[
OKOZ:
1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.02.00.00 Xavfsizlikni ta’minlash kuchlari / 16.02.05.00 Ichki ishlar organlari]
[
TSZ:
1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Ichki ishlar organlari]
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining
Qarori
Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6196-son Farmoniga muvofiq,
shuningdek, jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘rnatilayotgan yangi mexanizmlarning samarali amalga oshirilishini ta’minlashda ichki ishlar organlarining roli va mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida:
1. Mahalla huquq-tartibot maskani to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
tuman (shahar) hokimlari har oyda mahalla huquq-tartibot maskaniga rahbarlik qilayotgan profilaktika katta inspektori bilan shaxsan uchrashib, hududda jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida aniqlangan muammoli masalalarni hal etish choralarini ko‘radi;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari har yarim yilda mahalla huquq-tartibot maskaniga rahbarlik qilayotgan profilaktika katta inspektorining hududda jamoat xavfsizligini ta’minlash ahvoli bo‘yicha hisobotini eshitadi va zarur choralarni belgilaydi.
Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov):
bir oy muddatda bevosita joylarga chiqqan holda profilaktika inspektorlari tomonidan har bir oila va xonadondagi muhitni, shuningdek, huquqbuzarliklar sodir etilishiga ta’sir etuvchi ijtimoiy, infratuzilma va boshqa muammolarni o‘rganish hamda bartaraf etish bo‘yicha “Xavfsiz xonadon” va “Xavfsiz hovli” tizimini yo‘lga qo‘ysin;
Oliy sud (K.F. Kamilov), Bosh prokuratura (N.T. Yo‘ldoshev) va Adliya vazirligi (R.K. Davletov) bilan birgalikda bir oy muddatda profilaktika inspektorining mahalla osoyishtaligini ta’minlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llash vakolatini kengaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritsin;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M. Sadikov) hamda Oliy sud (K.F. Kamilov) bilan birgalikda 2021-yil 1-sentabrga qadar profilaktika inspektorlari vakolatiga kiruvchi ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ish yurituvni to‘liq elektron shaklga o‘tkazsin va profilaktika inspektorlarining sud majlislarida “masofaviy” tarzda qatnashish amaliyotini joriy etsin.
2. Toshkent shahri va Toshkent viloyati ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi boshqaruv tizimi joriy etilsin:
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida jamoat xavfsizligini ta’minlash ushbu hududlardagi ichki ishlar va boshqa vakolatli organlarning mavjud kuch va vositalarini yagona “poytaxt mintaqasi” tamoyili asosida safarbar qilgan holda hamkorlikda amalga oshiriladi;
Toshkent shahridagi patrul-post xizmati batalonlari Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining bevosita bo‘ysunuvidan chiqarilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri tuman ichki ishlar organlari tarkibiga o‘tkaziladi va ularning kunlik xizmati mahallalar kesimida yo‘lga qo‘yiladi;
jamoat tartibini ommaviy buzish bilan bog‘liq holatlar yuzaga kelganda poytaxtdagi barcha ichki
ishlar organlari faoliyatini, shuningdek, jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha vakolatli davlat organlari va jamoat tuzilmalari kuch va vositalarining yagona tezkor boshqaruvi Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi zimmasiga, umumiy boshqaruvi ichki ishlar vaziri zimmasiga yuklatiladi.
3. Yagona “poytaxt mintaqasi” tamoyili asosida ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari boshliqlarining hamraisligida Jamoat xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi o‘rinlarda — Kengash) tashkil etilsin.
Belgilansinki:
Toshkent shahar va Toshkent viloyati Milliy gvardiya boshqarmalarining boshliqlari Kengash raisining o‘rinbosarlari hisoblanadi;
Kengash yig‘ilishlari har oyda kamida bir marotaba o‘tkaziladi hamda ularda poytaxt mintaqasida kriminogen va ijtimoiy vaziyatni tahlil qilish natijasida aniqlangan muammolarni o‘zaro hamkorlikda hal etish bo‘yicha manzilli choralar belgilanadi.
Ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov, Milliy gvardiya qo‘mondoni R.M. Jo‘rayev mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir hafta muddatda
Kengash tarkibini tasdiqlasin, ichki ishlar vazirining o‘rinbosari A.I. Ikramov Kengash faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rsin.
4. Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzurida Yagona tezkor boshqaruv markazini (keyingi o‘rinlarda — Markaz) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
poytaxt hududida kriminogen va ijtimoiy vaziyatni uzluksiz monitoring qilish, jamoat xavfsizligini ta’minlashga jalb etilgan ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Toshkent shahar hokimligining tegishli kuch
va vositalarini boshqarish;
jinoyat, hodisalar va favqulodda holatlar haqidagi xabarlarga tezkorlik bilan munosabat bildirish, jamoat tartibini ommaviy buzish bilan bog‘liq holatlar yuzaga kelganda vakolatli idoralarning harakatlarini markazlashgan holda muvofiqlashtirish.
5. Ish unumdorligini oshirish maqsadida shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2021-yil 1-iyuldan boshlab, shaxslarni profilaktik hisobga olishning elektron tizimi joriy etiladi.
Ichki ishlar vazirligi (N.S. Turaxo‘jayev, A.I. Ikramov):
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (O.A. Pekos) bilan birgalikda joriy yilning birinchi yarmi yakuniga qadar elektron tizimining dasturiy ta’minoti ishlab chiqilishi va huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimiga joriy etilishini ta’minlasin;
Adliya vazirligi (R.K. Davletov) bilan birgalikda bir oy muddatda profilaktik hisobga olinadigan shaxslar ro‘yxatini qisqartirish bo‘yicha takliflarni kiritsin.
6. Ichki ishlar vazirligi va Xalq ta’limi vazirligining “Xavfsiz ta’lim muassasasi” tamoyili asosida voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha manzilli choralarni nazarda tutuvchi quyidagi takliflari ma’qullansin:
tuman, shahar ichki ishlar organlari tarkibida 2 000 ta shtat birliklaridan iborat voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixolog (keyingi o‘rinlarda — inspektor-psixolog) lavozimlarini joriy etish hamda ularning bevosita xizmat o‘tash joyi etib umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini belgilash;
inspektor-psixologlar zimmasiga har bir o‘quvchi kesimida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida psixologik muhitni yaxshilash, voyaga yetmaganlar orasida qonunbuzilishlarga murosasiz munosabatda bo‘lish hissini shakllantirish, muammoli o‘quvchilar bilan ularning yashash joylarida ota-onalari ishtirokida manzilli ishlash vazifalarini yuklash.
Belgilab qo‘yilsinki, 2021-yilda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 2 000 ta psixolog shtat birligini joriy yilning 1-iyulidan qisqartirish evaziga 1 100 ta inspektor-psixolog shtat birligi kiritiladi va 2022-yilda qo‘shimcha 900 ta shtat birligini kiritish orqali ularning soni 2 000 tagacha yetkaziladi.
Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) 2021-yil 1-dekabrga qadar qo‘shimcha kiritilayotgan 900 ta inspektor-psixolog shtat birligini moliyalashtirish manbalarini aniqlasin.
Xalq ta’limi vazirligi (Sh.X. Shermatov), Ichki ishlar vazirligi (A.I. Ikramov) 2021-yil 1-sentabrga qadar inspektor-psixologlar uchun umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida maxsus jihozlangan xizmat xonalarini tashkil etish choralarini ko‘rsin, shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga ularning faoliyatini tartibga soluvchi nizomni va samaradorlik indikatorlarini tasdiqlash uchun kiritsin.
7. Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti (keyingi o‘rinlarda — Jazoni ijro etish departamenti) to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ichki ishlar vazirligi (N.S. Turaxo‘jayev, R.A. Tursunov) 2021 — 2023-yillar davomida jazoni ijro etish tizimini raqamlashtirish orqali sohada inson omilini istisno etish va jazoni o‘tashning tartibotini ta’minlash maqsadida:
jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida qat’iy intizom va qonuniylikni ta’minlash, korrupsiyaviy
holatlarning oldini olish, shuningdek, mahkumlarni saqlash holati ustidan nazorat olib borish jarayonlarini to‘liq avtomatlashtirish;
jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar, shu jumladan ularning qarindoshlari tomonidan qonun bilan taqiqlanmagan buyumlarni erkin bozor mexanizmlariga asoslangan elektron do‘konlar orqali sotib olish imkoniyatini yaratish;
mahkumlarni qayta tarbiyalashning taktikasini to‘g‘ri belgilash va ular tomonidan huquqbuzarlik sodir etilishining barvaqt oldini olish maqsadida har bir mahkumning xulq-atvori va shaxsi haqidagi ma’lumotlar elektron bazasini yuritish va uning asosida mahkumlarni taqsimlash jarayonini to‘liq raqamlashtirish choralarini ko‘rsin.
8. Mahkumlarni mehnatga jalb qilish orqali qayta tarbiyalash va sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida mavjud shtat birliklari doirasida quyidagi lavozimlar kiritilsin:
Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘ining axborot texnologiyalari hamda ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosarlari;
jazoni ijro etish muassasalari boshliqlarining ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari.
Belgilansinki:
joriy etilayotgan
lavozimlarga ishlab chiqarish, marketing va axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislikka hamda zarur tajribaga ega shaxslar tayinlanadi, shuningdek, ularga mehnat bozori konyunkturasidan kelib chiqib, Jazoni ijro etish departamentining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha to‘lovlar amalga oshiriladi;
jazoni ijro etish muassasalari huzuridagi davlat unitar korxonalari jazoni ijro etish muassasalarining yuridik shaxs hisoblanmagan va budjetdan tashqari faoliyatni amalga oshiradigan ishlab chiqarish bo‘linmalari
sifatida qayta tashkil etiladi;
jazoni ijro etish muassasalarining ishlab chiqarish faoliyatidan kelib tushadigan mablag‘lar mazkur sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va talab yuqori bo‘lgan yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga yo‘naltiriladi.
9. Vazirlar Mahkamasi va Ichki ishlar vazirligining 2021-yil yakuniga qadar ichki ishlar organlari faoliyatiga raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:
ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlarining elektron ma’lumotlar bazalarini yagona platforma negizida birlashtirish asosida “E-ichki ishlar organlari” markazlashgan axborot tizimini yaratish;
ichki ishlar organlarining barcha axborot tizimlarini integratsiya qilish va ulardan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligining Ma’lumotlarni qayta ishlash yagona markazini yaratish.
Ichki ishlar vazirligi (N.S. Turaxo‘jayev) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (O.A. Pekos) bilan birgalikda bir oy muddatda ichki ishlar organlarining faoliyatini bosqichma-bosqich to‘liq raqamlashtirishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va kiritsin.
10. Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qo‘yilsinki, Konsepsiyani amalga oshirish doirasida:
ichki ishlar organlari xodimlarining ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish ishlari “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish — oliy burchimiz!” konseptual g‘oyasi asosida tashkillashtiriladi;
ichki ishlar organlarining xodimlarida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish kabi oliy mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirish maqsadida har bir hududiy ichki ishlar organlarida “vatanparvarlik burchagi” tashkil etiladi;
ma’naviy-ma’rifiy ishlar ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi bilan ishlash sohasining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanadi.
Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov), Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi (M.M. Xojimatov) boshqa manfaatdor idora va tashkilotlar bilan birgalikda ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yuqori saviyada tashkil etish choralarini ko‘rib borsin.
11. Belgilansinki, mazkur qaror bilan amalga oshirilayotgan tashkiliy-shtat o‘zgarishlariga muvofiq ichki ishlar organlari xodimlarining tizimda egallab turgan lavozimi bo‘yicha pul ta’minoti va ijtimoiy imtiyozlar ular lavozimga qayta tayinlanguniga yoki
pensiyaga chiqquniga qadar, biroq uch oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga saqlab qolinadi.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
13. Ichki ishlar vazirligi:
bir oy muddatda Moliya vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda ushbu qarorga muvofiq xarajatlar smetalariga o‘zgartirishlar kiritsin;
ikki oy muddatda manfaatdor idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov belgilansin.
Mazkur qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021-yil 1-iyul va 2022-yil 1-yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 2-aprel,
PQ-5050-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi PQ-5050-son
qaroriga
1-ILOVA