§ 3. Yo‘l-ko‘prik xo‘jaligi
28. Yo‘l-ko‘prik xo‘jaligi elementlariga ko‘chalarning yurish qismidagi yo‘l polotnosi, yo‘lkalar, bekat shiyponlari, yer osti o‘tish yo‘laklari, ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlar, chetki to‘siqlar, suv ayirish tarmoqlari va boshqa inshootlar kiradi.
29. Yo‘l-ko‘prik xo‘jaligini mukammal va joriy ta’mirlash loyiha-smeta hujjatlariga hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan aniq manzilli ro‘yxatlarga muvofiq, ixtisoslashtirilgan pudrat tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
30. Yo‘l va yo‘laklarni saqlash quyidagi ish turlarini tashkil etishni o‘z ichiga oladi:
yo‘l va yo‘laklarni toza va tartibli saqlash, kichik nosozliklarning oldini olish va bartaraf etish;
yuvish mashinalari yordamida chang, iflosliklar, qor, muzdan tozalash, yuvish, qoplama yuzasidagi mayda toshchalarni supurib yo‘qotish, suv yordamida sirpanchiqlikni yo‘qotish;
to‘siqlarni, signal stolbalarini vaqti-vaqti bilan ko‘zdan kechirish, nosoz elementlarni almashtirish va juz’iy ta’mirlash;
mustahkamlagichlarni qattiqlash, to‘siqlarni chang va iflosdan tozalash, yuvish, bo‘yash, avtopavilonlarni, bekat maydonchalarini toza saqlash, bo‘yalgan joylarni yuvish va tiklash, kichik buzilishlarni tuzatish, buzilgan detallarni almashtirish;
o‘tkazish yo‘llarini, yer osti tunnellarini toza saqlash, ba’zi kichik buzilishlarni, to‘shamalarni, suyangichlarni, bruslarni sozlash, boltlarni, ilgaklarni qattiqlash, konus mustahkamlagichlarni sozlash;
asfalt qoplamali, shuningdek shag‘al qoplamali yo‘llar yuzasini tekislash;
tuproqli va tosh yo‘llarni tekislash;
suyanchiqlar, to‘siqlar, pavilonlar, bekat maydonchalari, tonnellar, ko‘priklar va yo‘l belgilarini bo‘yash.
§ 4. Irrigatsiya xo‘jaligi
31. Irrigatsiya xo‘jaligi obyektlariga tuproqli va qoplamali sug‘orish tarmoqlari, gidrotexnika inshootlari, nasos stansiyalari, quduqlar, sug‘orish (yomg‘irlatib sug‘orish) quvurlari tarmoqlari kiradi.
32. Irrigatsiya ishlarini tashkil etish sug‘orish suvini ko‘kalamzorlashtirish obyektlariga yetkazishni va bir tekis taqsimlashni ta’minlaydigan irrigatsiya xo‘jaligi obyektlarini saqlashni, mukammal, joriy ta’mirlashni va boshqa ishlarni nazarda tutadi.
33. Irrigatsiya xo‘jaligini mukammal ta’mirlash asbob-uskunalarni almashtirgan holda irrigatsiya tizimi va inshootlarning ayrim elementlarini to‘liq tiklash ishlaridan iborat bo‘ladi va loyiha-smeta hujjatlariga hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan aniq manzilli ro‘yxatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
34. Gidrotexnika inshootlarining irrigatsiya xo‘jaligini joriy ta’mirlash quyidagi ish turlarini o‘z ichiga oladi:
ayrim uchastkalardagi kanallar, o‘zanlarni va irrigatsiya tarmoqlarini cho‘kindilardan, o‘tlar va daraxt-buta o‘simliklaridan tozalash, loyqalar, ayrim yopiq kollektorlar va drenajlarni balchiq yoki temir qoldiqlaridan tozalash, filtrlovchilar, so‘rg‘ichlar, tindirgichlar va boshqa inshootlarni tozalash, inshootlarni, kanal va yo‘llarning alohida uchastkalarini, kanallarning nishablari va tubini mustahkamlagichlarni ta’mirlash;
suv chiqarish inshootlarini va yo‘llarning kesib o‘tish joylaridagi quvurlar og‘zini qisman ta’mirlash va tiklash, kanallar o‘zanlari va suv o‘lchash postlari, kuzatish quduqlari, qirg‘oq belgilaridagi deformatsiyalarni sozlash, to‘g‘onlarning ayrim elementlarini (tambalarni, suv ko‘tarish moslamalarini, xizmat ko‘priklarini, suv chiqargich va suv tozalagichlarning ayrim qismlarini) ta’mirlash, tambalar va shlyuzlarning metall qismlarini bo‘yash.
35. Irrigatsiya tizimlaridan foydalanish quyidagi ish turlarini nazarda tutadi:
daraxtzorlarni sug‘orish, suv tarmoqlarini vaqti-vaqti bilan tozalash, o‘simlik qoldiqlarini yo‘qotish, o‘tlarni o‘rish hamda boshqa balchiq va aralashmalarni yo‘qotish;
irrigatsiya tizimlari inshootlarini o‘simliklarning o‘sish davriga tayyorlash, sug‘orish, yomg‘irlatib sug‘orish quvurlari tarmoqlarini konservatsiya qilish;
tizimda suvdan to‘g‘ri foydalanishni va uning sarflanishini nazorat qilish.
Do'stlaringiz bilan baham: |