunon tarixchilari Sirdaryoning o‗rta oqimini Tanais deb atashgan. Arrianning yozishicha,
Sirdaryoni qadimda «Yaksart» deb atashgan. Bu qadimgi nom mahalliy sak qabilalari o‗rtasida
tarqalgan bo‗lishi ehtimol.
Qadimgi yunon tarixchilarining ma‘lumotiga ko‗ra, sobiq SSSRning Yevropa qismida,
Qozog‗iston va O‗rta Osiyo, Oltoy chegaralarigacha bo‗lgan hududda yashagan barcha ko‗ch-
manchi va o‗troq qabilalarni skiflar degan umumiy nom bilan atashgan. Ayrim yunon
tarixchilarining asarlaridan shu narsa ma‘lumki, yuqorida aytilgan hududlarning turli qismlarida
yashagan skiflar boshqa-boshqa nomlar bilan atalgan va turli tillarda gaplashgan.
Mil.avv. I ming yillikning o‗rtalarida O‗rta Osiyoda yashagan ko‗chmanchi va dehqonlar
na yashash tarziga ko‗ra, na til jihatidan hali bir-biridan ajralib ketmagan edi.
O‗rta Osiyoning, shu jumladan, O‗zbekiston hududining mil.avv. I ming yillik o‗rtalaridagi
iqtisodiy-geografik va etnografik xaritalari quyidagi ko‗rinishga ega: Girkaniya, Parfiya,
Marg‗iyona, Baqtriya, Xorazm, So‗g‗d
viloyatlari, Gurgon, Murg‗ob, Qunduz, Amudaryoning
quyi oqimi, Zarafshon daryolarining vohalarini tashkil qilar edi.
Amudaryo ostonasining quyi tomonida – g‗arbda Sariqamish va sharqda Janidaryoda
yashagan apasakilar (apasiaki, pasiki, abiyalar, skiflar, saka-tiay-tara-darayya) O‗rta Osiyoning
janubida saka ravakilar (saka-xaumavaraka, skif-amyurgiyalar va boshqalar) yashaganlar.
Amudaryo qadimda bir necha nomga ega bo‗lgan. Avestoda u «Raxa», «Ranxa» yoki «Aranxa»
nomi bilan tilga olinadi. Yunon tarixchilari Gerodotdan boshlab Amudaryoni Araks deb ataydilar.
Gerodot Araks (Amudaryo)ni 360 ta kanalga ajralishi, 40 ta tarmog‘i botqoqliklar orasida yo‗q
bo‗lib ketishi, tarmoqlaridan birigina ochiq joylardan oqib borib, Kaspiy dengizga quyilishi haqida
ma‘lumot beradi.
Sak-skiflarning kelib chiqishini yozma va arxeologik manbalar ma‘lumotlari orqali
aniqlashtirish mumkin. Antik mualliflardan Gerodot Shimoliy Qora dengizbo‗yi skiflarining kelib
chiqishi to‗g‗risida batafsil ma‘lumot beradi. Uning ma‘lumotiga ko‗ra,
skiflar Qora dengiz
bo‗yiga Osiyodan kelganlar va bu yerda yashagan kimmeriy qabilalarini siqib chiqarganlar. Yana
bir taniqli antik muallif sitsiliyalik Diodor Gerodotning fikrini yanada aniqlashtiradi. Diodor
skiflar qachonlardir Araks (Amudaryo) qirg‗og‗ida yashaydigan zaif xalq bo‗lib, keyinchalik
kuchayib ketib, Kavkaz oldi va Qora dengizning shimoliy sohilini egallaganlari to‗g‗risida
ma‘lumot beradi.
Antik mualliflar asarlarida keltirilgan ma‘lumotlar orqali sak-skif siyosiy tarixi to‗g‗risida
tushuncha hosil qilish mumkin. Ularning ma‘lumotlari sak-skif mifologiyasi asosida keltirildi.
Gerodot malika To‗marisning Kayxusravga qarshi ozodlik urushini, Polien saklarining
Ahmoniylarga qarshi kurashini sak afsona-hikoyalari asosida quradi. Gerodot Doro I ning skiflar
ustiga yurishining batafsil tasvirini skif hikoyalari asosida tuzgan. Bundan tashqari, sak-
skiflarning O‗rta Osiyo, Oltoy, Sibir, Kavkazorti, Dnepr, Qora dengizbo‗yi cho‗l-dashtlaridagi
qo‗rg‗on qabrlaridan topilgan boy arxeologik topilmalar sak-skiflarda
davlat tashkiloti
shakllanganidan dalolat beradi. Qo‗rg‗on qabrlardagi qimmatbaho qurol-aslahalar, noyob toshlar,
oltin, kumush bilan ziynatlangan xanjar-qilichlar, kamon sadoqlari, gilam qoldiqlari sinfiy
jamiyat, davlat tashkiloti shakllanganidan guvohlik beradi. Doro I ning Behustun yozuvlarida sak
hukmdori Skunxani tor-mor qilgani (mil.avv. 519-yil), uning o‗rniga boshqa podsho tayinlaganini
yozib qoldirgan.
Arxeologik qazishmalar natijasida to‗plangan ma‘lumotlar antik mualliflarning matnlarini
tanqidiy o‗rganishga yordam beradi. Hozirgi kunda Osiyo va Yevropaning cho‗l-dasht hudud-
laridan juda katta miqdorda to‗plangan boy madaniy topilmalar sak-skif madaniyatini yaxlit
tasavvur qilishga yordam beradi. Sak-skif tili to‗g‗risida ilmiy tadqiqotlar mavjud. Shaxsiy ismlar,
joylar, hududlar, daryolarning nomlari boshqa tilda yozilgan matnlarda saqlanib qolgan. Bu ism va
nomlar bilan sak-skif tilini olimlar aniqlashga harakat qiladilar. Hozirgi
kunda skif tili hind-
yevropa tillari oilasiga mansubligi e‘tirof etiladi. Osiyo va Yevropaning bepoyon hududlarida
yashagan ko‗chmanchi qabila-elatlarning tillari asosida keyingi davrda turkiy til shakllangan.
Toponomika ma‘lumotlari ham bu fikrni tasdiqlaydi. Etnik va til jihatidan sak-skiflar bir-biriga
qarindosh bo‗lgan Osiyo, Sharqiy Yevropa cho‗l-dashtlarida yashagan ko‗chmanchi qabila-elat va
xalqlarning ulkan konglomerati edi. Ularning urf-odat, an‘ana, marosimlari mazmunan bir xil,
shaklan esa turli ko‗rinishda bo‗lgan. Ularning shaklan har xil bo‗lishiga sabab, iqlim, atrof-muhit,
joylashgan joyi ta‘siri natijasi edi. Ular bir tilda, lekin turli shevalarda so‗zlashganlar. Buning
dalili Osiyo, Yevropa cho‗l-dashtlarida
yashagan etnoslarning ismlari, geografik nomlarning har
xilligidir.
Do'stlaringiz bilan baham: