5-bob. Konsepsiyani amalga oshirish mexanizmi
22. Konsepsiyani amalga oshirishda olimlar, yozuvchi, shoir va siyosatchilar, ijodkor ziyolilar, davlat va jamoat tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari hamda ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylari ishtirok etadi.
Jumladan, ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishda:
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ichki ishlar organlarining tarixi, tizimda xizmat qilib, jangovar-xizmat faoliyatini amalga oshirgan, xizmat vazifalarini bajarishda qahramonlarcha halok bo‘lgan, shuningdek, davlat va idoraviy mukofotlarga sazovor bo‘lgan hamda sport musobaqalarining sovrindorlari, alohida namunali xizmat qilayotgan xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar tayyorlanadi;
viloyat (tuman, shahar) hokimliklari bilan hamkorlikda har bir (tuman, shahar, tarmoq) ichki ishlar organida ko‘rgazmali vositalardan iborat alohida vatanparvarlik burchaklari (xonalari) tashkil etiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda buyuk ajdodlarimiz va allomalar faoliyatiga oid teatr spektakllari va sahna ko‘rinishlari, konsert dasturlari, ekskursiyalar hamda milliy g‘urur, faxr va iftixor tuyg‘ularini mustahkamlashga, notiqlik san’atini shakllantirishga qaratilgan ommaviy madaniy tadbirlar tashkil etiladi;
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda xalqimizning ma’naviy qadriyatlari, madaniyati va urf-odatlarini, boy merosimizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini hamda odob-axloq, halollik, poklik, sadoqat va fidoyilikni chuqur singdirishga qaratilgan davra suhbatlari o‘tkaziladi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan hamkorlikda islom dinining asl mazmun-mohiyatini yetkazish, diniy savodxonlikni oshirish, diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik g‘oyalarini targ‘ib qilish hamda yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, hushyorlik va ogohlik kabi tuyg‘ularni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuvlar o‘tkaziladi;
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning eng sara namunalari mazmun-mohiyatini tushuntirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda vatanparvarlik, mardlik, faxr va iftixor tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan ijodiy uchrashuvlar o‘tkaziladi;
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazi bilan hamkorlikda xodimlar oilalarini ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni yaratish, oila sha’nini saqlashda ota-ona va farzandlar mas’uliyati hamda burchlari, or-nomus, qadr-qimmat, sharm-hayo kabi axloqiy me’yorlarni yetkazib borish, oilalarning ijtimoiy ahvoli, ehtiyojlari va muammolarini tizimli o‘rganib borishga qaratilgan tadbirlar tashkil etiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda sport bilan muntazam shug‘ullanish, jismoniy va ma’naviy barkamollikka intilish, jismonan yetuk, kuchli va shijoatli, mutaxassislarni tarbiyalashga yo‘naltirilgan mashg‘ulotlar, musobaqalar va amaliy tadbirlar tashkil etib boriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |