Savol 4. O'zbekistonlik jangchilarning frontda ko'rsatgan jasorati. Fashizmni tor-mor etishda O'zbekistonning munosib o'rni.
Fashizmni tor–mor keltirish uchun olib borilgan umumxalq kurashiga o’zbek dehqonlari o’zlarining munosib hissalarini qo’shdilar. Bir qator ob‘ektiv va sub‘ektiv sabablarga ko’ra respublikada qishloq xo’jaligini qayta qurish g’oyatda katta qiyinchiliklar bilan kechdi. Vaziyatning murakabligi shundan iborat ediki, birinchidan, respublika qishloq xo’jaligi asosan paxta yetishtirishga ixtisoslashtirilgan edi, oziq-ovqat mahsulotlari ittifoq fondidan keltirilgan. Urush boshlangach, oziq-ovqat keltirilish to’xtadi, aholini boqish uchun ichki imkoniyatlarni topish zarur edi. Ikkinchidan, evakuatsiya qilingan aholi hisobiga shaharlar aholisining ko’payishi oziq-ovqatga bo’lgan talablarni yanada oshirdi. Uchinchidan, dehqonlar frontga va harbiy sanoatga ishlashga safarbar etilgan, dehqonchilikning mashaqatli ishlari keksalar, ayollar, o’smirlar zimmasiga tushgan edi. To’rtinchidan, MTS va sovxozlarga g’arbdan yangi traktorlar, qishloq xo’jalik mashinalari va ularga ehtiyot qismlar keltirilish to’xtab qolgan, xo’jaliklardagi ayrim texnikalar, otlar armiya ehtiyojlari uchun olib ketilgan edi.
Urush yillarida respublika dehqonchiligining tarkibi keskin o’zgardi. Paxtachilikni asosiy tarmoq sifatida saqlab qolgan holda don, qand lavlagi, kanop, pilla, sabzavot, poliz mahsulotlari yetishtirishni keskin ko’paytirish tadbirlari ko’rildi. Birinchi navbatda ekin ekiladigan maydonlarni kengaytirish, irrigatsiya quvvatlarini oshirish yuksak sur‘atlar bilan olib borildi. O’zbekiston qishloq mehnatkashlari g’oyatda ogir va qiyin sharoitlarda mehnat qilib, Germaniya fashizmi ustidan qozonilgan g’alabani tezlashtirishda o’zlarining munosib hissalarini qo’shdilar. Urush yillarida O’zbekiston qishloq mehnatkashlari 4 mln. 148 ming t. paxta, 82 mln. pud g’alla, 54,1 ming t. pilla, 22,3 ming t jun, 36 ming t qoqi,195 ming t. sholi, 57,5 ming t meva, 159 ming 300 t. go’sht va boshqa mahsulotlarni yetkazib berdilar.
Fashistlar Germaniyasi ustidan tarixiy g’alabani qo’lga kiritishda O’zbekiston fan, adabiyot, maorif va san‘at xodimlarining ham hissasi katta bo’ldi. 1943 yilning sentyabrida O’zbekiston FanlarAkademiyasi tashkil etildi va o’sha yilning 4 noyabrida akademiyaning ochilish marosimi bo’ldi. Fanlar akademiyasining birinchi prezidenti qilib T.N.Qori – Niyozov saylandi. Urush yillarining qiyinchiliklariga qaramasdan O’zbekistonda Oliy va o’rta mahsus o’quv yurtlari va xalq maorifi muassasalari o’z faoliyatini to’xtatmadi. O’zbekistonda 29 ta oliy va 52 ta o’rta mahsus o’quv yurti ishlab turdi. Ularning soni esa Markazdan ko’chirib keltirilgan 31 ta oliy o’quv yurti va 7 ta harbiy akademiya hisobiga yanvada ortib bordi. Urush yillarida bu o’quv yurtlarida 20 minga yaqin yuqori malakali mutaxassis va harbiy kadrlar tayyorlandi.
Xalqimizning yovuz dushmanga qarshi kurashi yillarida o’zbek adabiyoti ham o’zining munosib hissasini qo’shdi. Oybek, Homid Olimjon, Shayxzoda, G’ofur G’ulom, Uyg’un, Sobir Abdulla, Zulfiya kabi shoirlar va yozuvchilar urush maydonlariga safarbar etuvchi she‘rlari, maqolalari va asarlari bilan xalqni g’alabaga ruxlantirdilar. Oybekning «Yovga o’lim», «Qutlug’ qon», «Navoiy», «Quyosh qoraymas», «Men yaxudiyman» asarlari, H.Olimjonning «Yigitlarni frontga jo’natish», «O’lim bosqinchilarga», «Jangchi Tursun», «Roksananing ko’z yoshlari» va boshqa asarlar urush yillaridagi o’zbek adabiyotining yorqin namunalaridir. Dramaturgiya sohasida N.Pogodin, H.Olimjon, Uyg’un va S.Abdullalar yozgan «O’zbekiston qilichi», A.Umariyning «Qasos», Yashin va S.Abdullaning «Davron ota» kabi asarlari bilan birga Uyg’un va I.Sulton «Alisher Navoiy», H.Olimjon «Muqanna», Maqsud Shayxzoda «Jaloliddin Manguberdi», Oybek «Mahmud Torobiy» kabi dramatik asarlarida o’zbek xalqining bosqinchilarga qarshi kurash sahifalarini aks ettirdilar.
Urush davrida O’zbekistonda ta‘sirchan vosita hisoblangan teatr va san‘at ancha rivojlandi. Bu davrda O’zbekistonda 36 ta mahalliy va 16 ta ko’chirib keltirilgan teatr jamoalari faoliyat ko’rsatib, ular urush yillarida 203 ta yangi asarni sahnalashtirdilar va 65 million tomoshabinga 187568 spektakl va kontsertlar ko’rsatdilar. Turli janrlar bo’yicha ixtisoslashtirilgan 30 kontsert brigadalarining kuchi bilan harakatdagi armiya qismlarida 35 mingdan ortiq, respublika shaharlaridagi gospitallarda 26 mingta kontsert qo’yib berdilar. Ayniqsa, Tamaraxonim, Halima Nosirova, Mukarrama Turg’unboeva, Sora Eshonto’raeva, Abror Hidoyatov, Shukur Burhonov kabi san‘atkorlar ishtirokidagi kontsert va tomoshalar jangchilar, tomoshabinlar qalbiga zo’r ko’tarinkilik baxshida etgan. Urushdagi g’alabaga o’zbek kino san‘ati ham o’z hissasini qo’shdi. Bu sohada K.Yormatov, N.G’aniev, Y.A‘zamov hamda markaziy shaharlar Moskva, Leningrad, Kiev, Odessadan Toshkentga evakuatsiya qilingan 200 ga yaqin kino ustalarining hamkorligi katta rol o’ynadi. Bu davrda yaratilgan «Nasriddin Buxoroda», «Tohir va Zuhra», «Ikki jangchi», «Suxe Bator» va boshqa badiiy filmlar haqli suratda «O’zbekfilm» oltin fondidan joy oldi. Xulas, fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan g’alabaga O’zbekiston fani, maorif va madaniyati xodimlari ham o’zlarining salmoqli ulushlarini qo’shdilar.
Urishning barcha jabhalarida O’zbekistonlik jangchilar qahramonlik va mardlik mo’‘jizalarini ko’rsatdilar. Umuman, ikkinchi jahon urushi janglarida turkistonlik jangchilar, shu jumladan, o’zbeklarning an’anaviy urish qobiliyatlarining saqlanib qolganligini ko’rsatdi. Ja‘mi bo’lib O’zbekistondan ikkinchi jahon urushiga 1 million 433.230 kishi safarbar qilingan edi. Bu o’sha davrdagi O’zbekiston aholisining urushga yaroqli 50-60 foizi demakdir. O’zbekistonlik jangchilar urush janglarida mardlik va qahramonlik namunalarini ko’rsatdilar. Ulardan 1753 kishi «Moskva mudofaasi uchun», 2738 kishi «Stalingrad mudofaasi uchun» medallari bilan taqdirlangan bo’lsa, o’zbekistonlik jangchilardan 1706 kishi “Berlin olinganligi uchun”medali, 2430 kishi “Budapeshtni ozod qilish uchun” medali, 109208 kishi “Germaniya ustidan g’alaba qozonilganligi uchun”medali bilan taqdirlandilar. Xulas, 1939-1945 yillardagi ikkinchi jahon urushiga ko’rsatgan jasorat, qahramonligi va mardligi uchun O’zbekistonlik jangchilardan 120 ming kishi orden va medallar bilan taqdirlandilar. 300 ortiq kishiga esa Qahramon unvoni berildi. Ammo urush va kiritilgan tarixiy g’alaba vatanimiz xalqlariga qimmatga tushdi. O’zbekistondan frontga safarbar qilingan 1433230 kishidan 263 005 halok bo’ldi, 132670 kishi bedarak yo’qoldi va 60452 kishi o’z yurtiga nogiron bo’lib qaytdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |