Mulohaza tafakkur shakli sifatida. Mulohazani tafakkur shakli sifatida tushunish uchun avvalo, ob’ekt va sub’ekt tushunchalarini bilish, ularni etarlicha farqlash lozim. Ob’ekt insondan tashqarida bo’lgan, insonning sezgilariga, ongiga ta’sir etib, unda o’z-o’zini qoldirishi mumkin bo’lgan voqelik - narsa va hodisalar majmuasidir. U doimo harakat qilish va o’zgara borish xususiyatiga ega. Sub’ekt esa ongli, narsa va hodisalarni maqsadga muvofiq tarzda aks ettiruvchi inson. Inson sub’ekt sifatida olamdan keladigan ma’lumotlarni qabul qiladi, ularni qayta ishlaydi va o’zlashtiradi. Inson tomonidan o’zlashtirilgan ma’lumotlar yangicha tus oladi, ya’ni insoniylashadi. Insoniy bilimlar shu jihatdan ob’ektga ehtiyoj sezsada, ular ob’ektdan “o’zib ketgan” unga nimadir qo’shgan holda ruyobga chiqadilar.
Inson voqelikdagi narsa va hodisalarga o’z xayolot olami boyliklarini ham qo’shib aks ettiradi. Bunda insonning ijodiy faolligi ko’rinadi. Demak, sub’ekt bilimlari mazmun jihatidan o’zi kelib chiqqan ob’ektlar xususiyatlaridan boyroq bo’lishi mumkin ekan.
Mulohaza ham ob’ektiv olamdagi narsa va hodisalarni ongda aks ettiruvchi tafakkurning o’ziga xos shakli bo’lib, u sub’ekt faoliyatining ajralmas qismidir.
Bu aks ettirishning o’ziga xosligi nimada? Mulohazalarda narsalar, hodisalar, ularning belgilari, munosabatlari haqida tugal bilimlar aks etadi; ularning ma’lum xususiyatga ega ekanliklari ma’qullanadi yoki rad etiladi.
Narsalar va hodisalarning belgilari haqida tasdiqlab yoki inkor qilib aytilgan fikr mulohaza deyiladi.
Masalan, “O’zbekiston mustaqil davlatdir”; “Hamma mustaqil davlatlar o’z konstitutsiyasiga egadir”; “Inson ongli mavjudotdir”; “Hech bir inson orzu - umidsiz yashamaydi”; “Hech bir jism harakatsiz turmaydi”, desak, narsa va hodisalarning biror xususiyatga ega ekanligini tasdiqlaymiz va inkor etamiz.
Lekin, inson o’z bilimlarida voqelikni undan “o’zib ketgan” holda aks ettirish bilan birga undan “ortda qolgan” holda ham aks ettiradi. Bunday hollarning har ikkalasi ham bilim bilan voqelik o’rtasidagi nomuvofiqlikdir. ya’ni, bunda inson o’z tajribasi yoki tajribasizligi tufayli voqelikni asliyatdan buzgan holda xato aks ettirgan. Agar, narsa va hodisalar aslida qanday bo’lsa shundayligicha aks ettirilsa, bunday mulohazalar chin bo’ladi. Agar, narsa va hodisada bo’lmagan biror belgi ularga xos deya aks ettirilsa, bunday mulohaza xato bo’ladi.
“Buxoro qadimiy shahar”; “Toshkent O’zbekistonning poytaxti”; “O’zbekiston avtomobil sanoatiga ega bo’lgan davlat” kabi mulohazalar chin mulohazalardir. “Barcha tirik organizmlar abadiy yashaydi”; “Hayvon ongli mavjudot”, “Quyosh er atrodida aylanadi” kabilar esa xato mulohazalardir. Ularning birinchi guruhida narsa va hodisalar qanday bo’lsa shundayligicha aks ettirilgan, ikkinchi guruhida narsa va hodisalarda uchramaydigan xususiyatlar ularda bor deb e’tirof etilgan. Mulohazalarning voqelikka mos kelishi yoki mos kelmasligi ularning sifatiga, ya’ni, tasdiq yoki inkor bo’lishiga bog’liq emas. Xato mulohazalar ham chin mulohazalar ham tasdiq yoki inkor tarzda bo’lishi mumkin. Mulohazalarning chin yoki xatoligi ularning voqelikka mos kelishi yoki kelmasligida ko’rinadi. Bu esa kundalik amaliyotda yoki mantiqiy xulosa chiqarish yuli bilan isbotlanadi.
Kundalik hayotda, ba’zan, chin bo’lgan fikrlar xato sifatida, aksincha, xato fikrlar chin o’rnida qabul kilinishi mumkin. Fikrning chin yoki xatoligini belgilash uchun maxsus qoidaga amal qilinadi. Bu quyidagicha bo’ladi:
1. Agar A fikrning chinligi isbotlangan bo’lsa, uni chin deb e’tirof etish chin bo’ladi.
2. Agar A fikrning chinligi isbotlangan bo’lsa, uni xato deyish xato bo’ladi.
3. Agar A fikrning xatoligi isbot etilgan bo’lsa, uni chin deyish xato bo’ladi.
4. Agar A fikrning xatoligi isbot etilgan bo’lsa, uni xato deb e’tirof etish chin bo’ladi.
Bu qoida suhbatdosh tomonidan aytiladigan har qanday fikrni ham chin fikr sifatida qabul qilmaslikni, uni boshqalarning fikr mulohazalari bilan solishtirib ko’rishni talab qiladi.
Mulohaza voqelikni aks ettirar ekan, doimo gap yordamida o’z vazifasini o’taydi. Lekin, har qanday gap ham mulohazani ochik-oydin ifodalay olmaydi. Masalan, “Yashasin, o’zbek pahlavonlari!”; “Yo’lingiz oq bo’lsin!”; “Marsda hayot bormi?”; “Paxtakorlar yillik rejani bajardilarmi?” kabi gaplarda mulohazaning mazmuni ochiq bayon etilmagan, balki, yashirin holda berilgan. Chunki undov va surok gaplarda narsa va hodisalarning biror xususiyatiga ega yoki ega emasligi haqida aniq ma’lumot berilmaydi. Shu boisdan ular biror fikrning chin yoki xatoligini ko’rsata olmaydilar. Bunday vazifa darak gaplar yordamida bajariladi. Keltirilgan undov gaplarda da’vat, his - hayajon aks etgan, ularda biror narsaning ma’lum xususiyatiga ega ekanligi haqida tasdiq yoki inkor fikrni uchratamiz. So’roq gaplar ham xuddi shunday, ularning o’zlari ma’lumotga muhtoj. Ularning birida Marsda hayot bormi, deya so’ralsa, ikkinchisida paxtakorlarning yillik rejani bajarganliklari haqida ma’lumot talab qilinadi. Demak, har qanday fikr ham mulohaza bo’la olmaydi, balki narsa va hodisaning muayyan belgisi bor yoki yo’qligi haqida tasdiqlash yoki inkor qilish shaklida bayon etilgan fikrgina mulohaza bo’ladi.
Oddiy mulohazalar va ularning tarkibiy tuzilishi. Mulohazaning tarkibi - mantiqiy ega (sub’ekt - subjectum), mantiqiy kesim (predikat - Pradicatum) va mantiqiy bog’lovchidan tashkil topadi. Sub’ekt - fikrimiz qaratilgan narsa yoki hodisadir; predikat esa sub’ektga xos bo’lgan xususiyatlarni ko’rsatadi. Mantiqiy bog’lovchi ega bilan kesim o’rtasidagi aloqadorlikni ta’minlash uchun xizmat qiladi. Ya’ni, sub’ektning kesimda aks etgan xususiyatiga ega bo’lishini, kesimda aks etgan xususiyatlar sub’ektga daxldor ekanligini ko’rsatadi.
Mulohazaning sub’ekti lotincha Subektum so’zining birinchi harfi S bilan, predikatni esa lotincha Predikatum so’zining birinchi harfi - P bilan belgilanadi. Mantiqiy bog’lovchi “dir”, “emas” qo’shimchalari yordamida ifodalanadi. Ba’zan bu qo’shimchalar tushib qolishi ham mumkin. Masalan, “o’simlik tirik organizm”. Bunda “dir” qo’shimchasi tushib qolgan bo’lsada “tirik organizm” ekanlik o’simlikka xos bo’lgan xususiyatligi mantiqan anglashiladi.
Mulohazaning qismlarini tushunish uchun misollar keltiraylik. “O’zbekiston Markaziy Osiyodagi eng katta davlat”; “Oltin o’zidan elektr tokini o’tkazadi”; “Samarkand Amir Temur davlatining poytaxti”; “Ulug’bek bosqinchilik urushlari olib borgan emas”; “Qanoat besabr odamning ishi emas”.
Birinchi mulohazada “O’zbekiston” - sub’ekt, “Markaziy Osiyodagi eng katta davlat” - predikat. Bunda Markaziy Osiyodagi eng katta davlatlik xususiyati O’zbekistonga xos ekanligi e’tirof etilgan. Keyingi misolda qanoat besabr odamga xos emasligi ko’rsatilgan. Misollarning birinchisida O’zbekiston ega (sub’ekt), qolgan qismi kesim (predikat); ikkinchisida qanoat - ega (sub’ekt), qolgan qismi - kesim (predikat) dir.
Mulohazaning sub’ekt va predikasi mulohazaning atamalari deyiladi. Mulohazalar tarkibiy tuzilishi jihatidan oddiy va murakkab mulohazalarga bo’linadi. Oddiy mulohazalar bir mantiqiy ega va bir mantiqiy kesimdan tashkil topadi. “Kitob bilim manbaidir” degan mulohazada kitob - ega, bilim manbai - kesim; “Hech bir jism harakatsiz turmaydi” mulohazaida hech bir jism - ega, harakatsiz turmaydi - kesim.
Do'stlaringiz bilan baham: |