1.1.4.Ehtiyojlarning cheksizligi. Ehtiyojlarning yuksalib borish qonuni
Ishlab chiqarishning pirovard maqsadi iste’mol ya’ni ehtiyojni qondirish hisoblanadi.
Insonning yashashi va kamol topishi, jamiyatning rivojlanishi uchun kerak bo‘lgan hayotiy vositalar va iqtisodiy resurslarga bo‘lgan zaruriyat «ehtiyoj» deb ataladi.
Jamiyat ehtiyojlari kishilar ya’ni jamiyat a’zolari, korxonalar va davlat ehtiyojlarining birligidan iborat. Ehtiyojlarning bu barcha turlari uchun umumiy bo‘lgan xususiyat - ular cheksiz va chegarasizdir. Jamiyat ehtiyojlarida kishilarning ehtiyojlari asosiy va belgilovchi rol o‘ynaydi. Kishilarning barcha hayotiy ehtiyojlari (iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ma’naviy, siyosiy ehtiyojlar) orasida ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlar alohida o‘rin tutadi. Bu ehtiyojlar kishilarning yashashi, mehnat qilishi va hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan moddiy ne’matlardan hamda xizmatlardan iborat bo‘ladi. SHu jihatdan olganda ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlar moddiy, ma’naviy va ijtimoiy ehtiyojlarni o‘z ichiga oladi. Moddiy ehtiyojlar, bu avvalo, kishilarning o‘zlariga foydali bo‘lgan ne’matlarni iste’mol qilishga bo‘lgan xohishlaridir. Bular iste’mol uchun zarur bo‘lgan ko‘plab hayotiy predmetlarni (oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joy) va zeb-ziynat buyumlarini (taqinchoq, atir-upa, engil avtomobil va h. k.) o‘z ichiga oladi. Bu o‘rinda shuni ta’kidlash lozimki, bir necha yil oldin zeb-ziynat dabdaba hisoblangan buyum bugungi kunda eng oddiy hayotiy zarur predmetga aylanishi mumkin. Xizmatlar ham moddiy ne’matlar kabi ma’lum ehtiyojlarni qondiradi. Masalan, shaxsiy avtomashinani remont qildirish, soch oldirish, huquqshunos maslahatidan foydalanish kabi xizmatlar moddiy tovarlar bilan bir qatorda kishilarning ularga bo‘lgan ehtiyojlarini qondiradi. Ma’naviy ehtiyojlar moddiy ko‘rinishga ega bo‘lmagan kishilarning bilim va dam olish, madaniy
saviyasini oshirish, malaka-mahoratga ega bo‘lish, har xil xizmatlardan bahramand bo‘lish kabi ko‘plab ehtiyojlarni o‘z ichiga oladi. Ehtiyojlar yakka tarzda va birgalikda qondirilishi mumkin. Bu esa ehtiyojning tabiatiga va uni qondiruvchi ob’ektlar xususiyatiga bog‘liq. Ijtimoiy extiyojlar umumlashgan faoliyatning turli shakllarida qatnashish orqali qondiriladi hamda uni kishilarning birgalikda, hamkorlikda mavjud bo‘lishi zarurligi taqoza qiladi. SHunday buyum va xizmat turlari borki, ulardan faqat birgalikda foydalanish mumkin. Masalan, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash, dam olish joylaridan bahramand bo‘lish, sport o‘yinlari va ko‘ngil ochar tomoshalarni birgalikda ko‘rish kabilar shular jumlasidandir.
Jamiyat ehtiyojlarida korxona va davlat ehtiyojlari ham o‘z o‘rniga ega. Korxonalarga ishlab chiqarish maqsadlarini amalga oshirish, ya’ni tovarlar ishlab chiqarish uchun ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchi kerak bo‘ladi. Davlat, butun mamlakat aholisining umumiy ehtiyojlarini aks ettirib, avtomobil va temir yo‘llar, maktablar, kasalxonalar qurilishiga ijtimoiy ne’matlar bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun davlatga ham zaruriy ne’matlar va iqtisodiy resurslar kerak bo‘ladi.
Jamiyat ehtiyojlariga bir qator omillar ta’sir ko‘rsatadi. Bular quyidagilar:
jamiyatning iqtisodiy taraqqiyot darajasi. Iqtisodiyoti rivojlanishdan orqada qolgan mamlakatlarda ehtiyojlar doirasi tor bo‘lsa, aksincha, iqtisodiyoti gurkirab rivojlangan mamlakatlarda keng va xilma-xil bo‘ladi;
jamiyatdagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy tizim. Agar jamiyatdagi tizim bozor iqtisodiyoti tartiblari asosida qurilgan bo‘lsa, undagi ijtimoiy guruhlar boylar va kambag‘allar, mulkdor va mulksizlarga bo‘linib, ularga mansub kishilar ehtiyojlari o‘rtasida katta farq mavjud bo‘ladi. Yuqori daromad oluvchilar juda sifatli, noyob mahsulotlar va xizmatlarga ehtiyoj bildirsa, kambag‘allarning ehtiyojlari o‘z hayotini saqlash uchun juda zarur mahsulotlar va xizmatlar bilangina cheklanadi;
tabiiy-geografik sharoitlar. Bu omil ham ehtiyojlarning miqdori va tarkibiga ta’sir qiladi. Masalan, nisbatan sovuq iqlim sharoitida, issiq iqlim sharoitiga qaraganda hayot kechirish uchun oqsil va yog‘ga boy oziq-ovqat, issiq kiyim-kechak, uy va transport vositalariga ko‘proq ehtiyoj bo‘ladi;
tarixiy-milliy an’analar va urf-odatlar, tarixan shakllangan milliy va diniy marosimlar, urf-odatlar. Jumladan, Navro‘z bayrami, ro‘za va hayitlar o‘ziga xos ehtiyojlarni yuzaga keltiradi;
aholi sonining o‘sishi, uning tarkibidagi o‘zgarishlar;
xalqaro, davlatlar, millatlar va mintaqalar o‘rtasidagi aloqalar, ayniqsa, ular o‘rtasidagi mahsulot va axborot ayirboshlashning rivojlanishi.
Alohida kishilarning ehtiyojlari ularning yoshi, jinsi, oilaviy ahvoli, kasbi, mehnatning tabiati kabi omillarga bog‘liq. Masalan, keksa kishilar yoshlardan farq qilib, engil hazm bo‘ladigan ovqatga, dori-darmonga, shovqin-suronsiz yashash muhitiga ko‘proq ehtiyoj sezadi. Ko‘p bolali oilalarda bolalar kiyimi, o‘yinchoqlarga ehtiyoj yuqori bo‘lsa, farzandsiz oilalarda bunday ehtiyojlar bo‘lmaydi. Murakkab, og‘ir va engil mehnat turlari bilan shug‘ullanuvchi kishilar ehtiyojlari ham bir-biridan tubdan farq qiladi.
Ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan, moddiy ehtiyojlarni to‘liq qondirish mumkin emas. Jamiyatda har bir ma’lum davrda ko‘plab qondirilmagan ehtiyojlar bo‘ladi. Vaqt o‘tishi bilan yangi buyumlarning paydo bo‘lishi, reklamaning ta’siri va bozorlarning rivojlanishi natijasida ehtiyojlar tarkiban o‘zgaradi va miqdoran o‘sib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |