Bismillohir rahmonir rahim
Ibtidosiz va intihosiz va sheriksiz, yetti qad osmon va yetti qad yerni va o'n sakkiz ming olamni bo'l deganda bo'ldirg'an tangrining hamdidin so'ng aning do'sti va barcha odam farzandlariga va jinlarga yuborganlarning a'losi ulvul azim va risolat va nubvvat va hotamat. Bu to'rt martabani o'z fazliydin inoyat qilib yuborgan rasul Muhammad turur. Mustafoning durudidin so'ng muhibbul ulamo va murabbiyul fuzalo Arab Muhammadxon o'gli Abulg'ozi Mahodirxonning Chingiziy va Xorazmiy anda qaytaturur: kim Chingizxonning obo va ajdodlarini va avlodlarini kim har viloyatlarida podshohlig' qilib tururlar. Muarrixlar turkiy va forsiy tili birlan onlarni podshohlig' qilg'an va tug'qan va o'lg'an tarixlarini va yaxshi va yomon qilg'an ishlarini yozib tururlar. Bir podshoh otini bir donishmand kishi bir tarix aytib turur. Va yana, bir necha yillardin so'ng shul podshohning avlodidin yana bir podshoh bo'lganda taqi bir donishmand muarrix paydo bo'ib, man ul burunqi muarrixdin yaxshi ayturman teb bu podshohni otini taqi bir tarix aytib turur. Shunday qila-qila Chingizxon avlodidin har yurtda o'tgan podshohlarning otlarig'a ba'zilarig'a o'n tarix ba'zilarig'a yigirma tarix va ba'zilarig'a o'tiz tarix aytib tururlar. Eron bilan Turonda o'tgan Chingizxon o'g'lonlarining otlarini aytulg'on ta'riflardin ushbu zamon faqirning o'n sakkiz mujala hozir turur. Ammo bizning ota va aqalarimizning beparvoyliqlari va Xorazm xalqining bevuqufliki, bu ikki sababdin, bizning jamoatimizni Abdulloxonning otalari birlan bizning otalarimizning ayrilg'an yeridin to bizga kelguncha tarixlarni bitmay erdilar. Bu tarixni bir kishiga taklif qilali deb fikr qilduq. Hech munosib kishi topmaduq. Zarur bo'ldi. Ul sababdin o'zimiz aytduq. Turkning masali turur: «O'ksuz o'z kindigin o'zi kesar», degan.
Odam zamonidin to bu damgacha ul choqli tarixlar aytilg'an turur kim hisobini tangri bilur. Hech podshoh va amir va hrch hakim va donishmand o'z tarixini o'zi aytg'on ermas turur. Bizning yurtimizning havosindin va ahli Xorazmning bebizoatligidin hech zamonda bo'lmag'an ish bo'ldi. Emdi ko'nglingga kelmasunkim faqir taraf tutib yolg'on aytg'an bo'lg'ayman va yo uzumni g'alat ta'rif etgan bo'lg'ayman. Bu faqirg'a xudoyi taolo inoyat qilib ko'p nimarsa bergan turur. Xususan, uch hunar bergan turur. Avval, sipohiylikning qonuni va yo'sinikim, nechku otlanmoq va yurumak va yovga yosoq yasamoq, ko'p birlan yugurganda nechuk qilmoq, oz birlan yugurganda nechuk qilmoq, do'stg'a, dushmang'a nechuk so'zlashmak. Ikkinchi, masnaviyyot va qasoyid va g'azaliyot va muqattaot va ruboiyot va barcha ash'orni fahmlamaklik, arabiy va forsiy va turkiy lug'atlarning ma'nosini bilmaklik. Uchinchi, Odam ahdindin to bu damgacha Arabistonda, Eron va Turonda va Mo'g'ulistonda o'tgan podshohlarning otlari va umurlarning va saltanatlarining kam va ziyodin bilmaklik. Bu vaqtda fahmlamaklikda va tarix bilmaklikda faqirdek kishi shoyad Iroqda va Hindistonda bo'lsa bo'lg'ay va yo'q aytsam yolg'on bo'lg'ay, ammo sipohiyning yusunin bilmaklikda bu chog'da musulmon va kofirda biz ko'rib va eshitadurg'on yerlarda va yurtlarda yo'qturur. Yer yuzi keng turur.
Qarluq elining zikri
Qarluq eli Mo'g'ulistonda berk tog'larining ichinda yurt qilib o'lturdilar. Ekin ekarlar erdi va mollari ham bo'lur erdi. To'rt ming yilga yaqin ul yurtda o'lturg'ondin so'ng Chingizxon mo'g'ul elina podshoh bo'lib, o'zga ellarni ham boqindurub, Barlos Qo'bulay nuyon tegani elchi qilib, manga boqin teb qarluq elina yubordi. Ul vaqtda Qarluqning podshohi Arslonxon tegan erdi. Qo'bulay nuyonga qo'shilib, o'zining qizini bosh qilib ko'p peshkashlar birlan kelib xonni ko'rdi. Taqi ont ichdi, to o'lguncha bandalikdin bo'ynumni to'lg'amayin teb. Xon taqi o'z jamoatidin bir qiz berdi. Inoyat va shafqat qilib qaytardi. Taqi Chingizxon beklarina boqib aytdi: muni nechuk Arslonxon teb bo'lur. Bu kundin so'ng Arslon sayraq tesunlar lob hukm qildi. Mo'g'ulning lug'atinda tojikni sayraq teb ermish.
Do'stlaringiz bilan baham: |