22-Variant.
1-savol. O‘zbekiston qadimgi sivilizatsiya va madaniyat beshigi. Antropogenez jarayoni. Qadimgi odamlarning turmush tarzi, mashg‘ulotlari.
”Sivilizatsiya” lotinchadan olingan bo‘lib, u hozirgi zamonda odamning komillikka intilish mazmunida talqin etiladi, shuningdek u inson hayoti uchun qulayliklar yaratish jarayonini ifodalovchi tushuncha ham. Adabiyotda bu so‘z ”tamaddun” deb ham ataladi va madaniy hayotga, taraqqiyotga erishuv jarayoni ma‘nosida ishlatiladi. Qomusiy kitoblarda sivilizatsiya - jamiyat taraqqiyoti jarayonida yaratilgan moddiy va ma‘naviy boyliklar, shuningdek ularni yanada ko‘paytirib va takomillashtirib borish usullarining majmui, deyiladi.
Sivilizatsiya haqida so‘z borganda, insoniyatning yashash uchun kurashi, tinimsiz mehnati, ma`naviyat va ma'rifatga intilishi tufayli o‘zi uchun yaratgan jismoniy va madaniy qulayliklari – ov va mehnat qurollari, kiyim – bosh, uy – joy va oilaviy munosabatlari bilan tavsiflanadigan ma`lum bir tarixiy davr tushuniladi.
Tarixiy, ilmiy tadqiqotlar bizning Vatanimiz – O‘zbekiston insoniyat sivilizatsiyasining qadimgi o‘choqlaridan biri ekanligidan dalolat bermoqda. O‘zbekiston va Markaziy Osiyo hududlarida olib borilayotgan keng miqyosdagi tadqiqot ishlarining natijalari ham Vatanimizning jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rnini tasdiqlaydi.
Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi turli hududlarda turli davrlarda paydo bo‘ldi va rivojlandi. Misol uchun, janubiy hududlarda yashagan qadimgi qabilalar miloddan avvalgi VI ming yillikdayoq dehqonchilikka o‘tib, unumdor xo‘jalikni rivojlantirgan bo‘lsalar, bu davrda shimoliy hududlardagi qabilalar asosan ovchilik, baliqchilik va qisman ziroatchilikning ilk shakllari bilan shug‘ullanganlar. Bu notekislik jarayonini tabiiy geografik sharoitlar va o‘zaro munosabatlar bilan izohlash mumkin. Bu o‘rinda O‘rta Osiyoning cho‘l va dasht hududlari hamda tog‘oldi va daryo vohalari hududlarining rivojlanish darajasidagi madaniy notekislikni taqqoslab ko‘rish (Kopetdog‘, Hisor, Zarafshon tog‘oldi hududlari hamda Qizilqum, Qoraqum, Qashqadaryo va Zarafshon vohasining dasht hududlari) muhimdir. Sivilizatsiya qadimda yer kurrasining bir necha turli qit‘a va hududlarida mustaqil ravishda paydo bo‘lgan va shu sababdan uning o‘ziga xos ko‘rinishlari mavjud. Zamonlar o‘tib bu mahalliy sivilizatsiyalarning bir qator xususiyatlari boshqa hududdardagi taraqqiyot belgilari bilan qorishib, umuminsoniy sivilizatsiya vujudga kelgan.
Yaqin yillarga qadar O‘zbekiston hududlari eng qadimgi odamlar tomonidan 100 ming yillar ilgari o‘zlashtirilgan deb hisoblanib kelinar edi. Ko‘pchilik tadqiqotchilar O‘rta Osiyo paleoliti haqidagi bahslarda bu jarayonni asosan yevropa paleoliti bilan bog‘lab kelar edilar. Ammo so‘nggi yillarda O‘zbekiston arxeologlari tomonidan olib borilgan ko‘pgina tadqiqotlar bu masalaga ancha oydinlik kiritdi.
1980-yil arxeolog O‘.Islomov boshchiligidagi tadqiqotchilar Farg‘ona vodiysidagi Selung‘ur (So‘x tumani) g‘oridan paleolit davri makonini ochishga muvaffaq bo‘ldilar. So‘nggi tadqiqotlar natijalariga qaraganda Selung‘ur ilk paleolit davriga oid bo‘lib, 13 madaniy qatlamdan iborat. Bu qatlamlardan juda ko‘plab ibtidoiy tosh qurollar topilgan. Bu qurollar ko‘p hollarda Olduvoy qurollariga o‘xshab ketadi.
Tadqiqotchilarning fikrlariga qaraganda, Selung‘ur topilmalarining yoshi 1 mln.yildan ziyodroqdir. Selung‘ur topilmalari orasidan eng ahamiyatlisi qadimgi odam jag‘ suyaklari, tishlari va yelka suyaklaridir. Fanda «Farg‘ona odami» – «Fergantrop» deb nomlangan bu qazilma odam qoldiqlari eng qadimgi odam haqidagi tasavvurlarimizni yanada kengaytirish bilan birga Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonning insoniyat paydo bo‘lib rivojlangan o‘choqlardan biri ekanligini uzil – kesil isbotlaydi. Bundan tashqari fanga 1963-yillardan beri ma'lum bo‘lgan Ko‘lbuloq makonidan eng pastki qatlamlari ilk paleolit (ashel) davriga, yuqori qatlamlari esa o‘rta va so‘ngi paleolit davrlariga oiddir. Shuningdek, Qizilolmasoy va Toshsoy makonlaridan ham ilk paleolit qatlamlari ochilgan hamda bu yerdan 100 dan ziyod tosh qurollar topilgan.
Dastlabki sivilizatsiya ma‘lum darajada til va yozuvlar bilan ham bog‘liq. Markaziy Osiyoda ham yozuv mil.avv. paydo bo‘lgan. Bundan 2,5 ming yil avval yurtimiz xalqlari ilk bor chizma belgilarda nutq tovushini ifodalovchi yozuv tajribasini yarata boshlagan. Mutaxassis olimlar mil. av. V-III asrlarda oramiy yozuvlari tajribasi asosida So‘g‘d, Xorazm, Baxtar, Parfiya kabi o‘lkalarda mahalliy tillarni ifodalashga mo‘ljallangan yangi yozuvlar yaratildi, deb ta‘kidlaydilar. Mil. av. IV-III asrlarda, shuningdek, Yunon imlosi ham ishlatilgan. Ajdodlarimiz turkiy-run (Urxun-Enasoy), uyg‘ur, so‘g‘d yozuvlarini qo‘llaganlar.
Demak, mintaqamizda qadim paytlarda turli yozuvlar paydo bo‘lib, ular takomillasha borgan, mahalliy tillar va lahjalar xususiyatlarini aks ettirgan va shu tariqa Markaziy Osiyo madaniyatining rivojiga o‘z ulushini qo‘shgan. Manbalarga asoslanib aytish mumkinki, bu yerlarda qadimgi mahalliy tillar - turkiy, so‘g‘diy bo‘lgan. O‘rta asrlarda esa ular bilan birga forsiy, arab, chig‘atoy va eski o‘zbek tillari rivoj topa boshlagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |