3. Milliy g‘oya va milliy o‘zlikni anglash
Ijtimoiy sinflar, qatlamlar, guruhlar, tabaqalar, elat va millatlar, xalq va davlatlarning moddiy va ma’naviy manfaat va maqsadlari, ezgu yoki yovuz, bunyodkorlik yoki buzg‘unchilik g‘oyalarda o‘z ifodasini topadi. Jamiyatda ushbu g‘oyalarning ayrimlari milliy g‘oya sifatida amal qiladi.
Har bir millatning o‘ziga xos va o‘ziga mos bo‘lgan milliy g‘oyasi mavjud bo‘ladi. Bunday hol jamiyatning bir qonuniyatidir. Er yuzining qaysi bir mintaqasida bo‘lmasin, turli millatlarning shakllanishi bilan birgalikda, ularning milliy g‘oyasi ham shakllanib boradi. Jadid ma’rifatparvarlarning fikricha, milliy g‘oya millatning tub, asl ehtiyojlaridan, turish-turmushidan, asriy an’analaridan, o‘zligidan va tabiiyki, imkoniyatlaridan kelib chiqmog‘i lozim. Har bir millatning milliy g‘oyasining mazmunini, u ko‘p yillar davomida boshidan kechirgan ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va tabiat bilan bog‘liq bo‘lgan shart-sharoitlar, voqea va hodisalar belgilaydi.
SHuning uchun ham milliy g‘oya tushunchasining tom ma’no-mazmunini ozodlik, tinchlik, insoniylik, mehribonlik, sadoqat, fidoiylik, o‘zaro mehr-oqibat, muruvvat, do‘stlik, birodarlik, bag‘rikenglik kabi eng oliy qadriyatlar tashkil qiladi. Milliy g‘oya o‘zining mohiyati bo‘yicha millatning manfaatlarini umumlashtiradigan, uni o‘z oldiga qo‘ygan yagona oliy maqsadlari sari birlashtiradigan va safarbar etadigan g‘oyadir.
Unda butun millat uchun umumiy bo‘lgan g‘oyalar nihoyatda katta ahamiyat kasb etadi. Masalan, Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligi kabi g‘oyalar umummilliy g‘oyalar qatoriga kiradi. Milliy g‘oya deganda, ajdodlardan avlodlarga o‘tib, asrlar davomida e’zozlab kelinayotgan, shu yurtda yashayotgan har bir inson va butun xalqning qalbida chuqur ildiz otib, uning ma’naviy ehtiyoji va hayot talabiga aylanib ketgan, ta’bir joiz bo‘lsa, har qaysi millatning eng ezgu orzu-intilish va umid-maqsadlarini o‘zimizga tasavvur qiladigan bo‘lsak, o‘ylaymanki, bunday keng ma’noli tushunchaning mazmun-mohiyatini ifoda qilgan bo‘lamiz.
O‘z milliy g‘oyasini, o‘zligini anglagan va uni hayotining ma’no-mazmuniga aylantirgan millat ozod va obod Vatanda yashashi, aks holda esa, u vaqt o‘tishi bilan millat sifatida yo‘q bo‘lib ketishi ham mumkin.
Milliy g‘oya har bir millat va u bilan yonma-yon yashayotgan barcha boshqa etnos vakillari hayotida ham naqadar muhim o‘rin tutishi, insoniyat taraqqiyoti bosqichlarining yana bir qonuniyati desak, hech ham mubolag‘a bo‘lmaydi.
Har bir millatning milliy g‘oyasi, avvalambor shu millat a’zolarining ongi va qalbida, millatning tarixiy xotirasi orqali avloddan avlodga o‘tib, yangi-yangi g‘oyalar bilan boyib, sayqal topib boradi. Bu g‘oyalar millatning urf-odatlari, udumlari, to‘y-marosimlari, og‘zaki ijodiyoti, uning falsafiy, diniy, siyosiy, huquqiy, axloqiy, badiiy, go‘zallikka oid qarashlari va mentalitetida mujassamlanib o‘z ifodasini topib boradi.
Xususan, donishmand xalqimizning milliy g‘oyalari minglab u yaratgan dostonlarda, maqol va matallarda, rivoyat va ertaklarda, «Avesto» va boshqa qadimiy yozma yodgorliklarda, buyuk ajdodlarimizning asarlarida, sohibqiron Amir Temur o‘gitlarida, ulug‘ mutafakkir bobokalonimiz Mir Alisher Navoiy hazratlarining she’rlari va boshqa mashhur fozilu-fuzalolarimizning qarashlarida uchraydi. Masalan, «O‘zingni er bilsang, o‘zgani sher bil», «Qora ko‘ngil - yara ko‘ngil», «Qing‘ir ishning qirq yildan keyin ham qiyig‘i chiqar», «Qarg‘a bo‘lma - qayrilasan, issiq joydan ayrilasan», «YAxshilik to‘rga eltar, yomonlik - go‘rga», «Esing borida etagingni yop», «Ona yurting - oltin beshiging» va boshqa ko‘plab xalq maqollari milliy g‘oyamizning ayrim ko‘rinishlaridir.
Aytishimiz mumkinki, keyingi vaqtlarda birinchi Prezident Islom Karimov tomonidan, xalqimizning ko‘p yillik boshdan kechirgan yaxshi va yomon kunlari, mag‘lubiyat va zafarlari va madaniy-ma’naviy hayotidan kelib chiqqan holda bildirilgan ayrim g‘oyalari, o‘rinli ravishda hozirgi davrimizning milliy g‘oyasi desak hech ham xato bo‘lmaydi. Mashhur adibimiz Sultonmurod Olimning fikricha, Prezidentimiz oldinga surgan g‘oya: «O‘zbekiston - kelajagi buyuk davlat» - milliy g‘oyamizning ustunidir.
Bundan tashqari, Prezidentimiz tomonidan bildirilgan: «Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir», «YAngi uy qurmay turib, eskisini buzma», «Biz dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaymiz», «Bizning uyimiz yagona Turkiston», «SHuaziz Vatan - barchamizniki», «Vatan - bittadir», «Savob ishni har kim qilishi kerak va har kun qilishi kerak», «Kuch - bilim va tafakkurda» va boshqa g‘oyalar xalqimizning hozirgi vaqtdagi dolzarb milliy g‘oyalari desak ham bo‘ladi.
Milliy g‘oya – millatning o‘tmishi, buguni va istiqbolini o‘zida mujassamlashtirgan, uning tub manfaatlarini va maqsadlarini ifodalab, taraqqiyotga xizmat qiladigan ijtimoiy g‘oya shakli.
Milliy g‘oya o‘z mohiyatiga ko‘ra, xalq, millat taqdiriga daxldor bo‘lgan, qisqa yoki uzoq muddatda hal etilishi kerak bo‘lgan vazifalar va mo‘ljallarni ham aks ettiradi. Ikkinchi jahon urishi davrida fashistlar bosib olgan Fransiyada “qarshilik ko‘rsatish” milliy g‘oya darajasiga ko‘tarilgani va Fransiyaning ozod etilishi bilan o‘z ahamiyatini yo‘qotgani fikrimiz dalili bo‘ladi. Mamlakatimiz uchun milliy g‘oya haqidagi masalaning bugungi amaliy ahamiyati shundaki, biz o‘tish davrini boshdan kechirmoqdamiz. Har bir xalq o‘z tarixining burilish nuqtalarida, avvalo, mafkura masalasini, uning o‘zagini tashkil etadigan, o‘ziga xos o‘q, birlashtiruvchi yadro vazifasini o‘taydigan ijtimoiy g‘oyani shakllantirish muammosini hal qiladi. Mamlakatimiz uchun milliy g‘oya haqidagi masalaning bugungi amaliy ahamiyati shundaki, biz o‘tish davrini boshdan kechirmoqdamiz. Aynan shunday paytda aholining turli qatlamlari manfaatlarini himoya qiluvchi mafkuralarning shakllanishiga sharoit tug‘ilishi mumkin. SHunday ekan, millat, jamiyatni parokanda bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Aks holda, siyosiy, huquqiy, iqtisodiy islohotlar o‘z ahamiyatini yo‘qotadi, mustaqillik yo‘lida g‘ov paydo bo‘ladi.
Mustaqil taraqqiyot yo‘lida aniq marralarni ko‘zlab yashashimizda, pirovard maqsadimiz bo‘lgan ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot qurish borasidagi intilishlarimizda biz uchun ruhiy-ma’naviy kuch-quvvat manbai, ilmiy asos – bu milliy g‘oya, milliy mafkura.
Ma’naviyat va milliy g‘oya bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan uzviy jarayondir. Biz yangicha dunyoqarashga ega bo‘lgan fuqarolar bilangina yangi jamiyat qurishimiz mumkin. YAngicha dunyoqarashni shakllantirishda bugungi kunda Milliy g‘oyaning o‘z o‘rni va roli bor. CHunki milliy g‘oyada yurt tinchligi, vatanparvarlik, komilinson, diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, ijtimoiy hamkorlik, xalq farovonligi kabi milliy va umuminsoniy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan g‘oyalar ilgari surilgan. Demak, ushbu g‘oya asosida yoshlarning qalbida ezgulik, vatanparvarlik, komillikka intilish, vatanni sevish, tinchlikni qadrlash kabi tuyg‘ularni qaror toptirish imkoniyati kattadir.
Milliy g‘oya – millatning oliy idealini, uzoq muddatli maqsadlarini, orzu – umidlarini, irodasini, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘ziga xos tarixiy „da’vosini“ umumiy shaklda ifodalaydi. U sodda va tushunarli tarzda ikki og‘iz so‘zda biz intilayotgan, qurayotgan jamiyatning mohiyatini ifodalashi lozimdir. Milliy g‘oyaning asosiy mazmuni deganda, unda ifodalangan maqsadlar tushuniladi. YA’ni, milliy taraqqiyot g‘oyalaridagi konkret maqsadlar, uning asosiy mazmunini tashkil etadi. Bu maqsadlar – ozod va obod Vatan, erki va farovon hayot barpo etish yoki yurtimizda huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyati qurishdan iboratdir..
Milliy g‘oya – mazmun-mohiyati, maqsad va vaziflari Islom Karimov asarlarida asoslangan ta’limot. Uning mazmuni quyidagilardan iborat:
- tarixiy xotirani uyg‘otish, o‘tmishdan saboq chiqarish va o‘zlikni anglash mezoni bo‘lish;
- xalqimizni tub maqsadlari ifodasi va jamiyat a’zolarini birlashtiruvchi g‘oyaviy bayroq vazifasini o‘tash;
- inson qalbi va ongiga ijrbiy ta’sir etadigan tushuncha va tuyg‘ular, go‘zal va hayotiy g‘oyalar tizimini o‘zida mujassam etish;
- har bir fuqaroning ezgu niyatlarini ro‘yobga chiqarishga imkon beradigan eng maqbul yo‘lni ko‘rsata olish.
- O‘zbekistonda yashovchi barcha xalq, millat, elat, ijtimoiy qatlam va din vakillariga birday taalluqli bo‘lish;
- Mamlakatimiz aholisi ongi va qalbida «O‘zbekiston-yagona Vatan» degan tuyg‘uni yuksak darajada shakllantirishga xizmat qilish;
- turli millat, qatlam, din vakillari, siyosiy partiya va ijtimoiy guruhlar mafkurasidan ustun turadigan sotsial fenomen-ijtimoiy hodisa mazmuniga ega bo‘lish;
- biron-bir dunyoqarashni mutloqlashtirmaslik yoki biron-bir kuch, partiya yoki guruh qo‘lida siyosiy qurolga aylantirmaslik;
- har qanday ilg‘or g‘oyani o‘ziga singdirish va har qanday yovuz g‘oyaga qarshi javob bera olish;
- sub’ektivizm, volyuntarizm kabi illatlardan holi va jamoatchilikning xolis fikriga tayanuvchi ob’ektiv mafkura bo‘lish;
- so‘z bilan ishni, nazariya bilan hayotni birlashtira olish;
- davr o‘zgarishlariga qarab, o‘zi ifodalaydigan g‘oya, manfaat, maqsad-muddaolarni amalga oshirishning yangi-yangi vositalarini tavsiya eta olish, ya’ni yangicha vaziyatga tez moslashadigan hozir javob va ijodiy bo‘lish.
Milliy o‘z-o‘zini anglashning o‘z mezonlari mavjud bo‘lib, ular asosan quyidagilardan iborat:
a) o‘zi tug‘ilib o‘sgan zaminining, yurtining, Vatanining yagonaligini anglash;
b) o‘z ona tilini chuqur bilish va uni hurmat qilish;
v) o‘z milliy madaniyatini va ma’naviy merosini har tomonlama o‘zlashtirish va saqlash;
g) o‘z tarixini muntazam o‘rganib borish.
2. Milliy o‘zlikni anglash bu –
a) xalqning o‘tmishi;
b) uning bosib o‘tgan shonli yo‘li;
v) o‘ziga xos madaniyati;
g) til birligi;
d) urf-odat va an’analari;
e) tarixan ortirgan boy hayotiy tajribasi;
yo) diniy qadriyatlarni anglash va qadrlashdir.
3. Milliy o‘zini-o‘zi anglash bu –
a) xalqning, millatning o‘tmish tarixiy taraqqiyot yo‘lini tushunish;
b) ota-bobolari, nasl-nasabi, avlodu ajdodlarining kim bo‘lganligi
v) ularning jahon ilm-fani, madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan buyuk hissalarini bilib olindi va shu bilan birga berilgan vakilarni ularning ularning manfaatlari va ehtiyojlarining umumiyligini tushunib etishdir.
4. Har bir millat vakili uchun milliy o‘zlikni anglash bu –
a) qanday millat farzandi ekanini bilish;
b) shaxsning o‘z milliy mansubligini e’zozlashi;
v) undan g‘ururlanishi;
g) o‘z millat manfaatlari, ehtiyojlari va maqsadlaridan kelib chiqib fikri va faoliyatini boshqarishdir.
5. Milliy o‘zlikni anglash bu –
a) jamiyat a’zolari mustaqillik millat uchun ulug‘ ne’mat va ekanligini va uning hayotida naqadar muhim ahamiyat kasb etshini anglash;
b) millatning tub manfaatlarini va u har bir shaxs, mahalliychilik manfaatlaridan ustun turishini anglab etish va shu bilan birga
v) millat o‘zining sha’ni, qadr-qimmati, or-nomusi to‘g‘risida qayg‘urishi;
g) milily g‘urur va iftixor tuyg‘usini ma’lum darajada his etshidir.
6. Milliy o‘zlikni anglash natijasida millat vakillarining milliyligi, milliy xususiyatlari jonlanadi va kuchayadi, ularning millat taqdiri va kelajagi to‘g‘risidagi g‘amxo‘rligi tobora oshadi va butun millat dardi bilan yashash ular hayotining mazmuniga aylanib boradi.
Milliy o‘zlikni anglashning millat uchun eng ahamiyatli jihatlari shundan iboratki, millat vakillari o‘zligini qancha teran anglay borsalar, shuncha mustaqillik ular uchun ulug‘ ne’mat ekanligini va millat manfaatlari har qanday shaxsiy manfaatlardan ustun turishini anglay boshlaydilar.
Umuman olganda, milliy o‘zlikni anglash har bir millatning hayotida nihoyatda katta o‘rin egallaydi, chunki u o‘zining o‘tmishini teran anglash asosida bugunini ham to‘g‘ri va atroflicha bilib olishga erishadi va shu bilan birgalikda o‘z kelajagini aniq belgilab rivojlanish yo‘liga o‘tib oladi.
Tayanch tushunchalar:
Polietnik davlat, monoetnik davlat, millatlararo munosabatlar, milliy munosabatlarning xususiyati, ijtimoiy-etnik birlik, etnik guruh, hamjihatlik, mentalitet, milliy o‘zlikni anglash.
Do'stlaringiz bilan baham: |