Qozoqi oqbosh zotiga go‘sht-sut uchun boqiladigan turdagigi mollar kiradi. Bu zot Qozog‘istonda yaratilib, O‘zbekistonga keltirilgan. Sigir bo‘yining balandligi, gavdasining yirikligi, suyaklarining baquvvat va muskullarining yaxshi rivojlanganligi bilan ajralib turadi. Tusi to‘q qizil, boshida oq rang, tirik vazni 500-550 kg. Naslchilik xo‘jaliklarida sigirlarning har biridan 2200-2500 kg dan sut sog‘ib olinadi, sutining moylilik darajasi 3,7-3,8% ga teng. Sigir boqishning to‘g‘ri tashkil etilishi ularning sersutligini ta’minlovchi asosiy shartdir. Oziq turini puxta tanlash va ratsionni to‘g‘ri tuzish yo‘li bilan sigirlar sutini ko‘paytirish mumkin.
Kurgan qoramol zoti - sut va go‘sht uchun boqiladigan qoramol zoti. Kurgan oblastida Sibir jaydari molini shortgorn, simmental, bestujev, golland, shvis, xolmogor va boshqa zot buqalar bilann chatishtirish natijasida yetishtirilgan. Tusi to‘q qizil, qizg‘ish-ola, ko‘kragi keng. Tanasi ancha yirik. Yag‘rinidan balandligi 130 sm, ko‘krak aylanasi 189 sm. Sigirlari 500-550 kg, buqalari 800-900 kg, yiliga 3000-3200 kg sut beradi. Sutining yog‘liligi 4-4,4%.
Latviya qo‘ng‘ir qoramol zoti - suti uchun boqiladigan qoramol. Latviya jaydari mollarini angeln va Daniya qizil mol zotlari bilan chatishtirib yetishtirilgan. Tuzilishi pishiq, oyoqlari kalta, muskullari rivojlangan, kallasi kichik, tumshuq qismi cho‘ziqroq. Yag‘rinidan balandligi 126 sm, gavdasining qiya uzunligi 154 sm, ko‘krak aylanasi 183 sm. Buqalarining o‘rtacha vazni 750-800 kg, sigirlariniki 450-550 kg, yiliga o‘rtacha 3500 kg sut (yog‘liligi 4%) beradi. 1956 - 64 yillarda Latviyadan O‘zbekistonga keltirilgan.
S hvits zoti. Bu zot ko‘proq Farg‘ona vodiysi viloyatlari xo‘jaliklarida, Samarqand, Jizzax, Toshkent va Surxondaryo viloyati xo‘jaliklarida uchraydi. Ularning tusi asosan kul rang bo‘ladi (17- rasm).
Sigirlarining tirik vazni 480-550 kg, buqalariniki 800-950 kg keladi. Ayrimlari 1100 kg gacha borishi aniqlangan. Sigirlari sog‘in davrida yog‘ miqdori o‘rtacha 3,6-3,8% bo‘lgan 3000-4200 kg sut beradi. Ayrimlari (rekordchi sigirlari) 9000-10200 kg va undan ham ko‘proq sut berganligi maxsus adabiyotlarda aks ettirilgan. Ba’zan sut tarkibidagi yog‘ miqdori 4,7 % ga yetishi aniqlangan.
Olatov zoti. Bu zot ham sut-go‘sht yo‘nalishidagi mahalliy qirg‘iz va qozoqi sigirlarni shvits zot buqalardan qochirish natijasida va naslini o‘zaro chatishtirib, tanlash, saralash yo‘li bilan yaratilgan. Bu zot respublikamizda oz miqdorda bo‘lgani holda asosan Farg‘ona vodiysining ayrim xo‘jaliklarida boqiladi.
Sigirlarining tirik vazni 500-550 kg, buqalariniki 850-950 kg. Sog‘in davrida yog‘ miqdori 3,8 - 4,0 % bo‘lgan 2800-3500 kg sut beradi. Bu zot o‘zining kelib chiqishiga ko‘ra tog‘ zonasi sharoitiga yaxshi moslashgan hayvon hisoblanadi.
Nazorat savollari
1.Qoramollarning qanday zotlari bor?
2.Eng kup sut beruvchi qanday sigir zotlari bor?
3.Qozoqi oqbosh va latviya qo‘ng‘ir sigir zotlarini ayting.
4.Shvits va olatov sigir zotlari haqida so‘zlang.
Do'stlaringiz bilan baham: |