Kigiz bosish san’ati. Kigiz bosish san’ati qadim zamonlardan beri rivojlanib kelayotgan xalq amaliy san’ati turlaridan biri. O’zbekiston territoriyasining qaysi joyida xalqlar chorvachilik bilan shug’ullangan bo’lsa, shu yerdam kigiz bosish kasbi keng tarqalgan. Bu san’at turi Markaziy Osiyo va O’zbekistonda qadimdan rivojlanib kelgan. Ota-bobolarimiz kigizni yerga bo’yra ustidan solishgan, o’tovlarni o’rashgan, qalpoq, piyma va boshqalarda ishlatishgan. Ayrim hollarda guldor, chiroyli kigizlar badiiy buyum sifatida ishlatilgan. Kigiz oq, qizil, qora, guldor va gulsiz bo’ladi. Surxondaryo hamda Qashqadaryo viloyatlarida qoraqo’y va chaydim kigizlar, Xorazmda esa takyanamat xillari bor.
O’zbekistonda kigiz (10.9-rasm) bosishning o’ziga xos tomonlari bo’lib, kigiz bosish quyidagi texnologiyada bajariladi. Kigiz qo’yning kuzgi junidan yoki echki junidan tayyorlanadi. Dastlab jun maxsus dastgoh va qo`lda titilb tozalanadi. So`ng yuvib quritiladi va savagich (tayoqcha) lar bilan savalanadi, ya’ni titiladi. Bu jarayondan so’ng jun rangi va sifatiga ko’ra yuzalik, oraliqqa, tanlab ajratiladi, yuziga maxsus rang bilan bo’yalgan mayin junlardan naqshlar ishlanadi. Kigizlarga shox, romb, yulduz, bulut va oddiy geometrik naqshlar ishlanadi. Bosiladigan kigiz hajmidagi chiy (qamish qolip) yoyilib, uning yuzasiga yuzalik va oraliq uchun ajratib olingan jun ustma - ust tekis yoyib chiqiladi, har bir qavat jun ustidan qaynoq suv sepib, bir biriga yopishtiriladi. Bunda jun chiyga ham yopishadi. Shundan keyin chiy jun bilan qo`shib, o`ram shaklida o`raladi. Chiyning ustidan sholcha yoki qalin mato sirilib, arqon bilan bog`lanadi. Ustidan vaqti-vaqti bilan qaynoq suv sepib namlab turiladi. Keyin kigiz chiydan ajratib olinib, yoyib yuzasiga issiq suv sepiladi. Yana o`ram shaklida o`rab, o`rtasidan arqon bilan bog`lab, uch kishi qatorasiga tizzalab o`tirib, kigizni yumalatib uqlaydi, bilaklaydi, suvi qochganda suv sepiladi, ikki uchini biriktirib bog`lab bir-bir yarim soat davomida vaqti-vaqti bilan cho`zib turiladi, shunda kigiz qotadi. So`ng o`ramni ikki chetiga taxta qo`yib chetlari ishqalab tekislanadi. Kigiz rangiga ko`ra oq, qizil, qora, qizg`ish, guliga ko`ra guldor va gulsiz kabi turlarga bo`linadi.
10.9-rasm. Kigiz va kigiz halta.
Kigizni changdan, namlanishdan va kuya yeyishidan asrash kerak. Quyosh nurida uzoq vaqt qolsa gullari nursizlanadi. Kigiz polsiz joyga to`shalganda, odatda ostidan bo`yra, chipta va hakazo tashlanadi. Taqir joyga to`shalganda kigiz tez namlanib, bo`shashib titila boshlaydi. Avvalo uni obdon quritib, keyin changini oxista silkitib, changyutgich, yumshoq chotka, supurgi yordamida tozalash mumkin. Kigizni dorga, devorga tashlab tayoq yoki chang qoqgichlar bilan urib-savalab tozalash yuzasini qattiq supirish, yuvish tavsiya etilmaydi. Bunda kigizni ayrim yupqaroq joylari titilishi, guldor kigizlarning guli ko`chishi mumkin. Kigiz dog`i ho`l latta bilan artiladi yoki kimyoviy usulda tozalanadi. Kigiz buklab yigishtirilsa buklangan joylari yupqalashadi va titilishi tezlashadi. Shuning uchun uni o`ram tarzida o`rab qo`yish tavsiya etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |