[
OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.02.00.00 Moliya va iqtisod sohasidagi boshqaruv]
[
TSZ:
1.Moliya / Umumiy masalalar]
O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining
qarori
2020 — 2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasi davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida
Davlat moliyasini boshqarish tizimini yangi bosqichga olib chiqish va budjet intizomini yanada mustahkamlash, soliq-budjet tizimining shaffofligini oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti (keyingi o‘rinlarda — Davlat budjeti) mablag‘laridan foydalanish samaradorligi va natijadorligini oshirish, Davlat budjetini o‘rta muddatli davr uchun rejalashtirishning zamonaviy usullarini joriy etish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4555-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4555-son qaroriga muvofiq quyidagilar 2020 — 2024-yillarda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin:
soliq-budjet siyosatiga strategik yondashuvni tatbiq etish maqsadida o‘rta muddatli budjet asoslarini ishlab chiqish hamda yillik budjetni shakllantirishning yangi “natijaga yo‘naltirilgan budjet”
tizimini joriy etish;
makrofiskal prognozlar ishonchliligini ta’minlash bo‘yicha institutsional salohiyatni va budjet jarayoni ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish;
budjet mablag‘larini taqsimlovchilar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet sohasidagi vakolatlarini va hisobdorligini oshirish hamda ularning mas’uliyatini kuchaytirish;
fiskal tavakkalchiliklarni baholash, moliyaviy aktivlar va majburiyatlar hisobini yuritish hamda ularni samarali boshqarish tizimini joriy etish;
budjet hisobi standartlarini unifikatsiya qilish, ichki nazorat va audit tizimini takomillashtirish orqali moliyaviy intizomni mustahkamlash;
budjet ma’lumotlarining ochiqligi, to‘liqligi va xalqaro standartlarga mosligini ta’minlash;
budjet jarayoni ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish.
[
OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.01.00 Davlat dasturlari, konsepsiyalar va boshqalar]
2. Quyidagilar:
2020 — 2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasi davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasi 1-ilovaga muvofiq;
2020 — 2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasi davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 24-avgust,
506-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 500-son qaroriga
1-ILOVA
2020 — 2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasining davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish
STRATEGIYASI
1-bob. Umumiy qoidalar
O‘zbekiston Respublikasida davlatning strategik maqsadlariga erishish uchun yo‘naltirilgan islohotlarni davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirishga asoslangan holda amalga oshirish talab etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti (keyingi o‘rinlarda — Davlat budjeti) to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqligi va shaffofligini hamda fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta’minlashga qaratilgan bir qator tadbirlar amalga oshirilayotganligi, shu jumladan Davlat budjeti Parlament tomonidan tasdiqlanishi, “Fuqarolar uchun budjet” axborot nashri chop etilishi, Openbudget.uz axborot portali ishga tushirilishi, Davlat budjeti ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar milliy hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasining Davlat moliyaviy statistikasi (GFS) standartlariga muvofiq e’lon qilinishiga qaramasdan, Davlat moliyasini boshqarishni yanada takomillashtirishni talab etadigan bir qator yo‘nalishlari mavjud.
Jumladan:
davlat moliyasini boshqarish tizimida davlatning o‘rta va uzoq muddatli maqsadlariga erishish borasida strategik o‘rta muddatli istiqbollarini belgilash;
budjet tashkilotlari va muassasalari hamda davlat ulushi mavjud bo‘lgan korxonalarning hisobini alohida yuritish, shuningdek, vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablag‘larini konsolidatsiyalashgan budjetda aks ettirish;
mahalliy budjetlarni mustaqil ravishda belgilash imkonini beradigan budjetlararo transfertlarni hisoblashning shaffof uslubiyatini ishlab chiqish;
davlat xaridlari va investitsiyalarini boshqarish samaradorligini oshirish, davlat qarzini boshqarish strategiyasini ishlab chiqish, davlat aktivlari va majburiyatlarini boshqarish uchun mavjud tavakkalchiliklarni baholashning samarali tizimini joriy etish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan Xalqaro valyuta jamg‘armasi va boshqa xalqaro moliya institutlari ko‘magida aniq maqsadlar, vazifalar va asosiy yo‘nalishlarni belgilovchi 2020 — 2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasining davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasi (keyingi o‘rinlarda — Strategiya) ishlab chiqildi.
Strategiyada davlat moliyasi to‘g‘risida jamoatchilikka keng qamrovli ma’lumotlar berish va shaffoflikni ta’minlash, samaradorlik va natijadorlikka bosqichma-bosqich erishishga qaratilgan soliq-budjet siyosatiga o‘tish uchun strategik yondashuvlarni ishlab chiqish hamda budjet jarayoni ishtirokchilarining mas’uliyati va javobgarligini oshirish kabi yo‘nalishlar ham belgilanmoqda.
Strategiyani ishlab chiqishda nafaqat iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar, balki moliyaviy-iqtisodiy jihatidan tuzilmasi o‘xshash davlatlar tajribasi ham o‘rganib chiqildi.
2-bob. Strategiyaning maqsad va vazifalari
Davlatni uzoq muddatli rivojlantirish konsepsiyalari hamda ustuvor davlat dasturlari, xususan, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mazkur Strategiyani ishlab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qildi.
Strategiyani amalga oshirish davri 2024-yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, quyidagi muhim maqsadlarni o‘z ichiga oladi:
soliq-budjet siyosatiga strategik yondashuvni tatbiq etish maqsadida o‘rta muddatli budjet asoslarini ishlab chiqish hamda yillik budjetni shakllantirishning yangi “natijaga yo‘naltirilgan budjet” tizimini joriy etish;
makrofiskal prognozlar ishonchliligini ta’minlash bo‘yicha institutsional salohiyatni va budjet jarayoni ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish;
budjet mablag‘larini taqsimlovchilar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet sohasidagi vakolatlarini va hisobdorligini oshirish hamda ularning mas’uliyatini kuchaytirish;
fiskal tavakkalchiliklarni baholash, moliyaviy aktivlar va majburiyatlar hisobini yuritish hamda ularni samarali boshqarish tizimini joriy etish;
budjet hisobi standartlarini birxillashtirish, ichki nazorat va audit tizimini takomillashtirish orqali moliyaviy intizomni mustahkamlash;
budjet ma’lumotlarining ochiqligi, to‘liqligi va xalqaro standartlarga mosligini ta’minlash;
budjet jarayoni ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish.
Strategiya maqsadlariga erishish uchun quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirish zarur:
uzoq muddatli davlat moliyaviy barqarorligini ta’minlashga qaratilgan strategik o‘rta muddatga mo‘ljallangan soliq-budjet siyosatini yuritish;
makroiqtisodiy cheklovlar va vazifalarni nazarda tutuvchi budjetlashtirishning “yuqoridan pastga” yondashuvini joriy etish yo‘li bilan soliq-budjet nazoratini kuchaytirish va barcha budjet jarayoni ishtirokchilarining javobgarligi va hisobdorligini oshirish;
budjet mablag‘lari taqsimlovchilari uchun ajratiladigan budjet mablag‘larini dasturlar kesimida tasdiqlash va natijadorligini baholash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish;
fiskal tavakkalchiliklarini baholash hamda zamonaviy makroprognozlashtirish modullarini qo‘llashni joriy etish;
budjet jarayonining shaffofligi va budjet ma’lumotlarining ochiqligini oshirib borish, jumladan davlat budjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni Parlamentga taqdim etish jarayonini takomillashtirish va shaffofligini oshirish;
budjetlararo munosabatlarni isloh qilish, mahalliy boshqaruv organlarining mustaqilligini va javobgarligini oshirish hamda budjetlararo transfertlar taqdim etish qoidalari asosida ularni ajratishning shaffof mexanizmini joriy etish.
Mazkur Strategiyani amalga oshirish uchun Strategiyada belgilangan maqsadlarga bosqichma-bosqich erishishni nazarda tutuvchi harakatlar rejasi ishlab chiqilgan.
Davlat korxonalarining islohoti, soliq islohoti, soliq-budjet shaffofligini ta’minlash bo‘yicha yo‘l xaritalari, davlat xaridlari tizimi islohotlari Strategiya bilan bir qatorda amalga oshiriladi.
Strategiya muvofiqlashtiruvchi vosita bo‘lib, kelgusida ham individual
islohotlar ishlab chiqilib, ular harakatlar rejasiga muvofiq amalga oshiriladi.
3-bob. Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari
[
OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.04.00.00 Budjet tizimining umumiy qoidalari]
1-§. Soliq-budjet siyosatiga strategik yondashuvni tatbiq etish maqsadida o‘rta muddatli budjet asoslarini ishlab chiqish hamda yillik budjetni shakllantirishning yangi “natijaga yo‘naltirilgan budjet” tizimini joriy etish
Budjetni rejalashtirishning amaldagi tizimida strategik yondashuvning mavjud emasligi budjet mablag‘larini soliq-budjet siyosatining ustuvor yo‘nalishlari va Davlat budjetining moliyaviy salohiyatidan kelib chiqqan holda taqsimlash imkoniyatini cheklaydi.
Bu esa, o‘z navbatida, budjet majburiyatlarining mantiqsiz o‘sishiga va ajratilgan budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligi yetarli darajada nazorat qilinmasligiga olib keladi.
Davlat siyosatining o‘rta va uzoq muddatli maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash va unga erishish talablariga javob beradigan samarali davlat moliyasini boshqarish tizimini yaratish maqsadida “moliya yili davomida moliyaviy resurslarning yetarliligini baholash” tamoyilidan “qabul qilinayotgan siyosiy qarorlarning o‘rta va uzoq muddatli oqibatlarini va ajratilgan budjet mablag‘larining natijadorligini baholash” tamoyiliga o‘tishni nazarda tutuvchi strategik yondashuvni soliq-budjet siyosati doirasida keng joriy etish zarur.
1.1. Budjet jarayonini takomillashtirish
To‘laqonli o‘rta muddatli budjetli rejalashtirishga o‘tish maqsadida soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini va Davlat budjetini o‘rta muddatli davrga tayyorlash tamoyillarini, aniq maqsadlar va ularga erishish muddatlarini belgilovchi hamda fiskal tavakkalchiliklar tahlili hisobga olingan holda o‘rta muddatli davr uchun fiskal strategiyani ishlab chiqish va uning ijrosini ta’minlash mexanizmini amalga oshirish choralarini ko‘rish zarur.
Shu
bilan birga, soliq-budjet prognozlarini tayyorlashda davlat organlari tomonidan foydalaniladigan o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognozlar ishonchliligini oshirish choralarini ko‘rish va bu ma’lumotlarni hisobot davri yakunlari bo‘yicha haqiqiy ko‘rsatkichlar bilan taqqoslash orqali baholab borish lozim.
Budjet jarayoni bosqichlari (O‘zbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlarini tayyorlash, ko‘rib chiqish, qabul qilish va tasdiqlash) budjetni o‘rta muddatli rejalashtirishga o‘tilishi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining nazorat funksiyalari, Moliya vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralarning (budjet mablag‘larini taqsimlovchilar) roli va funksional vazifalari qayta taqsimlanishi munosabati bilan qayta ko‘rib chiqiladi.
Bunda, birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga dastlabki budjetdan ajratiladigan mablag‘larning chegaralangan miqdorlarini Vazirlar Mahkamasi tomonidan yetkazish orqali mazkur ajratilayotgan mablag‘larning Hukumat tomonidan belgilangan ustuvor yo‘nalishlarga muvofiqligi hamda taqdim etiladigan budjet so‘rovlarining sifat darajasining oshishiga erishish ko‘zda tutilmoqda.
1.2. O‘rta muddatli budjet asoslarini ishlab chiqish (MTBF)
Soliq-budjet siyosatini ishlab chiqishning strategik yo‘naltirilganligini kuchaytirish budjet qonunchiligida o‘rta muddatli budjetni rejalashtirishni joriy etishga doir tadbirlarni mustahkamlash bilan birgalikda olib borilishi zarur.
Yuqoridagi vazifalarni amalga oshirish doirasida o‘rta muddatli budjetni rejalashtirishning uslubiy va me’yoriy bazasini ishlab chiqishga, davlat moliyasining barqarorligini ta’minlash uchun soliq-budjet qoidalarini (uzoq muddatli soliq-budjet ko‘rsatkichlarni) ishlab chiqishga e’tibor qaratiladi.
1.3. Budjetning samaradorlikka va natijaga yo‘naltirilganligini oshirish
O‘rta muddatli budjetni rejalashtirish doimiy takomillashtirib borilishi natijasida o‘rta muddatda mavjud bo‘lgan bo‘sh moliyaviy resurslarni aniqlash imkoniyatlari kengayib boradi.
Budjetdan mablag‘ oluvchilar kesimida budjetni taqsimlash va ularning budjet vakolatlarini kengaytirish mexanizmining joriy etilishi bilan budjet tashkilotlari va budjetdan mablag‘ oluvchilarning o‘z maqsadlarini belgilash va muvofiq ravishda aniq tadbirlarini rejalashtirish imkoniyatlari ham kengayib boradi.
Asosiy e’tibor budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratiladi.
Shundan kelib chiqqan holda, ajratilgan budjet mablag‘laridan foydalanishning samaradorligi va natijadorligini baholash ko‘rsatkichlarini kengaytirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish zarur.
Ayni paytda “Dasturiy budjetlashtirish”ni joriy etish uchun zarur bo‘lgan mexanizmlar aniqlashtiriladi, mazkur tizimning afzallik va kamchiliklari o‘rganilib, joriy va yangi tadbirlarni moliyalashtirish xarajatlarini aniqlash uslublari ishlab chiqiladi. Jumladan, amaldagi budjet tasnifiga o‘zgartirish kiritilib, davlat xarajatlarini dasturlar bo‘yicha tasniflash joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
1.4. Davlat investitsiyalarining samaradorligini oshirish
Xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magida xalqaro e’tirof etilgan uslubiyatlar asosida davlat investitsiyalarini boshqarish tizimi tahlil qilinadi va mazkur tizimni yaxshilash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilanadi.
Davlat investitsiya xarajatlarini takomillashtirish bo‘yicha islohotlar parallel ravishda olib borilmoqda, lekin eng maqbul natijaga erishish uchun davlat investitsiyalari bo‘yicha qarorlarni qabul qilish jarayonining budjet jarayoni bilan yanada integratsiyalashuvini ta’minlash lozim.
Shu bilan birga, Investitsiya dasturini shakllantirishda ishtirok etuvchi davlat organlarining vakolatlari qayta ko‘rib chiqiladi.
2-§. Makrofiskal prognozlar ishonchliligini ta’minlash bo‘yicha institutsional salohiyatni va budjet jarayoni ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish
Davlat moliyasini boshqarish tizimida islohotlarni izchil amalga oshirish va ularning natijalarini mustahkamlash maqsadida davlat organlarida institutsional rivojlanishni ta’minlash va zarur imkoniyatlarni yaratish — Strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
O‘rta muddatli budjetni to‘liq rejalashtirishga muvaffaqiyatli o‘tish uchun asos bo‘lgan moliya organlarining makrofiskal faoliyati cheklangan bo‘lib, ilg‘or amaliyotga mos kelmaydi.
Makroiqtisodiy prognozlarni tayyorlash uchun asosan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi javobgar hisoblanadi.
Moliya vazirligi Davlat budjeti daromadlarini prognoz va tahlil qilish funksiyasini bajaradi, ammo o‘rta muddatda davlat moliyasi barqarorligini va unga ta’sir etuvchi ichki va tashqi omillarni (soliq-budjet siyosatining makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’siri tahlili va o‘z navbatida, makroiqtisodiy omillarning Davlat moliyasi tizimiga ta’siri) tahlil qilish funksiyasi mavjud emas.
2.1. Davlat moliyasini boshqarish sohasida qonunchilik bazasini mustahkamlash
Davlat moliyasini boshqarish tizimida islohotlarni amalga oshirish davlat moliyasini jamlash va taqsimlashga doir masalalarni tartibga soluvchi normativ va uslubiy bazani takomillashtirish bilan birga olib borilishi lozim.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish doirasida budjet tizimi budjetlarini shakllantirish, tayyorlash, ko‘rib chiqish, qabul qilish, tasdiqlash va ijro etish jarayonidagi munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy bazani qayta ko‘rib chiqish choralari ko‘riladi.
2.2 Moliya vazirligi tarkibiy tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish va makrofiskal tahlil funksiyalarini mustahkamlash
Moliya vazirligi tuzilmasining samaradorlik ko‘rsatkichlarini tahlil qilgan holda vazirlik departamentlari, bosh boshqarmalari va boshqarmalari funksiyalarini, ularning tarmoq vazirliklari hamda boshqa birinchi va ikkinchi darajali budjet mablag‘lari taqsimlovchilari bilan munosabatlarini o‘rganish lozim.
Makrofiskal tahlil funksiyalarini mustahkamlash doirasida davlat moliyasini boshqarish tizimini maqbullashtirish maqsadida Moliya vazirligining tahliliy salohiyatini uning tashkiliy tuzilmasi va mavjud ish jarayonlarini yangilash orqali oshirishga yo‘naltirilgan holda qayta ko‘rib chiqish zarur.
Ushbu yo‘nalishni amalga oshirishda rivojlanib borayotgan axborotlashtirish jarayonlari hamda Moliya vazirligi tarkibiy bo‘linmalari va boshqa davlat hokimiyati organlari funksiyalarining maqbullashtirilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘aznachilikning hududiy bo‘linmalari va Davlat moliyaviy nazorat departamentining faoliyati tahliliy o‘rganilib, boshqarishning markazlashgan tizimini joriy etish masalalari ko‘rib chiqiladi.
3-§. Budjet mablag‘larini taqsimlovchilar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet sohasidagi vakolatlarini va hisobdorligini oshirish hamda ularning mas’uliyatini kuchaytirish
Budjet mablag‘larini taqsimlovchilar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet sohasidagi vakolatlarini va hisobdorligini oshirish hamda ularning mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida:
Davlat budjetining barqarorligini ta’minlash va budjet daromadlarini aniq prognozlash imkoniyatlarini oshirish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan maqsadlarga erishish uchun budjet jarayonining barcha bosqichlarida vazirlik va idoralar faoliyatining o‘zaro muvofiqligi va hamkorligini ta’minlash yuzasidan zarur tadbirlarni amalga oshirish lozim.
Hozirda Davlat faoliyatining sezilarli qismi amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Davlat budjeti jarayoni doirasidan tashqarida amalga oshirilmoqda.
Amalga oshirilayotgan davlat tadbirlarining aksariyat qismi budjetdan tashqari manbalar, ya’ni budjetdan tashqari jamg‘armalar hamda davlat ishtirokidagi korxonalar hisobidan bajarilmoqda. Bu tarzdagi xarajatlar esa Parlament tomonidan tasdiqlanadigan yillik budjet miqdorlari hamda Parlamentga taqdim etiladigan hisobotlarda aks etmaydi.
Ayrim davlat korxonalari faoliyatining samaradorligi pastligiga qaramasdan, iqtisodiyotda davlatning sezilarli ishtiroki saqlanib qolmoqda. Shu munosabat bilan davlat korxonalari faoliyatida davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirishga yo‘naltirilgan tarkibiy o‘zgartirishlarni amalga oshirish lozim.
3.1. Budjet ustuvorligini ta’minlash
Davlat budjetining to‘liqligi, ishonchliligi va Davlat budjetining strategik yo‘naltirilganligini ta’minlash maqsadida barcha davlat maqsadli jamg‘armalari hamda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari shaxsiy g‘azna hisobvaraqlaridagi mablag‘larni Davlat budjetiga qo‘shish choralarini ko‘rish, shuningdek, budjet hisobotida Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining konsolidatsiyalashgan jami moliyaviy ko‘rsatkichlarini yagona shaklda taqdim etish zarur.
Ushbu chora-tadbirlar doirasida o‘rta muddatli budjetni rejalashtirishga to‘liq o‘tishni ta’minlash va ichki nazorat samaradorligini oshirish
maqsadida Moliya vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar — budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning (oluvchilarning) roli va funksional majburiyatlari qayta ko‘rib chiqilishi lozim.
3.2. Davlat budjeti darajalari o‘rtasida majburiyatlarni taqsimlash
Davlat moliyasini boshqarishning yanada oqilona va samarali tizimini ta’minlash maqsadida budjet tizimining budjetlari o‘rtasida ulardan har birining xarajatlar bo‘yicha majburiyatlarini aniq ajratishni va daromad olish manbalarini mustahkamlashni nazarda tutuvchi budjetlararo munosabatlarni takomillashtirish zarur.
Shu bilan birga, budjetlararo transfertlar miqdorini hisoblash va ajratishning yagona va shaffof uslubiyati joriy etiladi.
Shuningdek mahalliy budjetlarning barqarorligini ta’minlash uchun budjet qoidalarini kuchaytirish hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan budjet intizomi qoidalariga rioya qilishini qat’iy nazoratga olish talab etiladi.
4-§. Fiskal tavakkalchiliklarni baholash, moliyaviy aktivlar va majburiyatlar hisobini yuritish hamda ularni samarali boshqarish tizimini joriy etish
Davlat moliyasining uzoq muddatli barqarorligini ta’minlash va oldindan prognoz qilish imkoniyatini oshirish uchun fiskal tavakkalchiliklar tahlilini va ularning oshkor etish jarayonini yaxshilash choralarini ko‘rish lozim.
Fiskal tavakkalchiliklarni tahlil qilish va boshqarish davlat sektorida soliq-budjet siyosatiga oid qarorlarni qabul qilish jarayoni samarali muvofiqlashtirilishini ta’minlaydi.
Hozirgi vaqtda fiskal tavakkalchiliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor etish va boshqarish yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan.
Asosiy makroiqtisodiy tavakkalchiliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning oshkor qilinishi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qarz olish ustidan qat’iy nazoratning mavjudligiga hamda O‘zbekiston Respublikasi hukumati nomidan berilgan davlat qarzlari va kafolatlari to‘g‘risidagi jami ma’lumotlar oshkor etilishiga qaramasdan, fiskal tavakkalchiliklarning alohida yo‘nalishlari oshkor qilinmaydi va hisobi yuritilmaydi.
4.1. Tavakkalchiliklarni boshqarish tizimini joriy etish
Fiskal tavakkalchiliklarni tahlil qilish va oshkor etishni o‘z ichiga olgan holda uzoq muddatli soliq-budjet barqarorligini baholash mahalliy davlat hokimiyati organlari va keng jamoatchilikda olib borilayotgan soliq-budjet siyosatining barqarorligi to‘g‘risida tasavvur hosil qiladi va, zarur hollarda, soliq-budjet siyosatiga o‘z vaqtida zarur tuzatishlar kiritish imkonini beradi.
4.2. Aktivlar va majburiyatlarni boshqarish tizimini mustahkamlash
Davlat boshqaruvi sektori juda katta miqdordagi moliyaviy aktivlarni tasarruf etadi. Ushbu aktivlarning asosiy qismini xorijiy valyuta va depozitlar, davlat korxonalariga berilgan kreditlar, shuningdek, davlat korxonalari kapitalida davlat ishtiroki doirasidagi aktivlar tashkil qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzi va davlat kafolatining umumiy miqdori e’lon qilib boriladi, biroq budjet hisobotida davlat aktivlari va majburiyatlari va ular bilan bog‘liq tavakkalchiliklar aks ettirilmaydi.
Shu munosabat bilan aktivlar va majburiyatlar hisobini yuritish va ularni boshqarishning samarali tizimini, shu jumladan davlat sektorida shakllantirishda boshqaruvning moliyaviy balansini tayyorlash jarayonini yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rish talab etiladi.
4.3. Davlat qarzini boshqarish tizimini takomillashtirish
Qarz barqarorligining ishonchli baholanishini ta’minlash hamda o‘rta muddatda samarali qarz siyosatini olib borish maqsadida davlat qarzini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilishi lozim.
Davlat qarzi bilan bog‘liq tavakkalchiliklar
hisobini yuritish, tahlil qilish, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilish va boshqarish tizimini yaxshilash uchun quyidagi birinchi navbatdagi vazifalarni amalga oshirish talab etiladi:
davlat qarzini boshqarishning o‘rta muddatli strategiyasini ishlab chiqish;
davlat qarzi barqarorligini tahlil qilish tizimini amaliyotga joriy etish va yanada takomillashtirish;
davlat qarzi to‘g‘risidagi ma’lumotlar sifatini oshirish.
5-§. Budjet hisobi standartlarini birxillashtirish, ichki nazorat va audit tizimini takomillashtirish orqali moliyaviy intizomni mustahkamlash hamda budjet jarayoni ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish
Davlat sektorida buxgalteriya hisobining xalqaro standartlarini to‘laqonli joriy etish uchun qadrlar tayyorlash va tegishli dasturiy ta’minotlarni takomillashtirish zarur bo‘ladi va bu, o‘z navbatida, uzoq muddatni talab etadi.
Bundan tashqari, alohida vazirlik va idoralarda ichki nazorat va audit xizmati ta’sis etilgan.
Biroq, ichki audit xizmati faoliyatining huquqiy va uslubiy asoslari mavjud emasligi, ularning faoliyati faqat budjet mablag‘laridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish bilan bog‘liq holatlarni aniqlashga qaratilganligi tufayli ushbu xizmatlarni ko‘rsatish faoliyatining samaradorligi chegaralanib qolgan.
5.1. Davlat sektorida budjet hisobi standartlarini birxillashtirish
Davlat sektorida budjet hisobi va moliyaviy hisobot tizimining lozim darajada yo‘lga qo‘yilishi davlat hokimiyati organlari tomonidan soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini aniqlash bo‘yicha qaror qabul qilish uchun ularni davlat moliyasi to‘g‘risidagi shaffof, ishonchli va keng qamrovli ma’lumotlar bilan ta’minlash imkonini beradi.
Bu yo‘nalishda budjet hisobi standartlarini bosqichma-bosqich Davlat sektorida buxgalteriya hisobining xalqaro standartlariga (IPSAS) moslashtirishni nazarda tutuvchi choralarni amalga oshirish ustuvor ahamiyatga egadir.
Shundan kelib chiqib, Moliya vazirligining axborot tizimiga yagona schyotlar rejasi hamda yangilangan hisobot shakllarini joriy etish orqali davlat boshqaruvi sektori uchun Yagona schyotlar rejasi amaliyotga tatbiq etiladi.
5.2. Ichki nazorat va ichki audit tizimini takomillashtirish
Moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligini va natijadorligini oshirish maqsadida xalqaro standartlarga mos ichki nazorat va audit xizmatini, shuningdek, lozim darajadagi moliyaviy nazoratni amaliyotga joriy etish zarur.
Ushbu chora-tadbirlar doirasida, avvalambor, budjet mablag‘lari taqsimlovchi (oluvchi)larining, jumladan, ularning rahbarlarining mas’uliyatini va javobgarlik hissini oshirishga qaratish lozim bo‘ladi.
O‘rta muddatli davrda barcha vazirlik va idoralarda — budjet mablag‘larini taqsimlovchi (oluvchi)larda ichki audit xizmatini joriy etish nazarda tutilmoqda.
5.3. Davlat moliyasi ustidan tashqi
nazoratni kuchaytirish
Soliq-budjet sohasidagi shaffoflikni, nazoratni va budjet hisobi sifatini oshirish uchun tashqi auditdan o‘tkazish funsiyalarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, shuningdek, budjet mablag‘larini aniq vazirlik va idoralar kesimida tasdiqlash orqali parlament nazoratini kuchaytirish lozim.
5.4. Soliq xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish
Soliq ma’murchiligini va qoidalarini takomillashtirish orqali yashirin iqtisodiyotni ulushini qisqartirish hamda budjet daromadlarini oshirish.
Soliq turlari bazasini takomillashtirish, resurs soliqlarini samaradorligini oshirish. Soliq imtiyozlarini maqbullashtirish jarayonini yakunlash orqali faoliyatning barcha ishtirokchilariga bir xil sharoit yaratish va raqobatni rivojlantirish.
Soliq xizmatlarini rivojlantirish va soliq ma’murchiligiga raqamli texnologiyalarni kiritish. Bunda soliq xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha mobil ilovalar sonini ko‘paytirish, onlayn nazorat-kassa apparati va virtual kassa tizimini qo‘llashni ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rish, birlamchi hisob-kitob hujjatlarini (elektron hisob-fakturalar tizimini to‘liq joriy etish) raqamlashtirish va birxillashtirish kabi choralar ko‘riladi.
5.5. Davlat xaridlari tizimini mustahkamlash
Davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari samarali elektron xaridlar tizimini yangilash va ishga tushirishni nazarda tutadi.
Barcha davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshiriladigan davlat xaridlarining shaffofligi va maqsadliligini ta’minlash maqsadida buyurtmachilarning xaridlarini bosqichma-bosqich g‘aznachilik ijrosi bilan qamrab olish bo‘yicha choralar ko‘riladi.
5.6. Budjet jarayonida jamoatchilik ishtirokini ta’minlash
Budjet jarayonida jamoatchilik ishtirokini ta’minlash olib borilayotgan soliq-budjet siyosati maqsadlarining fuqarolar ehtiyojlariga mos kelishini va hukumatning hisobdorligini ta’minlaydi.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish doirasida budjet jarayoniga jamoatchilikni jalb etishni yanada kengaytirish choralari ko‘riladi, shuningdek, fuqarolarning budjet jarayonidagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, o‘rta muddatda soliq-budjet siyosatining ustuvor va asosiy yo‘nalishlarini muhokama qilishda fuqarolar ishtirokini ta’minlash mexanizmlari keng qo‘llaniladi (xususan, budjet mablag‘larining xarajatlari yo‘nalishida).
6-§. Budjet ma’lumotlarining ochiqligi, to‘liqligi va xalqaro standartlarga mosligini ta’minlash
Davlat resurslariga oid oshkora, ishonchli va keng qamrovli ma’lumotlarning mavjudligi davlat moliyasini boshqarish sohasida olib borilayotgan islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga xizmat qiladi.
Davlat moliyasi ma’lumotlarining keng qamrovliligi, qiyoslanuvchanligi hamda yaxlitliligi soliq-budjet siyosatini shakllantirishga strategik yondashuvni joriy etishda, keyinchalik esa budjet mablag‘laridan foydalanishning samaradorligi va natijadorligini baholashga o‘tishda to‘liq, o‘z vaqtida va ishonchli axborot bazasini yaratishni ta’minlaydi.
Amaldagi budjet qonunchiligiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjetini tuzishda budjet tizimi budjetlari, davlat maqsadli jamg‘armalari va O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘larining barcha daromadlari va xarajatlari hisobga olinsada, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari inobatga olinmaydi.
Natijada davlat sektorining ayrim xarajatlari, shuningdek, alohida pul oqimlari, shu jumladan
davlat korxonalari faoliyati, davlat aktivlari va ayrim davlat majburiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar budjet hisobotida aks ettirilmaydi.
6.1. Soliq-budjet hisobotlarining keng qamrovliligini, solishtiriluvchanligini va yaxlitligini yaxshilash
Makro va mikro darajada soliq-budjet siyosatni boshqarish uchun juda muhim bo‘lgan soliq-budjet hisobotlari sifatini oshirish choralari ko‘riladi.
Soliq-budjet hisobotlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish Hukumatning joriy moliyaviy holatdan xabardorligini oshirish va xalqaro taqqoslash imkonini beradi.
Shu bilan birga, tegishli soliq-budjet siyosatini shakllantirishda, soliq-budjet prognozlashtirishni yaxshilashda va uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlashda yordam beradi.
Soliq-budjet hisobotini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish davlat moliyasining barqarorligi hamda daromadlarni prognoz qilish imkoniyatlarini oshiradi va ishonchli baholash uchun soliq-budjet ma’lumotlarining solishtiriluvchanligini va muvofiqligini ta’minlaydi.
6.2. Davlat soliq-budjet siyosati mo‘ljallari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kengaytirish
Davlat moliyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning to‘liqligi, ishonchliligi va solishtiriluvchanligini oshirish maqsadida budjet hisobotlarini tuzishda asos bo‘ladigan iqtisodiy hamda vazifa jihatdan budjet tasniflari xalqaro standartlarga yanada muvofiqlashtirilishi lozim.
Bundan tashqari, davlat qarzining umumiy miqdoridagi o‘zgarishlarni sof moliyalashtirish hajmi va boshqa oqimlar bilan solishtirish to‘g‘risidagi ma’lumotlarning oshkor etilishi davlat qarzining shakllanishiga olib keladigan asosiy moliyaviy oqimlarni ajratish va tafovutlar yoki ma’lumotlarning yaxlitligini aniqlash imkonini beradi.
Shu bilan birga, alohida korxonalar va iqtisodiyot tarmoqlariga berilgan soliq imtiyozlari va preferensiyalar miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilish lozim. Soliq imtiyozlari va preferensiyalar berish natijasida Davlat budjeti daromadlarining kamaygan qismi to‘g‘risidagi ma’lumotlar amaldagi soliq-budjet siyosati va davlat sektori faoliyatini to‘liqroq baholash imkonini beradi.
4-bob. Kutilayotgan natijalar
Strategiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar:
davlat moliyasi to‘g‘risida ishonchli, shaffof, dolzarb va muddatli kompleks ma’lumotlar mavjud bo‘ladi;
o‘rta muddatli budjetni rejalashtirish to‘laqonli tatbiq etiladi;
o‘rta muddatli istiqbolda makrofiskal prognozlash va tahlil qilishning barqaror va bashorat qilinadigan tizimi yaratiladi;
mahalliy budjet parametrlarini shakllantirish va tasdiqlash jarayonida vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklarning budjet sohasidagi vakolatlari va mustaqilligi kengaytiriladi va o‘z navbatida ularning mas’uliyati sezilarli darajada oshiriladi;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga mos ravishda budjet mablag‘larini taqsimlash samaradorligi oshiriladi, soliq-budjet siyosatining maqsadlariga erishishning samaradorligi va natijadorligini baholashning son va sifat ko‘rsatkichlari joriy etiladi;
Davlat budjeti ijrosi jarayonida samaradorlikka va natijadorlikka erishiladi;
davlat investitsiyalarining samaradorligi
va boshqarilishi yaxshilanadi;
davlat moliya tizimining barqarorligi mustahkamlanadi, soliq-budjet tavakkalchiliklari ishonchli baholanadi va minimallashtiriladi;
davlat qarzini samarali boshqarish tizimi joriy etiladi;
budjet jarayonida jamoatchilik va fuqarolar ishtirokini keng faollashtirish uchun budjet ma’lumotlarining oshkoralik darajasi oshiriladi;
samarali elektron davlat xaridlari tizimi joriy etiladi;
xalqaro moliya institutlarining reyting va indekslarida O‘zbekistonning o‘rni yaxshilanadi.
Yuqorida qayd etilgan maqsadlar mantiqiy ketma-ketlikdan kelib chiqib shakllanadi. Aksariyat sohalarda asosiy e’tibor amaldagi davlat moliyasini boshqarish tizimining bazaviy elementlarini yoki uslubiyotini takomillashtirishga qaratiladi.
Misol uchun, xukumatning rolini aniqlash uchun avval Hukumatning roli va javobgarligini, keyin esa mahalliy boshqaruv organlari, so‘ngra yanada kengroq qamrovda — ya’ni davlat sektorida, ko‘rib chiqish zarur.
Shu tarzda, o‘rta muddatli strategik budjetni ishlab chiqish va natijaga yo‘naltirilganlikka o‘tish jarayonidan oldin yillik budjet taqvimini mustahkamlash zarur.
Hukumatning barcha hatti-harakatlari to‘g‘risida ishonchli, o‘z vaqtida va har tomonlama taqdim qilinadigan ma’lumotlar belgilangan maqsadlarga erishish va lozim darajadagi hisobdorlikni ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 500-son qaroriga
2-ILOVA
2020 — 2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasining davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha
HARAKATLAR REJASI