10. 2. Til siyosati
Markaziy partiyaviy-davlat organlarining 30-yillardagi til siyosati sobiq ittifoqning butun siyosiy makonini ruslashtirish tendensiyasi bilan chambarchas bog‘liq edi. Mazkur tendensiya nuqtayi nazaridan yozuvni yoyish harakatlari rus alifbosini boshqa millatlarga majburlab kiritish va rus tilini o‘zga tillardan ustun qo‘yishdek salbiy oqibatlarga olib keldi.
Ichki siyosatning etnik mustaqilligini yo‘qotib, soxta birlik kasb etgan “sovet xalqi”ni shakllantirishga qaratilgan behuda harakat mamlakatning til hayoti uchun ikki salbiy oqibatga olib keldi.
Birinchidan, bunday siyosat ko‘pgina mayda xalqlar tillarining tanazzulga yuz tutishini tezlashtirdi. Sotsiolingvistikada “kasal tillar”, ya’ni muloqot vositasi sifatida o‘z ahamiyatni yo‘qotgan tillar tushunchasi mavjud. Bunday tillar faqat katta yoshdagi kishilarning muloqotida saqlanib qolgan va ular asta-sekin yo‘qolib borayotgan tillar kategoriyasiga kiradi. Masalan, 1991-yilda kerek tili (Chukotka muxtor okrugi)da faqat 3 kishining so‘zlashishi qayd qilingan, xolos.
Ikkinchidan, markazlashtirish siyosati ittifoqdosh respublikalar bilan markazning katta milliy-madaniy to‘qnashuvini keltirib chiqardi va bunday jarayon qayta qurish yillarida ittifoq respublikalarining konstitutsiyasini, xususan, davlat tiliga taalluqli bandlarini yangidan ko‘rib chiqishga olib keldi. 1988-yilda Litvada boshlangan bunday jarayon 1989-1990-yillarga kelib butun ittifoqni qamrab oldi. SSSRning qulashi bilan Rossiya Federatsiyasida yangi to‘lqin – milliy subyektlarning konstitutsiyalariga rus tili bilan birga milliy tillarga ham davlat tili maqomini berish bandini kiritish masalasi kun tartibidan o‘rin oldi.
10. 3. Rossiya Federatsiyasining til islohoti
Rossiya ko‘pmillatli federativ davlat hisoblanadi. 1989-yildagi aholini ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada 128 ta millat vakili yashaydi. Keyingi ma’lumotlarda esa bu ko‘rsatkichning 176 taga chiqqanligi qayd qilingan. Rossiya Federatsiyasining tarkibida 32 ta milliy subyekt (respublikalar, muxtor viloyatlar va muxtor okruglar) mavjud. Ular Rossiya Federatsiyasi hududining 53%ni egallaydi. RF Konstitutsiyasiga ko‘ra, barcha subyektlar teng huquqlidir, shuningdek, mazkur respublikalar alohida davlat hisoblanib, o‘z konstitutsiyalariga egadirlar. Ular o‘zlarining davlat tillari va fuqaroliklarini belgilash huquqiga ega[2].
Rossiya uchun til siyosati xalqlararo munosabatlarning eng muhim muammosi hisoblanadi. Til – butun bashariyatning va har bir shaxs madaniyatining ko‘zgusi, katta- kichik, barcha xalqlarning azaliy qadriyati hisoblanadi.
RSFSRning “RSFSR xalqlarining tillari haqida”gi (1991) Qonuniga muvofiq rus tili davlat tili maqomiga ega. Shuningdek, Rossiyada o‘z milliy tilini yo‘qotgan xalqlar rus tilini ona tili sifatida tan olish tendensiyasi ham mavjud. Jumladan, karellarning yarmi, boshqird, komi, mordva, udmurlarning uchdan biri, mariy va chuvashlarning 20-25% rus tilini ona tili hisoblashadi. Keyingi yillarda bolalarni milliy maktablarda o‘qitishning nufuzi ham tushib borganligi kuzatiladi. 80-yillarning ikkinchi yarmiga kelib, Rossiyada rus bo‘lmagan aholi bolalarining 9% gina milliy maktablarda o‘qigan. Bunday vaziyatni zudlik bilan tuzatish uchun 1991-yilning 25-oktabrida RF Parlamenti tomonidan “RSFSR xalqlarining tili haqida”gi Qarori qabul qilindi. Unga binoan har bir fuqaro o‘z ona tilidan foydalanish, ta’lim va tarbiyani o‘z ona tilida olib borish huquqiga egadir.
1990-yilning ikkinchi yarmidan boshlab Rossiya Federatsiyasidagi barcha respublikalarda rus tili bilan bir qatorda boshqa milliy tillarga ham davlat tili maqomi berildi. Hozirda RFda 21 ta til davlat tili maqomiga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |