BOB. I.CHORVACHILIK OMILLARI
1.1. CHORVACHILIKNING RIVOJLANISH DARAJASI VA ISTIQBOLI
Chorvachilik - qishloq ho‘jaligining chorva mahsulotlarini yetishtirish maqsadida chorva mollarini urchitish bilan shug‘ullanuvchi tarmog‘i. Chorvachilik aholini ish hayvonlari (ot, ho‘kiz, eshak, tuya, bug‘u), oziq-ovqat mahsulotlari (sut-qatiq, go‘sht, yog‘, tuxum va boshqa), yengil sanoatni xom ashyo (jun, teri, mo‘yna va hokozo), qishloq xo‘jaligini organik o‘g‘it (go‘ng) bilan ta’minlaydi. Chorvachilik mahsulotlari va chiqindilaridan ayrim ozuqalar (yog‘i olingan sut, go‘sht-suyak uni, suyak uni va boshqalar), shuningdek, har xil dori-darmon preparatlari (shifobaxsh sivorotkalar, gormonal preparatlar va boshqa) olinadi.
Chorvachilikning taraqqiy etishi va mahsuldorligi dehqonchilikning rivojlanishi, yerdan intensiv foydalanish bilan chambarchas bog‘liq. Chorvachilik tarmoqlari: qoramolchilik (sut, go‘sht-sut va go‘sht yetishtirish uchun boqiladigan qoramol), cho‘chqachilik, qo‘ychilik, echkichilik, yilqichilik, tuyachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, quyonchilik, darrandachilik (hayvonotchilik), bug‘uchilik, eshakchilik, xachirchilik, itchilikdan iborat.
Chorvachilik tizimi – chorvachilik tarmog‘ining yo‘nalishini va chorva mollarini urchitish, boqish hamda asrash usullarini aks ettiruvchi tashkiliy, zootexnika va veterinariya tadbirlari majmuasi. Bu tadbirlar kam mehnat va mablag‘ sarflab, ko‘p mahsulot yetishtirishga qaratilgan. Chorvachilik sistemasi mahalliy tabiiy-iqtisodiy sharoit va xo‘jalikning ishlab chiqarish resurslariga qarab shakllanadi.
Chorvachilik tizimida: chorvachilikning tovar mahsulot strukturasi (jun, tuxum va boshqa) bilan izohlanadigan ayrim tarmoqlarini rivojlantirish; mehnat unumdorligi va rentabellik; chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish talablariga javob beradigan va iqtisodiy jihatdan qulay qoramol zotlari; naslchilik ishlari uslublari; qoramol tuyog‘i zichligi (100 ga yerga to‘g‘ri keladigan qoramol soni), chorvachilikning poda strukturasi va podani to‘ldirish usullari, sigirlardan foydalanish muddatlari hamda jadalligi va boshqa omillar ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari bilan izohlovchi intensivlik darajasi; yem-xashak yetishtirish sistemasi; mol boqish turi; mol asrash usullari; ishlab chiqarish vositalarini tuzish, chorvachilikda ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizatsiyalash darajasi, mashinalar sistemasi, chorvachilik binolarini qurish va uskunalash turi; chorvachilikda sanitariya hamda veterinariya xizmatini tashkil etish kabi masalalar hal qilinadi.
Chorva mollarini asrash usuliga qarab, qo’yidagi chorvachilik tizimlari mavjud:
Do'stlaringiz bilan baham: |