Ob’ekt oldida ekskursantlarni joylashtirish tartibi. Ekskursiya mavzusini tayyorlash jarayonida ekskursantlar ob’ektni kuzatishi uchun qulay bo‘lgan bir nechta variantlari aniqlanadi. Bunday variantlar ob’ektni ko‘rishda belgilangan joyni boshqa guruh band etganida yoki quyosh nuri ko‘zni qamashtirganda qo‘llaniladi. Jazirama issiq kunlarda ekskursantlarni soya salqinda, yomg‘ir paytida pana joylarda, daraxt ostida joylashtirish tavsiya etiladi. Agarda ob’ektni atrof-muhit bilan uyg‘unlikda ko‘rsatish rejalashtirilgan bo‘lsa - uzoq nuqta va aksincha agar ob’ektning alohida detallari tahlil qilinsa - yaqin nuqta tanlanadi. Bularning barchasi texnologik xaritaning «tashkiliy ko‘rsatmalar» grafasida yoziladi. Har bir gid bu ko‘rsatmalarni diqqat bilan o‘rganib, ekskursiyani o‘tkazishdan avval joylashtirish nuqtalarini ko‘rib chiqadi. Ob’ektlarni kuzatishda va avtomagistrallardan o‘tishda ekskursantlarning xavfsizligini ta’minlash ham talab etiladi.
Bir vaqtda ob’ekt oldida bir necha guruh kelgan bo‘lsa, ularni shunday masofa oralig‘ida joylashtirish lozimki, gid o‘zining hikoyasi bilan boshqa gidga halaqit bermasin. Ayniqsa, muzeylarda eksponatlarni ko‘rsatishda bundayin muammoga duch kelish mumkin.
Ekskursantlarning harakatlanishi tartibi (avtobusdan ob’ekt tomonga, ob’ektdan avtobus tomonga, ob’ektlar oralig‘ida). Ekskursantlar guruhi harakatlanayotganda gidning o‘rni ularning o‘rtasida bo‘lib, bir nechtasi oldinda, bir nechtasi yonidan, qolganlari orqadan yurishadi. Muhimi, ekskursantlarning tarqalib ketmasligi va guruh boshiyu oxiridagi masofa 5-7 metrdan oshmasligi kerak. Gid ekskursantlarning jipslashuvini ta’minlashi zarur. Agarda ular tarqalib ketsa gidning hikoyasini eshitmay qolishi, mavzuning mohiyatini anglay olmasligi mumkin. Tajribali gidlar marshrutda ekskursantlar harakatini boshqarishni ham eplaydi.
Ekskursantlarning bir maromda harakatlanishi ularning tarkibiga (bolalar, yoshlar, o‘rta yoshlilar, qari kishilar), joyning relefiga (tog‘ zonasi, yo‘llar holati, zavodlarda va sh.k.) bog‘liqdir. Piyoda ekskursiyada ob’ektlarning bir-biriga yaqin joylashganligi sababli ekskursantlarning harakati ham sekin, bir maromda bo‘ladi. Avtobusli ekskursiyada ekskursantlar harakatini bir maromda ushlash qiyinroq kechadi. Shuning uchun, gid avtobusdan tushishi bilan birdaniga harakatlanmasdan, barchaning tushishini kutadi (ayniqsa, ko‘riladigan ob’ekt uzoqroqda joylashgan bo‘lsa).
Gid marshrut jarayonida ekskursantlarning mustaqil harakatlarini ham boshqaradi. Masalan, ekskursantlar ob’ektdagi yozuvlarni mustaqil o‘qiydilar, me’moriy jozibadorligini tahlil qiladilar, cho‘qqiga uning balandligini ko‘rish uchun chiqadilar, minoralarga uning «g‘aroyib zinalari» bo‘ylab ko‘tariladilar. Bunday harakatlar ularning taassurotlarini boyitadi, qo‘shimcha ma’lumotlar olishiga hamda ob’ektning betakror xususiyatlarini his qilish imkoniyatini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |