«Gid portfeli»dan foydalanish. «Gid portfeli»dagi ko‘rgazmali vositalarning mazmuni, mohiyati ekskursiya mavzusini tayyorlash va o‘tkazish uslubiga taalluqlidir. Har bir ko‘rgazmali vosita (fotosurat, rasm, kartinalar reproduksiyasi, portretlar, chizmalar, hujjatlar nusxasi) o‘zining tartib raqamiga ega bo‘lib, gid uni turgan joyidan yoki qo‘lma-qo‘l berib ko‘rsatishi mumkin.
Ba’zi ekskursiya xizmatida gid magnitofon yoki video tasmalarni eshitishni ham tashkillashtiradi. Muhimi, uskuna sozligi, yozuvlar sifatini oldindan tekshirishi kerak. Gid bundayin uskunalardan foydalanishni bilishi shart.
Ba’zi ekskursiya xizmatida urf-odatlar elementlari kuzatiladi. Masalan, «Motamsaro ona» haykaliga gul qo‘yilishi, masjidlarda namoz o‘qilishi va h.k. Bunday joylarda qat’iy rioya qilinishi kerak bo‘lgan tartib - qoidalar bilan gid ekskursantlarni tanishtiradi.
Ekskursiyani o‘tkazish texnikasi bilan bog‘liq tashkiliy masalalar «ipidan ignasigacha» o‘ylab chiqilmasa, ob’ektlarni kuzatish uchun qulay sharoit yaratilmasa, hatto qiziqarli hikoya ham, ob’ektlarni ko‘rsatish usullari ham zaruriy samarani bermasligi mumkin.
9.2. Ekskursantlarda e’tibor susayishi va uni bartaraf
etish yo‘llari
E’tibor qilish (diqqat qilish) insonning u uchun muhim bo‘lgan biror ob’ektga ruhiy faoliyatini yo‘naltirishi va fikrini jamlashidir. Ekskursantlarning e’tibori faqatgina ekskursiya mavzusi materiallariga qaratilishi uchun gid ularning fikrlash faoliyatini to‘g‘ri tashkil etishi, yo‘naltirishi lozimdir. Ekskursiya xizmatida ob’ektlarni ko‘rish va hikoyasida yangilik, mazmundorlik, soddalilik uyg‘unlashib, mavzu dolzarb bo‘lsagina ekskursantlar diqqati barqaror bo‘lishi mumkin. Katta hajmdagi ma’lumot ham qanchalik qiziqarli bo‘lmasin e’tibor susayishiga olib kelishi mumkin, gid bu kabi holatlar bilan kurashishni o‘rganishi lozim.
Gid hikoyasining qaysi daqiqalarida, qanday oraliqda e’tibor susayishi boshlanadi? Ekskursiya xizmati amaliyoti bilan bog‘liq bunday ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilmagan, lekin har bir gid o‘z tajribasida bu kabi muammoga duch keladi. E’tibor susayishining davriyligi va davomiyligi ko‘pgina sabablarga bog‘liq: gid ma’lumotlarining eskirganligi, nutqning yetarlicha obrazli, hissiyotli bo‘lmasligi, ob’ektni ko‘rsatish va hikoyasi mazmunidagi bog‘liqlikning yo‘qligi, gid tomonidan ekskursantlar guruhining o‘ziga xosligini tahlil qilmaganligi va h.k.
Ma’ruza o‘qish metodikasidan e’tiborning susayishi vaqti borasidagi yo‘nalishli ma’lumotlarni olish mumkin. Notiqlarning chiqishini tadqiq qilgan olimlar shuni aniqlashdiki, tinglovchilarda birinchi e’tibor susayishi ma’ruzaning 14-18 daqiqasida, ikkinchisi birinchisidan so‘ng 11-14 daqiqada, uchinchisi 9-11 daqiqadan so‘ng, to‘rtinchisi 8-9 daqiqadan so‘ng va keyinchalik har 4-5 daqiqada yuzaga keladi. Birinchi raqamlar yoshlardagi e’tibor susayishini ko‘rsatsa, ikkinchisi katta yoshdagilarga xosdir. Bu ma’lumotlarni gid ham notiq sifatida inobatga olishi mumkin, lekin uning faoliyati tashqi xalaqit beruvchi omillarning ta’siri bilan murakkablashadi(masalan, zaldagi ma’ruzachidan ko‘ra).
Ekskursiya jarayonida ob’ektlar, manzara o‘zgarib turadi va bu ekskursantlar e’tiboriga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Lekin bitta ob’ekt oldida 10 - 15 daqiqa uzluksiz ma’lumot berilsa yoki avtobus harakatida atrof-muhit o‘zgarishsiz qolsa, hikoyaning 4-5 daqiqasidayoq diqqat susayishi boshlanadi. Uni quyidagi belgilardan aniqlash mumkin: ekskursantlar bir-biriga savol bilan murojaat qilishadi, hikoyaga quloq solishmaydi, ko‘z qarashlaridan bilib olish mumkin, ba’zi ekskursantlar guruhdan ajralib, ob’ektni mustaqil o‘rganishadi.
Ekskursantlardagi e’tibor susayishini oldini olish va uni yuqori darajada saqlab qolish uchun gid ularni faollashtiruvchi ruhiy- pedogogik usullarni oldindan o‘ylab qo‘yishi kerak. Ekskursantlar e’tiborini saqlab qolish uchun bir necha usullar tavsiya etiladi.
Birinchisi, ekskursiya ob’ektlarini ko‘rsatish tartibi. Shahar ichidagi 3 soatli avtobusli ekskursiyada 30 tagacha asosiy ob’ektlarni kiritish mumkin. Bunda har bir ob’ektga 4 daqiqalik hikoya to‘g‘ri keladi. Ob’ektlarni ko‘rsatish jarayoni ekskursantlar e’tiborini faollashtiruvchi samarali jarayon bo‘lishi uchun u konkret, obrazli, faol, mantiqan ketma-ket, mavzu mazmunini yoritishda navbatdagi pillapoya bo‘lishi kerak.
Ikkinchisi, «gid portfeli»dagi ko‘rgazmali vositalardan foydalanish. Ob’ektlar yetarli bo‘lmagan marshrut uchastkalarida va gid hikoyasi 10-15 daqiqa to‘xtovsiz davom etganda ko‘rgazmali vositalardan foydalanishi muhimdir. Ko‘rgazmali vosita ekskursantlarning hikoyaga bo‘lgan e’tiborini ko‘taradi, ular eshitishdan ko‘rishga o‘tadi.
Ekskursiya mavzusi matniga «yorqin faktlar», qiziqarli epizodlarni kiritish tavsiya etiladi. Solishtirish uchun keltirilgan raqamli faktlar yaxshi samara beradi. Ekskursantlar e’tiborini saqlab qolish uchun qo‘llanilgan yorqin faktlar ekskursiya mavzusiga mantiqan mos kelishini ekskursiya matni ustida ishlayotganda inobatga olinadi.
Hazillar, latifalar ham diqqat susayishi bilan kurashda qo‘l keladi. Hazil aqliy va jismoniy yengillik bag‘ishlaydi, eshituvchilarda ijobiy kayfiyat uyg‘otadi, gid va ekskursant o‘rtasida iliq munosabatlarni shakllantiradi. Gid shuni yodda tutishi kerakki, ekskursantlarni atayin kuldirish uchun mavzuga to‘g‘ri kelmaydigan hazillar, latifalardan foydalanmaslik lozim.
Yuqorida aytib o‘tilgan savol-javob usulini ham ekskursantlardagi e’tibor susayishini oldini olishda qo‘llash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |