10.5. Savatchilik xunari tarixi. Savat to‘qishda ishlatiladigan
hom-ashyo, jihoz va moslamalar.
O‘zbek halqi qadimdan o‘zining nafosatga boy, asrlar davomida shakllangan va sayqal topgan xalq hunarmandchiligi bilan butun dunyoga mashhurdir. Shu san’atning noyob turlaridan biri savat to‘qish san’atidir.
Savat to‘qish o‘zbek xalqining azaliy hunari bo‘lib, ota-bobolarimiz qadimdan tomorqa va hovli atroflarini shox-shabbalardan qilingan maxsus to‘siq to‘rlar bilan o‘rab kelganlar. Har xil novdalardan turli-tuman savatlar to‘qishgan. Ularning har biri shakli va ishlatish joyiga qarab turli nomlar bilan yuritiladi. Masalan, kajava savat, non savat, elama savat, qoshiqdon savat, guldor savat, dasturxon savat, to‘r savat, uzum savat, bosma savat va boshqalar (10.10-rasm).
Qadimdan savat to‘quvchilarning maxsus do‘koni bo‘lib, u yerda turli-tuman savatlar sotilgan. Yirik novdalardan to‘qilgan savatlar qadimda qurilishda (tuproq, g‘isht, tosh, qum, ganch tashishda), nozik novdalardan to‘qilgan savatlar meva-cheva, non va boshqa narsalar solishda ishlatilgan. Hozirgi kunda savatning badiiyligi va turi ko‘paydi. Savatlarga ho‘lu quruq mevalar, poliz ekinlari, sabzavotlar, hatto go‘shtni ham solib qo‘yish mumkin. Savatlarning havo o‘tkazuvchanlik hamda mahsulotlar urinmay, asl holida saqlanishi xususiyatlari bor. Savatlarning yuzdan ortiq turi bor, barchasi qo‘l mehnati bilan yaratiladi.
10.10-rasm. Savat namunalari.
Savat to‘qishda ishlatiladigan hom-ashyolar. Savat toʻqishda xom ashyo sifatida tut, terak, tol, turang‘il, yulgʻun novdalari, bug‘doypoya, qamish va boshqa materiallarni ishlatib kelganlar. Ayniqsa, qoratolning novdasidan to‘qilgan savatlar juda chidamli hisoblangan. Savatlar terak, majnuntol, turong‘il, ligustrum va tolning bir yoshli tekis novdalaridan to‘qilgan.
Novdalarni maʼlum vaqt (sentabr-okttabr)da yigʻib olinadi, bir necha kun salqin joyda saqlanadi, mustahkamligini oshirish uchun vaqt-vaqti bilan suv sepib turiladi, shunda ular yaxshi bukilib, sinmaydigan boʻladi. Ayniqsa, qora tol novdasidan toʻqilgan savatlar qadrlangan. Baʼzan novdalarning po`sti tozalanib ham savat toʻqiladi. Savat Oʻzbekistonning barcha viloyatlari (jumladan, Fargʻona, Toshkent va boshqalar)da tarqalgan. Savatchilik boʻyicha mutaxassislar ustoz-shogird usulida, hozirgi kunda turli badiiy bilim yurti, toʻgaraklarda ham tayyorlanadi.
Agar xomashyosi tayyor bo‘lsa, bir kishi kuniga o‘ntagacha savat to‘qishi mumkin. Yetarlicha daraxt parvarishlasa, xom-ashyo o‘zidan chiqsa, savat to‘qish qiyin emas. Har kuzda tol novdalarini kesish, bu jarayon o‘ziga xos aniqlikni talab etadi. Negaki, kesilgan novdalarning aylanasi bir metr bo‘lishi kerak. Bunday aniqlik to‘qish jarayonida mehnatni yengillatib, ish unumini oshiradi.
Istalgan shaklga keltirish uchun novdalar katta qozonlarda uch-to‘rt soat qaynatiladi. Po‘stlog‘i shilinib, kerakli novdalar bo‘yaladi. Keyin quritiladi. «Amerikanka» daraxti novdalaridan to‘qilgan savatlar tabiiy chiroyli ko‘ringani uchun ular bo‘yalmaydi. Shuning uchun ham ko‘pchilik ularni «mebelniy» deydi. Bu daraxt asosan sovg‘a-salom uchun u-bu narsa yasashga mo‘ljallanadi. Devorgul novdalaridan yasalgan savatlar ancha pishiq, chidamli chiqadi. Lekin novdaning taxir ta’mi mahsulotlarga o‘tishi mumkin. Odatda, bozorlarimizdagi odamni o‘ziga jalb qilib qo‘yadigan savatlar devorgul novdalaridan to‘qilgan bo‘ladi.
Tol novdalaridan bo‘lgan savatlar ro‘zg‘orda foydalanishga juda qulay. Bo‘yalganida rangni yaxshi oladi. Lekin tez sinuvchan bo‘ladi. Ba’zida savatlarga ehtiyoj ortib ketadi. Xomashyo topolmay qolasiz. Ayrim vaqtlarda esa teskarisi: taklif ortib, talab kamayib qoladi. To‘y mavsumlarida savatning bozori chaqqonlashadi. Ayniqsa, patir, mevalar, har xil sovg‘alar solish uchun mo‘ljallangan savatlar xaridorgir.
Do'stlaringiz bilan baham: |