-I-
20-yillar tariximizga o’ta murakkab va ziddiyatli, turli ijtimoiy guruh va kuchlar siyosiy qarama-qarshiligi avj olgan, Turkistonda Markazning imperiyacha munosabatlar mustahkamlanayotgan, o’lkadagi ochlik, iqtisodiy tanglik, vayronaga aylangan sanoat, transport, qishloq xo’jaligini tiklash, ya’ni sho’rolarning "tinch sosialistik qurilish" yo’liga o’tish davri bo’lib kiradi. Ushbu davrdagi eng dolzarb masalalardan biri bu - hokimiyat masalasi edi. Milliy muxolif kuchlar esa hokimiyat masalasini birinchi navbatda xalqning o’z taqdirini o’zi belgilashda ko’rishar edi. Kommunistik partiya o’zining siyosiy pozisiyalari hamda sovet davlat tuzumini mustahkamlash bilan birga sovetlarning ijroiya qo’mitalarini qaytadan tiklash ishlarini olib bordi. Ushbu tartib joylarda o’lkaning ijtimoiy-siyosiy hayotida demokratik jarayonlarni kengaytirish, xalq hokimiyatini tiklash shiorlari ostida o’tdi. Ammo, tarix ko’rsatib turganidek, aslida bu jarayon tashviqot-mafkuraviy xarakterda bo’lib, jamiyat va davlat boshqaruvida keng xalq ommasining ishtirokini ko’rsatishdek tuyulardi. Lekin haqiqatda bunday emas edi. Ko’p joylarda mahalliy aholi saylash huquqidan mahrum edi. Sovet hukumati mahalliy aholiga nisbatan bepisand bo’lib, aksariyat tarzda ham unga ishonmas edi. Shuning uchun ham u o’z siyosiy tuzilmalariga milliy xodimlarni nihoyatda kam jalb qilgan edi. Partiyaning ushbu mustabidlik yo’nalishi Turkiston xalqi hayotiga salbiy ta’sir qildi, mahalliy aholi mustaqil huquqlarga ega emas, o’z manfaatlarini himoya qilishga bo’lgan urinishlar esa "millatchilik" deb baholanib, qatag’ongacha olib kelingan. 1921 yilning bahoriga kelib sovet hokimiyati oldida vayron bo’lgan qishloq xo’jaligini tiklash vazifasi ko’ndalang bo’lib turdi. O’zbekistonda qishloq xo’jaligi respublika milliy daromadining asosiy qismini berganligi, dehqonlar esa aholinining 80 foizini tashkil etganligi tufayli sovet hokimiyatining dastlabki yillarida agrar masala markaziy o’rinni egallardi. Markazdan farqli o’laroq, O’rta Osiyo respublikalarining 20-yillardagi agrar siyosatida nisbatan keskin choralar ko’rilgan. 1920-1921 yillardagi yer-suv islohotining amalga oshirilishi Yangi Iqtisodiy Siyosat (NEP) bilan birga olib borildi. Yangi iqtisodiy siyosatdan ko’zlangan maqsad - mahsulot ishlab chiqaruvchi yakka dehqonlarning manfaatini oshirish, uning yerga egalik qilishini ta’minlash, imtiyozli soliq olish va bozor iqtisodiyoti, tovar-pul munosabatlariga o’tish edi. Yer-suv islohotini amalga oshirishdan ko’zlangan asosiy maqsad - mahalliy hamda Turkistondagi boy rus dehqonlarining yer va suvga bo’lgan huquqlarini tenglashtirish edi. Chunki o’z vaqtida mustamlakachi ma’murlari tomonidan rus dehqonlariga eng yaxshi va hosildor yerlar ajratilgan edi. Yer va suvni taqsimlash jarayoni bir tomondan yersiz va kam yerli dehqonlarni yer bilan ta’minlagan bo’lsa, ikkinchi tomondan qishloqdagi siyosiy vaziyatni o’ta keskinlashtirib, sinfiy ziddiyatlarni kuchaytirdi. Islohotni o’tkazishning inqilobiy-zo’ravonlik usullari Turkiston qishloqlarida ijtimoiy va millatlararo tanglikni vujudga keltirdi. Yer-suv islohoti 1922 yil kuzida o’z poyoniga yetdi. Markaz Turkiston o’lkasiga asosiy xom-ashyo bazasi sifatida qarab kelganligi bois, o’lka qishloq xo’jaligining bosh sohasi hisoblangan paxtachilikni rivojlantirishga alohida e’tiborini qaratgan. Xususan, RKP(b) MKning 1922 yil 11 yanvaridagi "Turkiston Kompartiyasiga" deb nomlangan xatida, Turkiston Kompartiyasining qishloq xo’jaligi sohasidagi faoliyatida birinchi o’ringa sug’oriladigan yerlarda ekin maydonlarini tiklash, paxtachilikni rivojlantirish hamda mavjud sug’orish tizimini tuzatish masalalari hal etilishi lozimligi ta’kidlangan edi. Turkiston respublikasida paxtachilikni rivojlantirish ishlarini, sug’orish inshootlarini tiklamasdan amalga oshirib bo’lmasdi. Sug’orish ishlarini tiklashni tezroq amalga oshirish, dehqonchilik uchun yaroqli yerlarni suv bilan ta’minlash va qishloq xo’jaligini, birinchi navbatda esa paxtachlikni rivojlantirish uchun suvdan to’g’ri foydalanishni yo’lga qo’yish maqsadida, 1921 yilning fevralida TASSRdagi barcha suvlarni respublika mulki deb e’lon qilgan suv to’g’risida qonun qabul qilindi. Ittifoq hukumati avval boshdanoq yosh O’zbekiston respublikasi rahbariyati oldiga "Sovet O’zbekiston"ning SSSR ning asosiy paxta bazasiga aylantirish strategik vazifasini qo’ydi. "Oq oltin"ning aksariyat qismi, ya’ni 90%dan ko’prog’i "Sovetlar mamlakati"ning to’qimachilik markazlariga yuborildi. O’zbek paxtakorlarining mashaqqatli mehnati evaziga esa sovet davlati paxtani chetdan sotib olmay, paxta yetishtirish bo’yicha jahonda ikkinchi o’ringa chiqdi. Mana shu tariqa sobiq SSSR paxta mustaqilligiga erishdi. Paxta yakkahokimligini ta’minlash maqsadini amalga oshirish oqibatida qishloq o’jaligining boshqa tarmoqlari, xususan, chorvachilik inqirozga uchradi, g’alla tayyorlash keskin kamayib ketdi. Hosildor yerlar miqdori kamaydi. Don, poliz ekinlarining hosildorligi qisqardi. 20-yillar boshlaridagi Turkistonning ijtimoiy-siyosiy hayotining alohida xususiyati - bu o’lka mahalliy aholisining milliy o’z-o’zini anglashining o’sganligi deyish mumkin. Mahalliy aholinining keskin noroziligiga birinchi navbatda Markazning uning milliy manfaatlarini hisobga olmaslik siyosati sabab bo’ldi. Turkiston tub aholisining kuchayib borayotgan noroziligi turli shakllarda namoyon bo’ldi. Shunday norozilik shakllaridan yana biri hokimiyat pog’onalaridagi milliy rahbar kadrlardan iborat milliy muxolifat bo’ldi. Ular mustabid tuzumga, uning siyosatiga ochiqdan-ochiq qarshi fikr bildirib, mahalliy aholinining manfaatlarini himoya qildilar, markazning shovinistik va imperiyacha siyosatiga qarshi faol kurash olib bordilar. Mana shunday milliy rahbarlardan davlat va siyosat arbobi, olim va diplomat Nazir To’raqulov (1892-1939) bo’lgan. Nazir To’raqulov sovet hokimiyatining turli lavozimlarida ishlab keldi. Markazning siyosiy rahbariyati o’zining siyosiy mavqyeini saqlab qolish maqsadida o’lkadagi vakillariga Turkiston Kompartiyasining VI (1921 yil 11-20 avgust) qurultoyida milliy muammolarga e’tiborni kuchaytirishni, Turkiston partiya-davlat organlari tarkibida milliy kadrlarni ko’paytirishni tavsiya etgan edi. Ushbu ko’rsatmalar asosida qurultoyda Turkiston Kompartiyasi Markaziy Qo’mitasining a’zolari etib bir qancha mahalliy rahbarlar bilan bir qatorda Nazir To’raqulov ham saylangan edi. Milliy rahbarlar Markazning buyuk davlatchitik shovinizmiga qarshi chiqib, Turkkomissiyani yo’q qilish talabini bir necha marotaba o’rtaga tashlagan edilar. Bu davrda TKPga boshchilik qilib turgan Nazir To’raqulov ham Turkkomissiya va Turkbyuroning xatti-harakatlariga norozilik belgisi sifatida ular safidan chiqish to’g’risida ariza beradi. Nazir To’raqulov nafaqat siyosiy arbob, balki tilshunos olim sifatida ham taniqilidir. U turk, fors, arab, rus, nemis va fransuz tillarini yaxshi bilgan. Respublika va viloyat gazetalarida maqolalari bilan qatnashib turgan. Uning noshirlik va elchilik faoliyati hayotining keyingi davriga to’g’ri kelgan. Ko’pgina milliy rahbarlar qatori Nazir To’raqulov ham qatag’onlik to’lqinidan qutulib qolmadi va 1939 yilda otib tashlandi. Yuqorida aytib o’tilganidek, 20-yillarning boshlarida o’lka partiya davlat organlarining rahbarlik lavozimlariga milliy kadrlar jalb qilingan edi. Ular orasida taniqli davlat va jamoat arbobi Qayg’usiz Otaboyev (1887-1937) ham bor edi. O’z siyosiy faoliyati davomida Q.Otaboyev Markazning ayirmachilik, shovinistik siyosatiga qarshi bir necha bor o’zining dadil fikrlari bilan chiqdi. U Markaz tomonidan yuborilgan komissarlarning mahalliy xalqlarga nisbatan qo’llayotgan usullarini tanqid qilib, Rossiyadan kelgan xodimlar tub aholining o’lkani mustaqil boshqara olish qobiliyatiga ishonmayotganliklari, o’zlari va Turkistonning turmush-sharoitlarini yaxshi bilmasdan turib hokimiyatning ma’sul lavozimlariga da’vogarlik qilishlari haqida TKR Sovetlarining X qurultoyi minbaridan turib gapirgan edi. Q.Otaboyev milliy rahbarlardan birinchilar qatorida qarshilikchilik harakatiga to’g’ri baho bergan. Uning 1922 yil 18 iyulda Turkiston Markaziy Ijroiya Qo’mitasining VI plenumida qilgan ma’ruzasi keskin tanqidiy va ochiqdan-ochiq qarshilik ruhida edi. Otaboyev qarshilik harakatiga "harbiy yo’l bilan yo’q qilib bo’lmaydigan xalq qo’zg’oloni" deb baho beradi va ushbu harakat ishtirokchilari bilan siyosiy va iqtisodiy usullarni qo’llab, tinch muzokaralar olib borish taklifini kiritadi. Qayg’usiz Otaboyevning qismati ham o’sha yillardagi millatparvarlar singari ayanchli tugadi, u 1937 yilda mustabid tuzum tomonidan nohaq qatag’onga uchrab, otib tashlanadi. Yana bir millatparvar rahbarlardan biri, yetuk davlat arbobi Inomjon Xidiraliyevdir (1891-1928). U ham mahalliy aholining manfaatlarini himoya qilgan milliy rahbarlardandir. Xidiraliyev 1922 yilning oxirida Butunrossiya MIQga maxsus xat bilan murojaat qilib, "Mahalliy aholining barcha qatlamlarini sovet ishlariga jalb qilishga, bu ishlarni aholining milliy turmush tarziga moslashtirgan holda amalga oshirishga, Turkistonda ish yuritishni mahalliy aholi tiliga o’tkazishga" e’tiborini qaratgan edi. I.Xidiraliyev fikricha, oktyabr to’ntarishidan so’ng deyarli 5 yil o’tgan bo’lsa ham, quyidan yuqorigacha boshqaruv apparatlarida asosan yevropalik kishilar o’tirganligi mahalliy aholida chorizm mustamlakachilik siyosati sovetlar davrida ham davom etmoqda degan xulosani keltirib chiqarmoqda. Boshqaruv idoralarida o’tirgan yevropaliklar asosan Rossiya sharoitidan kelib chiqqan kishilar bo’lib, mahalliy aholi tili, urf-odatini bilmaydigan, dehqonchilik va chorvachilikda mashg’ul bo’lgan ko’plab aholi xususiyatiga mos mafkuraviy qarashlarni tushunmaydigan shaxslardir. Xidiraliyevning ushbu takliflari bilan Markaz qisman bo’lsa ham hisoblashishga majbur bo’ldi. 1923 yildan boshlab ish yuritish tub millatlar tillarida olib boriladigan bo’ldi. Sovet tuzumi davridagi milliy rahbarlar ustida so’z borar ekan, davlat va siyosat arbobi Akmal Ikromov (1898-1938) faoliyati haqida to’xtalib o’tish muhimdir. A.Ikromov sovet hokimiyatiga sodiqlik bilan hizmat qildi. Uning yer-suv islohoti va jamoalashtirish xususida bildirgan fikrlari buning yorqin dalilidir. Shuningdek, u "18 lar guruhi", “inog’omovchilik"ka qarshi chiqishlar qilib, ularni millatchilikda ayblaydi va ularga qarshi kurash olib borishga chaqiradi. Afsuski, 20-yillarning oxiri-30 yillarning o’rtalaridagi bir qator qatag’onlar uchun Akmal Ikromov ham javobgardir. Lekin mustabid tuzumning sodiq xizmatchisi bo’lgan Akmal Ikromov ham, 1938 yilda "xalq dushmani" sifatida otib tashlanadi. Tariximizda o’zining o’chmas izini qoldirgan buyuk siymo bu - Fayzulla Xo’jayevdir (1896-1938). 1920 yili inqilobchi Yosh buxoroliklar Turkiston markaziy byurosi raisi, 1920-24 yillarda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Nozirlar Kengashining raisi (shuningdek, Tashqi ishlar, Harbiy ishlar noziri) bo’lib ishlagan. Fayzulla Xo’jayevning faoliyati nihoyatda murakkab siyosiy vaziyatda o’tgan. O’zbekistonda yuz berayotgan o’zgarishlardan qoniqmaganligini u o’zining bir qancha tanqidiy chiqishlarida bildiradi. Masalan, 1924 yildagi bolsheviklarning milliy-hududiy chegaralanishiga qarshi o’z fikrlarini ilgari surgan, "Buxoro inqilobi tarixiga doir" asarida Fayzulla Xo’jayev jadidchilikka xolis baho berishga harakat qilgan. Ushbu asardagi jadidchilikning ijtimoiy mohiyatiga ijobiy munosabati va jadidchilikni ijtimoiy-inqilobiy harakat sifatidagi qarashlari xato deb baholandi. Fayzulla Xo’jayev ham mustabid tuzumning qatag’on qurbonlaridandir. U 1937 yil Moskvada "xalq dushmani" sifatida qamoqqa olinib, 1938 yilda otib tashlangan. 20-30 yillarda ko’zga ko’ringan milliy yetakchi - Abdulla Rahimboyevdir (1896-1938). Abdulla Rahimboyevning siyosiy faoliyati nihoyatda serqirra bo’lib, mustabid tuzum siyosatiga qarshi dadil chiqishlari buning yorqin ifodasidir. Masalan, u 1921 yilning dekabrida bo’lib o’tgan RSFSR Sovetlarining IX qurultoyi minbaridan turib, Rossiya hukumatiga ochiqdan-ochiq "Turkistondagi sovetlarning jazolash siyosati har qanday chegaralardan o’tib tushdi. Farg’ona viloyatidagi jazo otryadlari esa mutlaqo muxtor holatda, hyech kim bilan, partiya organlari bilan ham, sovet organlari bilan ham hisoblashmasdan, turli shubhali shaxslarni xizmatga olib harakat qilmoqdalar" degan bayonot bilan chiqdi. Lekin bunday tarzda sovetlar siyosatini tanqid qilish kechirilmas edi va 1922 yilda ishda yo’l qo’yilgan "qo’pol xatolari" uchun TASSR MIQ raisi A.Rahimboyev lavozimidan chetlashtirildi. Biroq vaqt o’tishi bilan Markaz unga "o’z xatolarini tuzatish” imkonini beradi va yana rahbarlik ishiga jalb qiladi. A.Rahimboyev RKP(b) MQ O’rta Osiyo byurosining a’zosi hamda TKP MQning ma’sul kotibi sifatida milliy-hududiy chegaralanishni o’tkazishning tepasida turdi. 1924 yilning fevralida u Buxoroga yuboriladi va bu yerdagi BXSR rahbar xodimlarining kengashida milliy-hududiy chegaralanishi to’g’risida ma’ruza qildi. 1924 yilning 10 martida Turkiston Kompartiyasi MQsi va Turkiston MIQ rahbar xodimlarining kengashida ham ma’ruza qilib, Rahimboyev milliy-hududiy chegaralanishni "...nisbatan ma’qul tarzda, og’riqsiz usullar" bilan o’tkazish kerakligini uqtirdi. Abdulla Rahimboyevning qismati ham milliy yetakchilarniki kabi qatag’on to’lqinlari avj olgan paytda hal qilindi. U 1938 yilda qurbon bo’ldi.
-II-
"Turkiston xalqlarining ildizi bir” - degan g’oya avloddan-avlodga o’tib, milliy yetakchilar, jamoat arboblari va milliy ziyolilar qarashlari hamda faoliyatlarida o’z aksini topib kelgan. Tarixan tarkib topgan uchta davlatni tugatib, o’rniga yangi tuzilmalarni vujudga keltirish markaz va ulkadagi bolshevistik rahbarlar tashabbusi bo’ldi. 1920 yil boshidayoq, Turkkomissiya Turkiston ASSRni bo’lib tashlab, milliy til belgisiga qarab muxtor respublikalar tashkil qilish masalasini qo’ygan edi. Bu o’sha yili iyun oyida RKP (b) ning Turkistonga oid qabul qilgan hujjatlarida o’z aksini topdi. Lenin Turkistonning "O’zbekiya, Qirg’iziya, Turkmaniya"ga bo’lingan xaritasini tuzish kerakligini uqtirdi. Bu rejaning amalga oshishi qarshilik harakati tufayli bir oz kechikdi. Turkistonni milliy jihatdan qayta chegaralash markaz va RKP(b) O’rta Osiyo byurosi tomonidan ishlab chiqildi va 1924 yilda qat’iylik bilan amalga oshirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |