Ifodalilik. Jurnalistning vazifasi gazetxonda o‘z maqolasiga nisbatan qiziqish uyg‘otish, auditoriya e'tiborini oxirigacha tutib turishdan iborat. Ifodalilikning bosh sharti – jurnalistning o‘z uslubi, ovozi, hissiyoti, mustaqil fikri, pozitsiyasining bo‘lishidir. Ifodalilik originallik, betakrorlik, kutilmaganlikni nazarda tutadi. Shu ma'noda ifodali nutq bu – doimo yangi, “tesha tegmagan” nutqdir. Aynan shunisi bilan u tinglovchilarda qiziqish uyg‘otishi mumkin. Ifodalilik darajasi, kerakli samaraga erishish uchun zarur vositalar muallifning individualligi tinglovchilargagina emas, muloqot vaziyatiga ham bog‘liqki, aynan shu omil mulohaza usuli va janrini belgilaydi.
Jurnalistning kasb mahorati aslida shundan iborat. Ifodalilik nutqning boshqa sifatlaridan butun matnga xos bo‘lgan xususiyat ekanligi bilan farq qiladi. Bundan tashqari, ifodalilik eng ta'sirchan “kommunikativ xususiyat”, chunki u jurnalist tomonidan muayyan o‘quvchi yoki tinglovchiga muloqotning aniq sharoitida ko‘rsatilgan ta'sir, taassurotni baholash imkonini beradi. Demak, matnning ifodaliligi/ifodasizligi haqidagi xulosani faqat auditoriya chiqarishi mumkin.
Ifodalilik ekspressivlikka asoslanadi. Ekspressivlik avvalo, umumiy neytral fonda til yoki nutqiy faktni ajratib ko‘rsatish, orttirilgan intensivlikni tushunishni bildiradi. Masalan, “Bilsangiz, bahor elchisi, ilk ko‘klamiy iforlarni borliqqa tarqatuvchi ...” (“Jamiyat”. 7.03.08). Bahor elchisi nutqqa obrazlilik, ekspressivlik bag‘ishlash maqsadida ko‘chma ma'noda ishlatilgan. Ko‘klamiy ifor hissiy - ekspressiv bo‘yoqdorlikni oshirishda qo‘llanilgan.
Publitsistik nutqning asosini ekspressiya va standartning to‘qnashuvi tashkil etishini hisobga olgan holda, shuni aytish o‘rinliki, til vositalarini nostandart tarzda qo‘llash har doim ham muvaffaqiyatli chiqavermaydi. Shu bois, ekspressiyaning har qanday ko‘rinishini ham ifodali deb bo‘lmaydi. Boshqacha aytganda, ifodalilik, bu – afzallik bo‘lib, mazkur termin faqat ijobiy baho ma'nosida qo‘llaniladi. Shu bois ifodalilik/ifodasizlikni baholash uchun matnni butunligicha ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi (matning bir qismiga qarab biz faqat ekspressiyaning bor-yo‘qligi, muayyan ifoda vositasining o‘rnida ishlatilganini qayd etishimiz mumkin, xolos). Shu bilan birga, matnning ifodali-ifodasizligi haqidagi umumiy xulosa muallif tomonidan ta'sirchanlikni oshirish vositalari-ning to‘g‘ri qo‘llangani, uning jurnalist o‘z oldiga qo‘ygan kommunikativ vazifa, maqolaning uslubi va janriga mos kelishini baholashdan tarkib topadi.
OAV tilida (ayniqsa gazetada) ifodalilik vositalari turli - tumandir: “Gazeta-publitsistik nutq ifodaliligining turli-tuman vosita-laridan foydalanadi. Bular orasida ham axborot (masalan, rasmiy xabarning mazmunini sarlavhaga olib chiqish), ham hissiyotga oid (metafora, epitet, obrazli o‘xshatishlar), ham ochiq ifoda vositalaridan foydalaniladi”2.
Masalan: «Yo‘lovchilarning vujudlari quloqqa aylangan go‘yo” («Xalq so‘zi»). Muallif matnda o‘xshatish qilib vujudni quloqqa aylantirgan. Bunday usul xato hisoblanmaydi va, aksincha, gapga bo‘yoq beradi va uning ifodaliligini oshiradi.
Iboralar ham jurnalist nutqi ifodaliligini oshiradi: «Ayniqsa, pulga ruju qo‘yganlarni yo‘ldan adashtirish xamirdan qil sug‘urishday bir gap». («Xalq so‘zi») «Bu holatning guvohi bo‘lgan tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor muovini avvaliga ichagi uzilib kulgan, bir kuni bu so‘zlardan o‘zi erib ketganida esa, maktab zalida chinakamiga bolalarni quvlab yurganini ko‘rib hayratdan yoqa ushladim» («Ma'rifat».); “Fan olamidagi bunga o‘xshash bag‘ritorlik, jaholat ne-ne ezgu kashfiyotlarni yulduz ko‘rmay jon berishiga olib kelgan” (“Hurriyat”); “Quruq qoshiq og‘iz yirtadi deganlari rost. Qog‘ozda boru amalda yo‘q (,) qaror ozuqa emaski, qirchillama qishda ...” (“O‘zbekiston ovozi”.).
Mantiqiylik aniqlik bilan chambarchas bog‘liq bo‘lganligi sababli mantiqqa zidlik o‘zaro farq qiluvchi turli tushunchalarni solishtirish yoki bir-biriga qarama-qarshi qo‘yishda namoyon bo‘ladi.
Nutqning to‘g‘riligi bu – jurnalist va o‘quvchining o‘zaro anglashuvini ta'minlovchi asosiy kommunikativ xususiyatdir.
Shu tariqa, to‘g‘ri nutq faqat til sofligini saqlab qolish emas, balki nutqdagi (orfografik, punktuatsion, grammatik) xato oqibatida kommunikativ xato yuzaga kelmasligi, o‘quvchi jurnalist yozgan narsani yaxshi tushunishi uchun ham kerak. To‘g‘ri nutq, bu – nutqning kommunikativ sifatlariga to‘la amal qilishdir.
Jurnalist nutq faoliyati davomida ko‘zlangan kommunikativ maqsadlarga erishish uchun nutqning kommunikativ sifatlariga amal qilishi, o‘z nutqini aniq, to‘g‘ri, mantiqiy, o‘rinli qura olishi va uning sofligini ta'minlashi lozim.
Tahrir ijodiy jarayon bo‘lib, muxarrirdan nutqiy mahorat va adabiy til me'yorlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishni talab qiladi.
Nazorat savollari
1. Nutq madaniyatiga ta'rif bering.
2. Media tili adabiy me'yorlarning qaysi talabiga rioya qilishi kerak?.
3.Nutq sifatlari xaqida ma'lumot bering.
4. Media tilida xatoliklar tipologiyasini misollar yordamida tasniflang.
Do'stlaringiz bilan baham: |