11-Mavzu: Tovar va pul munosabatlari
1.Natural ishlab chiqarishdan tovar ishlab chiqarishga o‘tish va uning rivojlanishi
Kishilik jamiyatining rivojlanishida ijtimoiy xo‘jalikni tashkil etishning ikkita umumiy iqtisodiy shakli ajralib turadi. Umumiy iqtisodiy shakllarning tarixan birinchisi natural ishlab chiqarish hisoblanadi. Ijtimoiy xo‘jalikning bu shaklida yaratilgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchining o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun, xo‘jalik ichki ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan. Demak, o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun ishlab chiqarish – natural ishlab chiqarish, bunday ishlab chiqarishga asoslangan xo‘jalik esa – natural xo‘jalik deb ataladi. Iste’mol hajmi va tarkibi ko‘pincha ishlab chiqarish hajmi va tarkibiga mos kelgan, ularning bir-biri bilan bog‘lanishi bir xo‘jalik doirasida amalga oshganligi sababli juda oson kechgan. Bunday munosabatlar eng avvalo ibtidoiy jamoada, keyinchalik patriarxal dehqon xo‘jaligi, feodal pomestyalarida hukm surgan. Natural ishlab chiqarish shakli barcha iqtisodiy jarayonlarni bir xo‘jalik doirasida qat’iy cheklab qo‘yadi, tashqi aloqalar uchun yo‘l ochilmaydi. Ishchi kuchi muayyan xo‘jalikka juda qattiq biriktirib qo‘yiladi va ko‘chib yurish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Natural xo‘jalik shakllarining xuddi shu xususiyatlari qishloq xo‘jalik jamoalarini ming yillar davomida barqaror saqlanib qolishining «siri»ni ochib beradi. Natural xo‘jalik ishlab chiqarish maqsadlarini nihoyatda cheklab, hajmi va turi jihatidan kam bo‘lgan ehtiyojlarni qondirishga bo‘ysungan. Shuning uchun ham jamiyat rivojlanish yo‘lida asta-sekinlik bilan natural ishlab chiqarishdan tovar ishlab chiqarishga o‘tadi.
Hozirda ijtimoiy xo‘jalik yuritish shakli sifatida natural xo‘jalik deyarli barham topgan. Shunga qaramay, hali u qadar rivojlanmagan hamda jahon hamjamiyati iqtisodiy aloqalaridan ajralib qolgan qoloq mamlakatlarda natural xo‘jalik ko‘rinishlari hamon saqlanib qolgan. Shuningdek, tovar ishlab chiqarish ommaviy tus olishiga qaramay, ijtimoiy hayotning ba’zi bir jabhalarida natural ishlab chiqarish elementlarini uchratish mumkin. Masalan, oiladagi shaxsiy ehtiyojlarni qondirish uchun uy bekalari tomonidan ovqatlar, turli xil konserva mahsulotlarining tayyorlanishi, kir yuvish, dazmollash, uylarni tozalash kabi xizmatlarning bajarilishi, shaxsiy tomorqada turli xil sabzavot va rezavor mevalarning etishtirilishi kabilar shular jumlasidandir. Biroq, shunga qaramay, kishilik jamiyati taraqqiyotining yuksalib borishi bilan, natural ishlab chiqarish miqyoslari qisqarib, o‘z o‘rnini tovar ishlab chiqarishga bo‘shatib beradi.
Mahsulot va xizmatlarni o‘z ehtiyojini qondirish uchun emas, balki bozorda ayirboshlash uchun ishlab chiqarish – tovar ishlab chiqarish, bunday ishlab chiqarishga asoslangan xo‘jalik esa – tovar xo‘jaligi deyiladi. Tovar xo‘jaligida kishilar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar buyum orqali, ular mehnati mahsulini oldi- sotdi qilish orqali namoyon bo‘ladi. Tovar ishlab chiqarish natural xo‘jalikning rivojlanishi, mahsulotlar turi va miqdorining o‘sishi natijasida paydo bo‘ladi. Natural va tovar xo‘jaliklarining bir-biridan farqini 4.1-jadval orqali ko‘rish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |