shaharsozlik hujjatlari — hududlarni, aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish to‘g‘risidagi hamda ularni qurish haqidagi, belgilangan tartibda tasdiqlangan hujjatlar;
qizil chiziq — shaharsozlik hujjatlarida belgilangan chegara, u mavzelarni, mikrorayon va rejalashtirilayotgan tuzilmaning boshqa elementlarini ko‘chalardan, o‘tish joylaridan va aholi punktlari maydonlaridan ajratadi;
qurilishni tartibga solish chiziqlari — qizil chiziqlardan yoki yer uchastkasi chegaralaridan ajratgan holda binolar va inshootlarni joylashtirishda shaharsozlik hujjatlarida belgilanadigan qurilish chegaralari;
bino — funksional vazifalariga ko‘ra odamlarning yashashi yoki bo‘lishi uchun hamda ishlab chiqarish jarayonlarining har xil turini bajarish uchun mo‘ljallangan, tugallangan hajmni hosil qiladigan asosiy, to‘suvchi yoki qo‘shma konstruksiyalardan iborat bo‘lgan qurilish tizimi;
inshoot — ishlab chiqarish jarayonlarining har xil turini bajarish, materiallar, buyumlar, asbob-uskunalarni saqlash, odamlarning vaqtinchalik bo‘lishlari, odamlar, yuklar va shu kabilarning o‘tishi uchun mo‘ljallangan asosiy, to‘suvchi yoki qo‘shma konstruksiyalardan iborat bo‘lgan hajmli, tekis yoki qator qurilish tizimi;
drenaj — ochiq o‘zanlar va yopiq, teshikli quvurlar (gorizontal), aholi punkti hududi zaxini qochirish maqsadida zarur bo‘lgan darajagacha pasaytirish uchun sizot suvlarni to‘plash va oqizib yuborish uchun suv sathini pasaytiradigan quduqlar (vertikal) tizimi;
irrigatsiya — obodonlashtirish obyektlaridagi ko‘kalamzorlashtirish hududini sug‘orish, shu jumladan sun’iy sug‘orish;
tashqi yoritish — sun’iy yoritish manbalari yordamida binolar va inshootlar tashqarisida zarur yoritilganlikni va yorug‘likni yaratish.
II. Obodonlashtirish obyektlarini qurish va barpo etishda arxitektura va qurilish normalari va qoidalari
3. Obodonlashtirish tasdiqlangan bosh rejaga muvofiq ishlab chiqilgan shaharsozlik hujjatlarini joriy etish (amalga oshirish)ning uzviy bosqichi hisoblanadi.
Obodonlashtirish ishlari qizil chiziqlarga va qurilishni tartibga solish chiziqlariga rioya etgan holda aholi punktlarini obodonlashtirish bo‘yicha tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari va loyihalash hujjatlari asosida amalga oshiriladi.
4. Aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksida belgilangan tartibda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
5. Obodonlashtirish bo‘yicha loyihalash hujjatlari tuman (shahar)larning qurilish bo‘limlari tomonidan (keyingi o‘rinlarda qurilish bo‘yicha hududiy organlar deb ataladi) yoki loyihalash uchun litsenziyaga ega bo‘lgan tashkilotlar tomonidan, shahar va tumanlarning obodonlashtirish boshqarmalari buyurtmanomalari asosida ishlab chiqiladi.
Obodonlashtirish bo‘yicha loyihalash hujjatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar qurilish bosh boshqarmalarining shaharsozlik kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.
(6. Obodonlashtirish bo‘yicha loyihalash hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi standartlari hamda davlatlararo standartlar talablarini qondirishi va belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilishi kerak.
7. Obodonlashtirish ishlarining amalga oshirilishini nazorat qilish arxitektura va qurilish bo‘yicha hududiy organlarga yuklanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |