11.2.2-Rasm. Xo‘jalik faoliyati sohalaridagi iqtisodiy xavfsizlik turlari.
Oziq-ovqat xavfsizligi mamlakat aholisining asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan etarli darajada ichki imkoniyatlardan foydalangan holda ta’minlanishini, importga bog’liqlikni minimum darajasiga erishishni ifodalaydi.O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun ikki yo‘nalishda chora-tadbirlar amalga oshirildi:
- qishloq aholisi tomorqa maydonlarini kengaytirish va yangilarini ajratib berish;
- qishloq xo‘jaligi ekinlari tarkibini qayta ko‘rib chiqish.
Davlatning oziq-ovqatga oid siyosati kartoshka, meva-sabzavot mahsulotlari bilan ham o‘z-o‘zini ta’minlashni ko‘zda tutadi. Aholiga etarli darajada chorvachilik mahsulotlari va o‘simlik yog’i etkazib berish, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash uchun zarur bo‘lgan bazani barpo etish, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari asosiy turlarining etarli zaxirasini shakllantirish, ularning chakana baholari barqarorligini ta’minlashga erishish, chetdan keltirilayotgan mahsulotlar hajmlarini qisqartirib borish kabilar ham oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning muhim yo‘nalishlari hisoblanadi.
Ekologik xavfsizlik tabiiy muhitga turli noxush ta’sirlardan, tabiiy ofat va halokatlardan hamda insonlarning va xo‘jalik sub’ektlarining atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan himoyalanganlikni ifodalaydi. Bu xususiyatlar iqtisodiy adabiyotlarda "ekologik imperativ" degan tushuncha bilan izohlanadi.1 Mazkur tushuncha tabiiy muhit bilan insonning fiziologik va ijtimoiy xususiyatlari o‘rtasidagi nisbatni ifodalaydi.
Moliyaviy xavfsizlik mamlakat va uning hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligi va rivojlanishi uchun zaruriy moliyaviy sharoit va resurslarning yaratilganligi, moliyaviy tizimning yaxlitligini saqlash hamda ichki va tashqi iqtisodiy manfaatlar tahdidlariga muvaffaqiyatli qarshilik qilishni ifodalaydi. Bu xavfsizlik pul, byudjet, kredit, soliqqa tortish va valyuta tizimlarida vujudga keladigan tahdidlarning oldini olish, ulardan muhofazalanish kabilarni o‘z ichiga oladi.
Ijtimoiy tavsifdagi xavfsizlik aholining eng boy va eng quyi tabaqalari daromadlari o‘rtasidagi farq, kambag’allik va qashshoqlik muammosi, turli yuqumli kasalliklar ko‘lamining kengayishini oldini olish zaruratida o‘z ifodasini topadi.
Mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashda, uning jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvida ichki va tashqi transport yo‘l va aloqa kommunikatsiyalari tizimining yaratilishi oqibatida transport yo‘l va aloqa kommunikatsiyalari xavfsizligi ta’minlanadi.
Mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun uning indikatorlari monitoringini tashkil etish zarur.
Iqtisodiy xavfsizlikning umumiy ko‘rsatkichlari (indikatorlari) quyidagilardan iborat:
- turmush darajasi va sifati;
- inflyatsiya sur’ati;
- iqtisodiy o‘sish;
- byudjet defitsiti; davlat qarzi;
- jaxon iqtisodiyotiga kirib borganlik;
- "xufyona iqtisodiyot" faoliyati;
- mulk tarkibi;
- soliq tizimi;
- bozor infratuzilmalarining rivojlanishi.
Hududiy darajada umumiy ko‘rsatkichlardan tashqari yana quyidagi ko‘rsatkichlar iqtisodiy xavfsizlikni ifodalaydi:
- aholi daromadlari; chakana narxlar darajasi;
- uy-joy bilan ta’minlanganlik;
- qochoqlar, emigrantlar va boshqalar soni;
- hududning mamlakat YAIMdagi ulushi;
- hududning to‘lov balansi;
- eksport-import saldosi (11.2.3-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |