Buyruq berish va uni bajarish tartibi
Buyruq deb, boshliqning bo’ysunuvchilarga qaratilgan yozma va og’zaki farmoyishiga aytiladi. Komandir (boshliq)ning buyrug’i bo’ysunuvchilar uchun qonundir. O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Intizom Nizomida ko’rsatilganidek, buyruq e’tirozsiz, aniq muddatda bajarilishi darkor. Buyruq berilgan bo’lsa, u e’tirofsiz aniq, o’z muddatida, qanday vaziyat bo’lishidan qat’i nazar, bajarilishi shart. Jang davrida boshliq tomonidan berilgan buyruqni e’tirofsiz, aniq va o’z muddatida bajarish dushman ustidan g’alaba va muvaffaqiyatlarga erishish garovidir.
Qo’shinni va qismlar komandirlarining o’z kundalik faoliyatlari jarayonidagi alohida masalalar bo’yicha topshiriqlari buyruq ohangida bo’ysunuvchiga yetkaziladi. Qo’shinning va qism komandirlarining buyruq va farmoyishlari og’zaki tarzda, tartib-qoidaga asosan, bo’ysunuvchilarga beriladi. Ba’zi bir vaqtlarda katta boshliq, bo’ysunuvchining bevosita boshlig’ini chetlab o’tgan holatda buyruq va farmoyishlar berishi ham mumkin. Qachonki, boshliq og’zaki buyruq yoki farmoyish bersa, bo’ysunuvchi «Rostlan» holatini qo’llab, buyruq yoki farmoyishni olib bo’lgach, «Xo’p bo’ladi», deb javob beradi va shundan keyin uni bajaradi. Boshliq o’zi bergan buyruqning to’g’ri tushunilganiga ishonch hosil qilishi zarurati bo’lsa, uni qisqacha takrorlashni talab etishi mumkin.
Harbiy xizmatchi berilgan buyruqning bajarilishi to’g’risida buyruqni bergan boshliqqa va o’zining bevosita boshlig’iga bildiruv berishga maj-burdir. Agar buyruqni bajarayotgan harbiy xizmatchi xizmat maqomiga ko’ra, boshqa katta boshliqdan birinchisini bajarishga xalaqit beradigan yangi buyruq olsa, bu haqda ikkinchi buyruqni bergan boshliqqa bildiruv beradi. Va tasdiqlangan taqdirdagina oxirgisini bajaradi. Yangi buyruqni beruvchi bu haqda birinchi buyruqni bergan boshliqqa xabar qiladi.
Komandirlar va boshqa to’g’ridan to’g’ri boshliqlarga murojaat etish qoidalari
Bo’ysunuvchi va kichiklar boshliq (katta)larga murojaat etish chog’ida, ularning harbiy unvoni oldiga «o’rtoq» so’zini qo’shib aytadilar. Masalan, «O’rtoq mayor, murojaat etishga ruxsat bering». Boshliq (katta) oldida turgan harbiy xizmatchiga murojaat etish uchun boshliq (katta)dan ruxsat so’raladi. Masalan, «O’rtoq katta serjant, oddiy askar Normatovga murojaat qilishga ruxsat bering». Boshliqlar va kattalar xizmat taqozosi bo’yicha bo’ysunuvchilar (kichiklar)ga murojaat qilganda, ularning unvoni va familiyasini yoki faqat unvoni oldiga «o’rtoq» so’zini qo’shib aytadi. Masalan, «Oddiy askar Òo’ychiev», «O’rtoq oddiy askar».
Do'stlaringiz bilan baham: |