2.Tarix falsafasida O.Shpengler qarashlari.
Asosiy tushuncha Shpengler uchun “hayot” dir. Lekin “xayot” Dilteydek ruhiy-ma’naviy hayot ma’nosida emas, balki biologik “tiriklik, yashovchanlik” ma’nosida ishlatiladi. Huddi ana shu “biologik yashovchanlikda” u insoniyat madaniy hayotining birinchi asosini kо‘radi. Shpengler tabiat haqidagi fanlarga ruh haqidagi fanlarni qarshi qо‘yadi. Tabiat va tarix faqatgina subyektning ongidagina, kechinmalaridagina о‘z voqeligini oladi. Mustaqil reallik sifatida ular mumkin emas, faqat ruhdagina mavjud, ya’ni “subyektsiz obyekt mumkin emas”. Subyekt bu “umuman ongdir”; dunyo asosida “men” yotadi, ana shu “men” orqali u о‘zini namoyon qiladi. “Men” - bu yakka ong emas, balki xalq, madaniyat, insoniyat va turli kechinmalar. Shpenglerning asosiy g‘oyasi - bu tarix alohida, yashirin madaniyatlarning almashinuvidir. U tarixni uzluksiz jarayon sifatida inkor qiladi va tarixiy taraqqiyotni ham inkor qiladi. Shpengler fikricha, g‘arb odami uchun tarix butunlay о‘zgacha kо‘rinishga ega. Tarixning markazi “dunyo tarixining” bitta kichkina sayyoradagi olti ming yilligini tashkil qiladi. Shu manazara, Shpengler ta’kidicha, mohiyatan, bizning uyG‘oq ongimiz mahsulidir. Shu asosda g‘arb ruhi о‘zini anglaydi. Shu zaruriy shakl orqali mavjudlikni mushohada qiladi. Qadimiy inson uchun, tarixga bunday nazar solish begona, qadimiy va Sharq insoni bunday holatni boshidan kechirgan bо‘lsa ham, lekin uni butunlay boshqacha kо‘rinishda qabul qilgan. Demak, “dunyo tarixi” faqat biz uchun mavjuddir. “Shunday qilib, - deydi Shpengler, - hamma odam uchun bir hil tarixiy faoliyat mumkin emas. Demak, bu alohida ruhning erkin fantaziyasidir. Bu yuz yilliklar ichra tо‘da sifatida insoniyat oqimi, million yillar ichra sanoqsiz quyosh tizimlarining yaratilishi, Nil, Ganga va Egey daryolari sohillaridagi allaqachon о‘lib, yо‘q bо‘lib ketgan rivojlangan mamlakatlar tarixi - faust ruhi mahsulidir”. Shpengler yozadiki: “Qancha odam va madaniyat bо‘lsa, shuncha dunyo mavjud. Har bir alohida inson uchun yagona mustaqil, abadiy dunyo mavjud. Dunyoning bunday mavjudligi har bir inson uchun doimiy yangi, bir marta amalga oshadigan, hech qachon qaytarilmaydigan kechinmadir”. Shunday qilib, “о‘zida mavjud” real, obyektiv dunyo yо‘qdir. Faqat subyektiv, individual dunyo haqidagi tasavvur mavjud. Insonlar, madaniyatlar о‘zgarsa, dunyo ham о‘zgaradi. Har bir inson ayrim holda boshqa insonlar bilan birgalikda о‘zining ruhiyati aks etgan shaxsiy dunyosini yaratadi. Shuning uchun ham Shpengler uchun “ilmiy bilish - bu о‘z-о‘zini anglashdir”. Ilmiy bilish Shpengler uchun tashqi dunyoni mushohada etish yoki in’ikos qilish emas. Bilish bu о‘zligini tashqariga chiqarish, о‘zligini namoyon qilish, ichki ruhiyatini tashqariga, tashqi olamga chiqarishdir: “tabiat - bu ich-ichigacha shaxslashgan kechinmalar, iztiroblardir”. Shunday qilib, Shpenglerning bilish nazariyasi relyativizmga borib taqaladi. Uning uchun obyektiv dunyo tо‘g‘risida bilim umuman yо‘q, jumladan obyektiv haqiqat ham mavjud emas. Shunday ekan, haqiqiy donishmand uchun mutloq tо‘g‘ri yoki mutloq notо‘g‘ri nuqtai-nazar yо‘q. Hamma narsa nisbiy hususiyatga ega, о‘zgaruvchan va о‘tkinchidir. Inson koinotda atomdir, ya’ni bir zarrachadir, biroq koinot inson tafakkurining mahsulidir. “Ana shu inson tafakkurining buyuk sirlaridan biridir. Bu qarama-qarshilikni shundayligicha qabul qilishga majburmiz”. Jon va dunyo ikki qutblilik tafakkurimiz mohiyatini tashkil qiladi, huddi magnetizmning mohiyati ikki qutbni bir-biriga tortishishida namoyon bо‘lganidek. Shpengler uchun “hayot” - bu “tarix”. Shpengler tarixni fandan butunlay ajratadi. Tarix - bu bilim emas, balki hissiyotlar, kechinmalar. Uning uchun tabiat va tarix qutbiy qarama-qarshiliklardir, ya’ni tiriklik-о‘liklik, sokinlik-harakat, borlik va yо‘qlik. Tarix - bu tirik borliqdir. Tabiat tafakkur mahsulidir. Tarix intuitsiya, mushohada mahsulidir. Fan va mantiq hayotni о‘ldiradi. Fan borliqni tushuntirib berish uchun emas, balki moslashish uchun kerak, ya’ni amaliy texnik ahamiyatga ega. Bilish “hokimiyatga intilishning” qurolidir. Tarixni faqat his etish kerak, tarixda faqat yashash kerak. Shpengler uchun tarixni bilish uslubi bu о‘xshashliklardir (analogiya). Shunday qilib, tarixiy hodisalarni tahlil qilganda ularning ichki qonuniyatlarini, mantiqiy bog‘liqliklarini qidirmasdan, balki о‘xshashlikni, paralellarni topishga harakat qilish kerak, ana shu asosda tarixni yaratish kerak. Shpenglerning bu fikrlari uni “hayot falsafasi” namoyandalariga yaqinlashtiradi, lekin shu bilan bir qatorda farqi ham bordir, ya’ni tabiat bilan tarixning ziddiyati ularning obyektlarida emas, balki bilish uslublarida farqlanadi. “Tabiat va tarix, - deb yozadi Shpengler, - mana shu ikki qarama-qarshi uslub, о‘zicha borliqni tartibga solishga urinadi. Agar har bir vujudga kelayotgan jarayonni, mavjudlik nuqtai-nazaridan kо‘radigan bо‘lsak, borliq tabiatga aylanadi; imkoniy vujudni zaruriy vujudga (jarayonga) bо‘ysindirsak - bu tarix bо‘ladi”, - deydi Shpengler. Jumladan, tafakkur ishga solinsa, uning о‘lik tushunchalari va qonuniyatlari tabiatni tushuntirishga harakat qiladi. Ichki kechinmalarimizga, hissiyotimizga, intuitsiyamizga murojaat qilsak - kо‘z о‘ngimizda tarix namoyon bо‘ladi. Tabiat tafakkur faoliyati natijasidir, bilish oqibatidir. Tarix esa, mushohada, intuitsiya natijasidir. Shunday qilib, Shpengler fikricha, fan va mantiq hayotni sо‘ndiradi. Ularni faqat qiyinchilikka moslashish sifatidagina qо‘llash mumkin. Boshqa vaziyatda ular insonga hech narsa bera olmaydi. Shpengler tarixiy qonuniyatlar va ijtimoiy ravnaq g‘oyalariga qarshi chiqadi. U uzluksiz jamiyat taraqqiyotini aylanma harakat g‘oyasi bilan, qonuniyatni taqdir g‘oyasi bilan almashtiradi. Insoniyat, Shpengler fikricha, zoologik birlikdir. Uning uchun insoniyatning yagona tarixi yо‘q, faqat alohida yashirin madaniyat bor. U о‘z-о‘zidan payd3o bо‘ladi, ravnaq topadi va о‘ladi. “Har qanday madaniyat inson sifatida yashaydi, insoniyat davrlarini boshidan kechiradi. Har bir madaniyatning bolaligi, о‘spirinligi, yetukligi va qariligi mavjud”. Har bir madaniyatning hayotini taqdir boshqaradi. Taqdirni, Shpengler fikricha, his qilish kerak. Agar kim uni his qilmasa, tarix bilan shug‘ullanmasin, “tabiatni bilishga о‘rganish mumkin, lekin tarixchi bо‘lib tug‘ilish kerak. Tarixchining kuchi shundan iboratki, u ongsizlik darajasida tarix jarayonini instinktiv ravishda biladi, bunday uslubda har qanday inson ham ishlay olmaydi”. Tarixning mazmuni uning ruhida namoyon bо‘ladi. Madaniyat ruhiyatning tashqi kо‘rinishidir. Shpengler sakkizta madaniyatni sanab о‘tadi. Bular - xitoy, bobil, misr, hind, antik, arab, G‘arb va mayya xalqining madaniyatidir. Rus madaniyati haqida alohida e’tibor bilan gapiradi. Har bir madaniyat qaytarilmas, о‘ziga xos va yagonadir. Har bir madaniyatning asosida о‘ziga xos ruhiyat yotadi. Masalan, antik madaniyatda - Appolon ruhiyati, arab madaniyatida - mistik (afsungarlik) ruhiyati, G‘arb madaniyatida - faust ruhiyati yotadi. Shpengler tarixchi va faylasuflarni butun dunyo tarixini “qadimgi, о‘rta asr va yangi davr” tarixiga ajratishlarini tanqid qiladi. Bu ajratish faqat arab mamlakatlariga xosligini Shpengler sezadi va shu yerda g‘arb tarixchilarining ovrо‘pomarkazchilik tamoyilini tanqid qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |