Ekskursiya ma’lumoti usuli ob’ektni ko‘rish orqali rekonstruksiyalash va lokalizatsiyalash usullari bilan birga qo‘llaniladi. Gid o‘rganilayotgan ob’ekt haqida qisqacha ma’lumotlar havola etadi: qurilishi (restavratsiya) sanasi, loyiha muallifi, hajmi, maqsadi va boshqalar. Qo‘shimcha ob’ektlarni ko‘rsatishda esa gid ushbu usuldan foydalanib, guruhga ob’ekt haqida lo‘nda ma’lumot berib o‘tadi. O‘zining mazmuni va tarkibiga ko‘ra ushbu usul yo‘l-yo‘lakay ekskursiya axborotini eslatadi.
Tasvirlash usuli ekskursantlar ongida ob’ektning shakl-shamoyili, hajmi, qanday materialdan tayyorlanganligi, atrofdagi ob’ektlarga nisbatan joylashuvi haqida to‘g‘ri taasurotlar hosil bo‘lishiga yordam beradi. Tasvirlash usuliga aniqlik, konkretlik xosdir. Mazkur usul ob’ektning tashqi qismidagi o‘ziga xosligini gid tomonidan bayon etilishini nazarda tutadi.
Tasvirlash usuli nafaqat ob’ektlar, balki voqea-hodisalarni yoritishda ham qo‘llaniladi. Tarixiy voqealarni tasvirlash ob’ektlarni tasvirlashga nisbatan obrazli xarakterga ega. U ekskursantlarda obrazlarni gavdalantirish xayolan tasavvur qilish imkonini beradi. Avtobusli ekskursiyada tasvirlash usuli ob’ektni ko‘rsatishning barcha turlarida qo‘llaniladi (ob’ektni avtobusni tark etib yoki tark etmasdan tomosha qilishda ham).
Tavsiflash (xarakteristika berish) usuli predmet, hodisa, shaxsning sifati va farq qiluvchi xossasini aniqlashga qaratilgan. Ekskursiya jarayonida ob’ekt va shaxslarning so‘zli tavsifi (xarakteristikasi) beriladi.
Tasvirlash usulidan farqli ravishda tavsiflash usulida ob’ekt va uning o‘rnini aniqlashda bir qator xususiyat va xossalari sanab o‘tilib, ob’ektni o‘xshash ob’ektlar orasidan ajratadi yoki aksincha, ular bilan uyg‘unlashtiradi.
Tasvirlash usulida ob’ektning faqatgina tashqi qismlariga e’tibor qaratilsa, tavsiflash usulida uning ichki tomoni, ya’ni ko‘z ilg‘amas xossalari, qadr - qimmati, mualliflik yondashuvining o‘ziga xosligi, jozibadorligiga to‘xtalib o‘tiladi. Misol tariqasida Samarqanddagi «Registon» maydonini bezab turgan «Tillakori» madrasasini qisqacha tavsifini berib o‘tishimiz mumkin: Tillakori XV asrda poydevori qisman saqlanib qolgan karvonsaroy ustida qurilgan, imorat ham madrasa va ham shahar masjidi vazifasini o‘tagan. Masjid ko‘pgina gallereyani birikitiruvchi yagona markaziy katta zalga ega bo‘lib, hujralar bilan o‘ralgan ko‘rkam hovli ham mavjud. Aylana ustidagi tashqi feruza rang gumbaz bizning davrimizda tugal holga aylantirilgan. Mehrob yoniga baland marmar minbar qurilgandir. Obidani mozaik bezatishda sariq, yashil o‘ymakorlik san’ati jilolari keltirilgan. Masjidning ichki qismi kundal texnikasi asosidagi oltin suvi yuritilgan gulli o‘simlik bezaklari (uni Tillakori –Oltin bilan bezatilgan) bilan boyitilgan. Tillakorining sharqida Shayboniylar daxmasi joylashgan (XVI asr boshida ko‘chani to‘g‘rilash natijasida o‘zining ilk o‘rniga qaytarilgan). Mazkur baland bo‘yli, to‘g‘riburchakli, marmarli maydonda o‘z vaqtida Shayboniylarning Samarqanddagi avlodi qabrlari qo‘nim topgan. Madrasa ta’surotga boydir. Uni bir ko‘rish bilan bir umr esda saqlash mumkin.
Reportaj usuli jurnalistika janriga xos bo‘lib, ayni damda gid ko‘z oldida sodir bo‘layotgan hodisani tezkorlik bilan yetkazib berishdan iborat. Mazkur janrni qo‘llayotgan jurnalist har doim sodir bo‘layotgan voqea yoki hodisaning guvohiga aylanadi. Gid ekskursiya xizmati davomida ekskursantlar guvohi bo‘layotgan hodisa, jarayonni sharhlab boradi (masalan, hamirni bo‘lakchalarga ajratib, «Samarqandcha» nonni yasayotgan nonvoy harakatlari), ekskursantlar esa ko‘z o‘ngida jarayon rivojlanib borayotganligini kuzatadilar. Ushbu usuldan foydalanishning murakkabligi shundaki, hikoyaning ma’lum qismiga oldindan tayyorgarlik ko‘rilmaydi va individual matnga kiritilmaydi. U improvizatsiya xususiyatiga ega bo‘lib, gid tomonidan yo‘l-yo‘lakay voqea-hodisa kuzatilayotganda tuziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |