15. IХ-ХII асрларда Мовароуннахрда илм – фан тараққиёти, маданиятнинг юксалиши.
16. Ўрта Осиёда ислом таълимотининг ривожланиши. Ўрта Осиёлик олим ва уламоларнинг ислом динига қўшган хисаси (IХ-ХII асрлар)
17. Ўрта Осиёга муғуллар истилоси ва унинг оқибатлари.
O’z dovyurakligi ustakorligi, makkorligi bilan mashhur bo’lgan Temuchin (1155-1227) XII asrning oxirlariga kelib nafaqat mo’g’ullarning ko’p sonli urug’-qabilalarini, shu bilan birga ular bilan yonma-yon, qo’shni yashab kelgan ko’plab turkiy elatlar, chunonchi, jaloirlar, oyratlar, qaraitlar, naymanlar, qoraxitoylar, qirg’izlar, uyg’urlar, qarluqlar va boshqalarni ham birin-ketin bo’ysundirib, kuchli davlatga asos soldi. Bu davlat harbiylashgan tizimga asoslanganligi bilan ajralib turardi. Qo’shinlarga: o’n jangchiga bir boshliq – o’n boshi, shuningdek, yuz boshi, ming boshi va tumanboshilar boshchilik qilardi. Tuman deganda o’n minglik qo’shingina emas, balki shu qo’shin safini doimiy to’ldirishi kerak bo’lgan butun bir tuman, ya’ni besh – o’n ming o’tovli yoki 50 mingga yaqin aholisi bo’lgan hudud nazarda tutilardi. Har bir shunday tumanga tayin qilingan tumanboshi faqat o’n ming jangchining qo’mondoni bo’libgina qolmay, ayni zamonda o’z tasarrufidagi minglab fuqarolarning taqdirini ham hal etuvchi hokimi mutloq hisoblanardi. Mazkur tumandagi barcha sudlov, jinoiy- javobgarlik va fuqarolik ishlari ham to’laligicha uning tasarrufida bo’lgan. Temuchin oliy hokimiyat muruvvatlarini o’zining o’g’illari va eng yaqin
kishilariga topshiradi. Jumladan, uning yaqin safdoshlaridan Subitoy, Xubiloy, Jebe, farzandlari: Jo’jixon, Chig’atoy, O’qtoy, To’luyxonlar birinchi bo’lib tuman sohiblari bo’lganlar. Temuchinning mo’g’ullarning ulug’ xoqoni sifatidagi o’rni va mavqeini har jihatdan mustahkamlash, bunga qonuniy tus berishda 1206 yili poytaxt Qoraqurumda bo’lib o’tgan umummo’g’ul Qurultoyi alohida ahamiyatga molik bo’ldi. Qurultoyda Temuchin barcha mo’g’ul - tatar xonlarining ulug’ xoni /qooni/ deb e’lon qilindi va unga Chingizxon laqabi berildi. (Chingizxon laqabi turli mualliflar tomonidan turlicha, chunonchi, «kuchli», «qudratli», «toza» yoki dengizlar /Dengizxon/, okeanlar hukmdori va xokazo ma’nolarda talqin qilinib kelinadi). Qurultoy tomonidan qabul qilingan «Yaso» hujjati /mo’g’ullar davlatining asosiy qonunlari majmuasi/ ulug’ xon hokimiyatini yanada mustahkamladi. «Yaso» mo’g’ul jamiyatidagi mulkiy tengsizlikning ifodasi sifatida ko’zga yaqqol tashlanadi. U yangi paydo bo’lgan hukmron tabaqa -tarxonlarga katta imtiyozlar berilishini ko’zda tutardi. Chingizxon ulug’ hoqon deb e’lon qilingan birinchi kundayoq o’zining eng yaqin kishilaridan 95 nafarini bahodur, mingboshilar etib tayinlaydi va bir necha ming kishiga tarxonlik yorliqlari beriladi. Chingizxon ayni paytda 10 ta oliy hokimiyat lavozimlarini ta’sis etadi va 150 kishidan iborat shaxsiy gvardiya hamda mingta «dovyurak» jangchilardan tarkib topgan shaxsiy drujina tuzadi (Keyinchalik uning soni 10 ming kishiga etkaziladi). Butun mamlakatda kuchli temir intizom, qattiqqo’l tartib o’rnatilib, jangovar harbiy safarbarlik ishlari avjga oldirib borildi. Bu hol Chingizxoning xorijiy ellarni zabt etishdan iborat o’z oldiga qo’ygan yovuz, agressiv maqsadlarini tez orada amalga oshirishga imkon yaratib bordi. XIII asr boshlariga kelib Chingizxon qo’shni davlatlar va xonliklarni birin - ketin bosib olishga kirishadi. Agar 1206 yilga qadar bepoyon G’o’bi sahrosidagi qavm -qabilalar itoatga keltirilgan bo’lsa, 1206 - 1211 yillar davomida Sibir va Sharqiy Turkiston xalqlari /buryat, yoqut, oyrat, qirg’iz va uyg’urlar/ bo’ysindiriladi. Mo’g’ul
sarkardasi Xubiloy Ettisuvning shimoliy hududlarini ishg‘ol etib, bevosita Xorazmshohlar davlati chegaralariga yaqinlashib boradi. 1211 yilda uyg’urlar eri istilo etilgach, shundan so’ng Chingizxon Xitoyga hujum boshlaydi. 1215 yil boshlariga kelib Shimoliy Xitoy poytaxti Pekin ishg‘ol etiladi. 1217 yilda Xuanxe daryosining shimolidagi barcha erlar mo’g’ullar tasarrufiga o’tadi. Ayni chog’da 1218 yilga kelib g‘arb tomonda Ettisuv hududining qolgan qismi ham egallanib, mo’g’ullarga tobe bo’ladi. Endilikda Chingizxonning asosiy bosh maqsadi - uning jahonga hukmron bo’lishiga katta to’g’onoq bo’lib turgan buyuk Xorazmshohlar qo‘shinini tor-mor keltirib, uning erlarini o’z qo’l ostiga kiritish edi. Bu davrda Xorazmshohlar davlatining ichki ijtimoiy-siyosiy hayoti g’oyatda murrakab, ziddiyatli kechayotgandi. Bu davlat tashqaridan ulug’vor, keng hududlarga yoyilgan, qudratli saltanat tarzida ko’rinsa-da va uning hukmdori Muhammad Xorazmshoh o’zini «Iskandari soniy», «xudoning erdagi soyasi» deb bilsa-da, biroq haqiqatda esa Xorazmshohlar sulolasi ichdan emirilishga, tanazzullikka yuz tutgan
edi. Avvalo, oliy hokimiyat boshqaruvida chuqur ixtiloflar hukm surardi. Bir tomondan, Muhammad yurgizayotgan rasmiy siyosatga nisbatan uning onasi Turkon Xotun va uning qavmlaridan iborat nufuzli siyosiy kuchlar doimiy muxolifatchilik munosabatida bo’lib kelardi. Ikkinchi tomondan, mahalliy hududlar beklari va hokimlari ham markaziy hokimiyat bilan hisoblashmay, o’zboshimchalik qilar, xalqqa haddan ziyod jabr - zulm o’tkazardi. Bu davrda Xorazmshohlar davlati oliy devonida ham, mahalliy hokimlar, amaldorlar o’rtasida ham poraxo’rlik, xoinlik, sotqinlik holatlari avj olib borayotganligi sir emasdi. Uchinchidan, xalqning hokimiyatdan noroziligi ko’plab g’alayonlarni keltirib chiqarmoqda edi. Bunday qaltis vaziyat, shubhsiz, mamlakat birligiga raxna solib, uni tobora zaiflashtirayotgan edi. Buning ustiga Muhammad Xorazmshohning xalifalik hududlarini qo’lga kiritish da’vosi bilan 1217 yilda Bag’dod sari qo’shin tortishi ham xalifalik hukmdorlarini qahru g’azabga keltirgandi. Hatto xalifa an-Nosir Chingizxonga elchilar orqali maxsus noma yo’llab, undan yordam so’raydi, mo’g’ul qo’shinlarini Movarounnahr mulklariga bostirib kirishiga ham ishora qilgandi. Chingizxon qo’shni davlatdagi barcha siru – sinoatlardan to’la xabardor edi. U Xorazm davlatidan Mo’g’ulistonga qatnaydigan bir guruh yirik savdogarlardan iborat o’z josuslik mahkamasini tashkil qilib, ular xizmatidan foydalanib kelardi. Mahmud Yalavoch, Hasan Xoja, Yusuf O’troriy singari kishilar shular sirasiga kirardi. Shu bois 119 Chingizxon va uning o’rdasi Xorazmshohlar davlatida kechayotgan barcha ziddiyatli voqealardan, uning zaif nuqtalaridan xabardor edi. Chingizxon barcha vositalarni ishga solib, kerak bo’lsa shuhratparast shoh Muhammadni tinchlantirib, amalda Movarounnahr ustiga yurishga puxta hozirlik ko’radi. 1218 yili Chingizxon amri bilan Xorazm davlatiga 500 tuyada qimmat baho sovg’alar, tillo-kumush bisotlar, savdo mollari ortilgan, asosiy tarkibi musulmon savdogarlaridan iborat 450 kishilik karvon yuboriladi. Biroq karvon O’trorga kelib qo’nishi bilanoq Xorazmshohning maxsus topshirig’i bilan O’tror hokimi G’oirxon (Inalchuq) uni yo’q qilishga buyruq beradi. Shu tariqa, karvon butunlay talanib, qirg’in qilinadi. Chingizxon uchun endi Movarounnahrga bostirib kirish fursati etgan edi. Bu vaqtga kelib Chingizxon va uning lashkarboshilari tasarrufida 60 tumanli /ya’ni 600 ming nafarli/ jangovor qo’shin tayyor holga keltirib qo’yilgandi. Chingizxon qo’shinining hujumi xavfi yaqinlashib kelayotganligini Muhammad Xorazmshoh va uning arkoni davlati ham yaxshi bilardi. Shoh muayyan harbiy tayyorgarliklar ko’rish, shaharlarning mudofaa istehkomlarini mustahkamlash, qo’shinlar safini kupaytirish harakatida bo’ldi. Biroq asosiy harbiy strategik masalalarda u o’ta no’noqlik, nodonlik va kaltabinlik qiladi. U o’zining sarkarda o’g’li Jaloliddin, Xo’jand hokimi, dovyurak bahodir Temur Malik singari etuk kishilarning harbiy kuchlarni asosiy nuqtalarda to’plab, dushmanga hal qiluvchi zarbalar berish kerakligi to’g’risidagi to’g’ri, dono maslahatlariga ham quloq solmadi. Sulton o’z qo’shinlarini turli shaharlarda alohida holda joylashtirish va mudofaachilikdan iborat xato taktikani ma’qul ko’rdi. 1219 yilda Chingizxonning son-sanoqsiz qo’shinlari mamlakatga bostirib kira boshlagach, Xorazmshoh o’z tinchi, halovatini ko’zlab, mamlakat taqdirini o’z holiga tashlab, yaqin xeshu aqrabolari bilan janubga tomon siljishi (qochishi) xoinlik bo’ldi. Bunday holat tez orada butun mamlakat uchun fojiali oqibatlarga olib keldi, yurt himoyachilari taqdiri, ruhiyatida o’chmas, asoratli iz qoldirdi. Xalqning sog’lom, vatanparvar kuchlari esa yurt ulug’larining bunday ikkilanishi, xiyonatiga qaramay, muqqadas ona zaminni ko’krak kerib himoya qilish, bosqinchilarga qarshi qahramonlarcha kurashga tashlandilar. Bu mislsiz jangu jadallarda ularning qancha - qanchasi o’zlarini yurt ozodligi uchun qurbon qildilar. Mo’g’ullarning birinchi hujumiga duchor bo’lgan hudud O’tror bo’ldi. Chingizxon va uning lashkarining o’trorliklardan alohida o’chi bor edi. Negaki, Chingiz yuborgan savdo karvoni huddi shu erda saronjom qilinganligi ularning yodidan ko’tarilmagandi. Chig’atoy va O’qtoyning son-sanoqsiz kuchlari shahar qal’alariga bosqin uyushtirgan kezlarda o’trorliklar ularga qarshi mardonavor jang qildilar. Shahar aholisi G’oirxon /Inalchuq/ va Qorachor bahodirlar etakchiligida tengsiz dushman bilan uzoq vaqt jon
berib, jon olishdilar. Shahar mudofaasi 5 oydan ziyod davom etdi. Xalq qarshiligi mislsiz bo’ldi. Biroq oxir-oqibatda shahar dushman tomonidan egallandi. Mirzo Ulug’bekning «To’rt ulus tarixi» kitobida ta’kidlanganidek: «... O’trorning butun aholisini sahroga haydab chiqdilar va qatl qildilar. …O’tror xisorini qo’lga kiritib, er bilan barobar qildilar. Tirik qolganlardan, raiyat va hunarmandlarning ba’zilarini hibsga oldilar, ba’zilarni esa qul qilib haydadilar».
Mo’g’ul bosqinchilari Movarounnahrning boshqa hududlarida ham ko’z ko’rib, quloq eshitmagan yovuzliklarni sodir etdilar. Buning yaqqol ifodasini ularning gullab-120 yashnagan Buxoro, Samarqand, Xo’jand singari shaharlar va ularning aholisiga nisbatan qilgan behad yovuzliklari misolida ham ko’rish mumkin. Masalan, Chingiz qo’shini 1220
yilning fevralida musulmon Sharqining yirik islom markazlaridan sanalgan Buxoro ustiga balo-qazodek yopirilib keladi. Buxoro xalqi bir necha kun davomida dushmanga matonat bilan qarshilik ko’rsatadi. Bu esa Chingizxonni darg’azab etadi. Natijada u shaharni yakson qilish, boyligini talash, xalqini qirg’in qilishga buyruq beradi. Buxoro qamali 12 kechayu-kunduz davom etdi. Mo’g’ullar yondirilgan, kuli ko’kka sovurilgan shaharni egallagach, ko’ngillariga siqqan noma’qulchiliklarni amalga oshirdilar, shahar himoyachilari butunlay qirib tashlandi.
Chingizxon galalari 1220 yil mart oyida eng yirik va obod shaharlaridan biri Samarqandni qo’lga kiritish uchun barcha makkorona tadbirlarni qo’lladilar. 100 mingdan ziyod sara qo’shinlar to’plangan, mustahkam istehkomlar barpo qilingan shaharga o’z kuchlarini tashlab ko’rdi, atrof joylarni oldin bosib olib, shaharni tashqi dunyodan ajratishga harakat etdi yoxud boshqa bahodirlar qo’shinidan qo’shimcha kuchlar chorlab, uch kunlik qattiq jangdan so’ng Chingizxon qo’shini shaharga yorib kirishga va uni butunlay o’ziga bo’ysundirishga erishadi. Mo’g’ul istilochilariga qarshi ulug’ ajdodlarimizning qahramonona kurashida Xo’jand himoyachilari ko’rsatgan favqulodda jasorat alohida o’rin tutadi. Temur Malik boshchiligidagi mudofaa kuchlari qariyib 5 oy davomida ko’ksilarini qalqon etib, yovuz dushman hamlasini daf etib, behisob qurbonlar berib o’z yurtini himoya qildilar, ilojsiz qolgan paytdagina olov ichida yonayotgan shahar qal’asini tark etdilar. Shunda ham Temur Malik bir qism dovyurak, qo’rqmas jangchilari bilan Sirdaryoga yo’nalib, maxsus orolda joylashib dushman bilan mardlarcha olishadi. Nihoyat, ular maxsus kemalarda mo’g’ullar hujumiga bardosh berib, yo’l-yo’lakay jang qilib, Xorazm sari harakatlanadilar. Xalq qahramoni Temur Malikning bundan keyingi vatanparvarlik faoliyati Xorazm va ona yurtning boshqa hududlarini himoya qiluvchilar safida davom etdi. Mamlakatning Buxoro, Samarqand, Xo’jand singari hayotiy markazlarining qo’ldan ketishi Xorazmshoh va uning arkoni davlatini shu qadar larzaga soldiki, buning natijasida hukmdor o’z saltanatining janubiy-g’arbiy hududlari bo’ylab chekinib bordi. O’zining kaltabin siyosati, qat’iyatsizligi, qo’rqoqligi orqasida kechagi «qudratli» xukmdor endilikda ojizu notavon bir kimsaga aylanib qoldi. Ilojsiz qolgan shoh oxiri Kaspiy dengizidagi Ashura oroliga qochadi. O’sha erda katta o’g’li Jaloliddinni taxt vorisi etib tayinlab, 1220 yilning dekabrida xoru-zorlikda vafot etadi. Jaloliddin Manguberdi Gurganchga etib kelib, shahar mudofaasiga kirishadi. Lekin Gurganchdagi Qipchoq amirlari Turkon xotunning akasi Xumorteginni sulton deb e’lon qilib, Jaloliddin Manguberdiga qarshi suiqasd uyushtirmqchi bo’ladilar. Bundan
habar topgan Jaloliddin Temur Malik boshchiligidagi 300 suvoriy bilan Gurganchni tark etib Xurosonga ketishga majbur bo’ladi. Xorazm poytaxti Gurganch mudofaasi ham mo’g’ullar istilosi tarixining alohida bir fojiali sahifasi bo’lgan, desak xato bo’lmaydi. 1221 yil boshlarida Jo’ji, Chig’atoy va O’qtoy askarlari Gurganchga hujum boshlaydilar. Gurganch qamali 6 oy davom etdi, hadsiz-hisobsiz qurbonlar berildi. Shahar egallangach, mo’g’ullarning bu erda sodir etgan 121 mislsiz yovuzliklarini bayon etishga qalam ojizlik qiladi. Barcha erkaklar, bolalar qilichdan o’tkaziladi. Xotin-qizlar qip-yalang’och qilinib, bir-biri bilan urishishga majbur etiladi, so’ngra mo’g’ul jangchilari tanloviga beriladi, qolganlari qirib tashlanadi. Hech kimga shafqat ko’rsatilmaydi. Shaharning o’zini er bilan barobar qilish uchun Amu to’g’oni ochib yuborilib, Gurganch suv ostida qoladi. Shahardagi uzoq asrli ma’naviyat durdonalari, qimmatli qo’lyozmalar, kitoblar saqlanib kelgan kutubxonalar, barcha noyob asori-atiqalar er bilan yakson etiladi. Muhammad Xorazmshohning o’g’illari: O’zloqshoh va Oqshohlar ham mo’g’ullar tomonidan asir olinib, qiynab o’ldiriladi. Podshoh bilan ko’p yillar muxolafatchilikda bo’lib, yurtning parokandalikka, chuqur ziddiyatlarga yo’liqishiga sababchi bo’lgan, o’ziga haddan ziyod bino qo’ygan, saltanat ichida saltanat qurgan Turkon Xotun qismati ham oxirida fojiali yakun topadi. U ham mo’g’ullar tomonidan asir olinib, behisob molu dunyosi talanib, o’zi Mo’g’ulistonga haydab ketiladi. Tarixiy manbalarda Turkon xotunning Chingizxon xotinlaridan biriga cho’ri sifatida tortiq qilingani aytiladi. Movarounnahrning asosiy shaharlarini bosib olgan, behisob boyliklarga ega bo’lgan mo’g’ullar 1221 yil davomida Xuroson o’lkasi hududlari tomon hujum boshlab, birin-ketin Balx, Termiz, Marv, Nishopur, Hirot, Mozandaron singari boy shaharlar, qal’alarni bosib oldilar. Biroq shuni aytish joizki, mo’g’ul bosqinchilari Movarounnahr va Xuroson erlarini osonlikcha qo’lga kiritgan emaslar. Ular bu erlarda mahalliy xalq va uning qo’rquv bilmas, sheryurak farzandlarining tillarda doston bo’lgilik mardlik jasoratlariga duch keldilar, katta talofatlar berdilar. Shu o’rinda Xorazmshohning to’ng’ich ’g’li, jasur lashkarboshi Jaloliddin Manguberdi faoliyatiga to’xtalib o’tmoqlik joizdir. U mo’g’ullar istilosi boshlangan kundanoq doimo yurt himoyachilari tomonida turdi, ularga rahnamo bo’ldi. Ona Vataniga bo’lgan cheksiz mehr hissi, farzandlik burchi uni shu qadar elga mashhur qildiki, hatto uning nomini eshitgan Chingizxonning ham sochi tik bo’lib, yuzi tundlashar, uni qo’lga tushirish, yo’q qilish chora-tadbirlarini izlardi. Jaloliddin Manguberdi ancha yillar ilgari G’azna, Voliyon, Guch, Bust va Hindiston hududlarigacha bo’lgan erlarga hokim etib tayinlangan edi. Shu boisdan u G’azna tomon yurdi, yo’lga ko’pgina qo’shin boshliqlari Sulton Jaloliddinga qo’shilib bordi. Sulton Jaloliddin Niso, Qandahorda mo’g’ullar qo’shinini tor-mor etib, G’aznaga etib keldi. Jaloliddin Manguberdi katta qo’shin to’plab, Valiyon qal’asi, Parvon tekisligida mo’g’ul qo’shinlari bilan jang qilib, ularni tor-mor etadi. Chingizxon katta qo’shin to’plab Jaloliddin Manguberdiga qarshi shaxsan o’zi qo’shin tortadi. 1221 yil 25 noyabrda Sind (Hind) daryosi bo’yida tengsiz jang bo’ladi. Bu jangda Jaloliddin Manguberdi ko’rsatgan jasoratga mo’g’ul hukmdorining o’zi ham tan berib, lol qolgan. Bu hayot – mamot jangida Xorazm bahodiri, uning yigitlari arslonlardek jon berib, jon olardi. «Qaysi tomonga ot choptirmasin, tuproqni qonga bo’yar edi. Agar bu jangni Zolning o’g’li ko’rsa edi, u sulton Jalol (uddin) ning qo’lini o’pgan bo’lardi».Chingizxon lashkari hisobsiz bo’lsada, uning jang maydonidagi asosiy kuchlari parokanda holiga tushib qolgandi. Biroq pistirmadagi 10 ming nafar sara lashkar jang oqibatini Chingizxon foydasiga hal qiladi. Nochor, tang ahvolga tushib qolgan Jaloliddin qora to’riq otiga minib, so’nggi bor mo’g’ullarga hamla qilib, so’ng ot jilovini ortga tortadi. Sovutini elkasidan tashlab, otiga qamchi bosadi va balandlikdagi qoyadan o’zini Sind daryosiga otadi. Jaloliddin bahaybat daryo to’lqinlarini shiddat bilan kesib o’tib narigi sohilga o’tib oladi. Uning 4000 jangchisi ham bunga muvaffaq bo’lishadi. Hozirgi paytda ham bu daryoning bir tomoni «Ot sakrat», narigi tomoni «Cho’li Jaloliy» deb ataladi. Jaloliddin o’zining botir jangchilari bilan yana o’n yil davomida hali Afg’on va Hind, hali Eron yoki Kavkaz orti hudularida paydo bo’lar, yangidan xalq lashkarlarini jamlab, mo’g’ul bosqinchilari zulmi va hukmronligiga qarshi tinim bilmay jang qilar, xalq erki, ozodligi yo’lida sabot bilan kurashardi. Jaloliddin goh zafar quchdi, goh mag’lubiyat alamini tortdi, biroq kuchli dushman oldida bosh egib, mag’lub bo’lmadi. Lekin ne ko’rgilikki, Jaloliddin Manguberdining aziz umri yovlar bilan jang maydonida, yakkama-yakka olishuvda emas, balki bir alamzada qurdning banogoh tig’idan xazon bo’ldi. Bu mudhish voqea 1231 yilning 17-20 avgustlarida Ozarbayjon hudularida sodir etildi. Jaloliddinning el - ulus, vatan ozodligi va mustaqilligi yo’lidagi fidoyiligi, mislsiz jasorati mangulikka daxldordir. Istiqlol nashidasini surayotgan mustaqil O’zbekistonda ulug’ ajdodlar ruhining e’zozlanayotgani, jumladan, Jaloliddin Manguberdi qutlug’ tavvaludining 800 yillik yubileyi umummamlakat miqyosida keng nishonlanganligi ham buning yaqqol ifodasidir
Do'stlaringiz bilan baham: |