Munis hayoti va ijodi
(1778-1829)
REJA:
-
Munis hayoti va faoliyati haqida
-
“Oshno”, “Qilmangiz” radifli g’azallar haqida
-
“Base g’am boridin chekmish o’g’rini” g’azali
Xorazmda yashab ijod qilgan taniqli shoir, mashhur tarixchi, epchil siyosatchi, mohir tarjimon Shermuhammad Munis 1778- yilda Xiva yaqinidagi Qiyot qishlog'ida Avazbiy mirob oilasida tug'ildi. Otasi yuz urug'idan chiqqan Avazbiy xonlikning bosh mirobi bo'lib, ishlab chiqarishi to'lig'icha sug'orma dehqonchilikka asoslangan Xiva xonligida miroblik eng katta mansablardan sanalardi. Shermuhammad boshlang'ich ta'limni qishlog'idagi maktabda oldi. So'ng Xiva madrasalarida tahsil ko'rdi. U yoshligidan bilim olishga mehr qo'ydi, tabiiy iste'dodi mehnatkashlik va tirishqoqlik bilan qo'shilib, uni kamolotga yetakladi. Shu sababli ham tez orada arab, fors tillarini puxta o'zlashtirdi, tarix ilmini egalladi, xattotlikda 'kamolotga erishdi. Munis hayotining bolalik va yoshlik davri juda sermazmun va zavqli o'tgan. Bu davrda u o'zini, hayotdagi o'z o'rnini izladi. Shaxsiyatiga mos va kelajakda doimiy yo'ldosh bo'ladigan kimsalarni izlash holati haqida shoir keyinchalilc „Munis ul-ushshoq" („Oshiqlarning do'sti") devonida yozadi:
Gahi telbalar birla gulxan aro
Surub durdkashlikda4 yuz mojaro.
Gahi rindlar bazmig'a yoi topib,
Hamonoki maqsudg'a qo'l topib.
Gahi maktab ichra kirib shodkom,
Gahi madrasa sori aylab xirom.
Qayu yerda ahbob bazm aylasa,
Tarab irtikobiga azm aylasa.
O'zimni alar ichra solur erdim,
Ko'ngul qong'uncha bahra olur erdim...
Munisning tashvishsiz hayoti, yigitlik erkaliklari uzoq cho'zilmaydi. 1800- yilda otasining, sal o'tib, onasining, so'ng inisining vafot etishi shoirni adoqsiz g'am-u hasrat,. cheksiz tashvishlar girdobiga tashlaydi. Buholni Munis quyidagicha tasvir etadi:
Nasib g'am uza bo'ldi charxi gardondin,
Musibat uza musibat yetushti davrondin.
Xiva taxti egasi, Avazbiy mirobning adashi Avazbiy inoq otasi vafot etgan yosh Shermuhammadni farmonnavislik vazifasiga tayinladi. Bu hoi uni saroyga yaqinlashtiradi. 1804- yilda xon Avazbiy vafot etgach, uning farzandlari o'rtasida taxt uchun kurash avj oldi. 1804—1806 - yillarda Eltuzar Xiva taxtida turdi, 1806- yildan 1825- yilgacha Muhammad Rahimxon I mamlakatni boshqardi. Muhammad Rahimxon taxtni egallagach, Munisga bosh miroblik lavozimini berdi. Taqdir bundan keyin ham Munisga mehribonlik qilmadi. Shafqatsiz o'lim undan o'g’lini, ayolini tortib oldi. Munisning o'zi esa 1829-yili xonning Xurosondagi harbiy yurishlaridan biridan qaytayotganda, vabo kasaliga yo'liqib, vafot etdi. Shoirning jasadi Qiyot qabristoniga, otasining yoniga qo'yilgan.
Shaxsiy hayotidagi omadsizlik va yo'qotishlar Shermuhammadning irodasini bukolmadi. Uning go'zallikka tashna qalbidan ezgulik va ijodga intilishni siqib chiqara olmadi. Shuning uchun ham shoir Munis qisqa umr ko'rgan bo'lsa-da, sermnahsul ijod qildi. Mutaxassislar uning she'riy asarlarining o'zi o'n ming baytdan ko'proq ekanligini aniqlaganlar. Buning ustiga, salmoqligina „Savodi ta'lim" pedagogik risolasini yaratgan, „Firdavs ul-iqbol" nomli ulkan tarixiy asar yozgan, Mirxond qalamiga mansub, xalqimiz tarixining eng nurli davri aks etgan „Ravzat us-safo" asarini o'zbek tiliga o'girgan.
Munis adabiyotimiz tarixida, asosan, shoir sifatida qolgan. U mumtoz adabiyotda mavjud bo'lgan deyarli barcha she'riy janrlarda ijod etgan. Munisning mumtoz o'zbek she'riyatining eng murakkab va mo'tabar janri hisoblanmish qasidachilikda sermahsul ijod etganini alohida qayd etish kerak. U Avazbiy inoq, Eltuzar, Muhammmad Rahimxon I, Olloqulixon singari hukmdorlarning har biriga bag'ishlab, shuningdek, o'z davrining boshqa mashhur kishilariga atab qator qasidalar bitgan. Bu qasidalarida u maddohlik qilmaydi, balki qasida bag'ishlagan har bir shaxsga xos eng muhim jihatni ko'rsatgan holda, ko'nglidagi o'ylarini, orzularini qog'ozga tushiradi,ularga pand-nasihat qiladi. Necha xil she'riy janrda yozganiga qaramay, Munis ijodida g'azalchilik alohida ahamiyat kasb etadi. Negaki, uning shoir sifatidagi o'ziga xosligi, ijodiy qiyofasi aynan g'azallarida yaqqol namoyon bo'ladi. Shoir g'azallarining asosiy qismini besh, yetti, sakkiz, to'qqiz, o'n, o'n bir, o'n ikki baytli she'rlar tashkil etadi. Lekin ba'zan Munis yigirma uch, yigirma to'rt, hattoki, o'ttiz uch baytdan iborat g'azallar ham yozganki, bunaqasi boshqa o'zbek shoirlari ijodida deyarli uchramaydi.
„Davlating borida bordur ahli olam oshno" satri bilan boshlanadigan g'azali Munis hayotining eng og'ir davrida yaratilganga o'xshaydi. Chunki unda atrofidagi insonlarning nokomilligidan iztirob chekayotgan, shu bilan birga o'zida ezgu fazilatlarni shakllantirishga urinayotgan orif shaxs kayfiyati ifoda etilgan. G'azalning lirik qahramoni topgan oshnolar, orttirgan do'stlar sinovdan o'tolmaganlar, ishonchni oqlolmaganlar. Chunki bundaylar davlatiga qarab do'stlik ixtiyor etgan kimsalardir. Ular boyliging borida atrofingda soyangday parvona, mulksiz qolsang, chorlab ham topolmaysan:
Davlating borida bordur ahli olam oshno, Qaytgach davlat, jahonda topilur kam oshno.
Shoir odamlardagi tayinsizlik, beqarorlik illatining sababini ularning fe'lidan emas, balki dunyoning tartibotidan qidirishga urinadi. Ehtimol, davron odamlar orasiga begonalik solib, ularni bir-biridan yiroqlashtirishga urinayotgandir:
Baski, davron xohishi begonaliq solmoqdurur,
Bir-biriga bo'la olmas, ikki hamdam oshno.
O'zgalar-ku mayli, bir-biri bilan hamdam bo'lib yurganlar ham oshnolik qilolmaydilar. Negaki, davronning irodasi shunday. Oldin oshno bo'lganlar ham tezgina begonalik qiladilar, shu bois „davr aro ahdi mahkam" oshno topib bo'lmaydi. Shoir g'azalning bir o'rnida parilardan umid qilganini yozadi:
Gar vafo bo'lsa, parida bo'lg'ay erdi, ko'rmadim,
Bo'ldilar har nechakim avlodi odam oshno.
Bu baytdagi pari — malakut olamiga mansub ayyor emas, balki shoir ko'ngil qo'ygan ma'shuqa timsoli. Demak, mumtoz she'riyat an'anasiga ko'ra, shoir maishiy yo'sinda boshlangan g'azalni ilohiy muddao sari buradi. Bu holat g'azaldagi ushbu baytlarda yorqin namoyon bo'ladi:
Dard chekmak, ashk to'kmak ishq eliga xosdur, Har ko'ngulga dard, har ko'zga emas nam oshno.
Munis majoziy ishq ham, ilohiy ishq ham har qanday kishiga nasib etavermasligini shu tariqa g'oyat ta'sirli va jozibali tarzda tasvir etadi. Chindan ham, ko'ringan ko'ngilda dard, barcha ko'zda vosh, albatta bo'ladi deb aytish mumkin emas. Shoir shu haqqoniy xulosani hissiyot qo'zg'aydigan yo'sinda izhor eta bilgan.
Munisning „Do'stlar, mensiz dame ohangi ishrat qilmangiz" misrasi bilan boshlanadigan g'azali ham do'stlik, vafo haqida. Shoir insonlar o'rtasidagi munosabatlarning samimiy, mustahkam va sadoqatga asoslangan bo'lishini istaydi. Shu sababli, do'st do'stni yaxshi kunda ham, yomon kunda ham yoddan chiqarmasligi, e'tiborsiz qoldirmasligi kerakligini ta'kidlaydi:
Do'stlar. mensiz dame ohangi ishrat qilmangiz,
Siz ichib sahbo', meni xunxori hasrat qilmangiz.
Asl do'st biror dam ham do'stini unutmasligi, unutishi bilan uni hasratning qonli mayini ichishga majbur etmasligi kerakligi ta'sirli ifoda etiladi. Shoir do'st sadoqatini sinashning turli bosqichlarini tasvir etadi va shularning birontasida ham sadoqat unutilmasligi lozimligini ta'kidlaydi. So'ng tasvir o'zanini sezdirmaygina ma'rifatli kishilarning „bazmi kitob"i bilan nodonlar ulfatchiligini solishtirish tomon buradi:
Ahli donish birla har dam aylangiz bazmi kitob, Jam'i nodonlar bila izhori ulfat qilmangiz.
Munisning chin do'st haqidagi qarashi — qat'iy. Asl do'st yaqiniga hech qachon xiyonat qilmaydi. Uning muhabbati do'stining ahvoliga qarab o'zgarmaydi. Demak, asl do'stning shaxsi turlanib, tuslanmaydi:
Do'st uldurkim, yomon kun yuz evurmas do'stidan,
Munis ahvolin ko'rib, tarki muhabbat qilmangiz.
Munisning soddavash, ta'sirchan, o'ynoqi she'rlari ham anchagina. Ularda hayot murakkabliklari, sinovlariga hamisha tayyor turgan yovqur shaxs sifatlari aks etadi. Shunday asarlardan biri
Base g'am boridin chekmish og'irni,
Yog'ir bo'lmish hazin ko'nglim yog'irni.
matla'si bilan boshlanadigan g'azaldir. G'azal boshdan-oyoq so'zlarning ko'pma'noliligiga qurilgan deyish mumkin. Shoirning mahorati shundaki, turli ma'nolarni ifodalaydigan so'zning tovlanishlarini qahramon kayfiyati ranginligi bilan muvofiqlashtira biladi. G'azalning matla'sidagi „yog'ir" so'zi „yag'ir", „yog'irn" esa „yag'rin" ma'nolarini ifodalaydi. Ya'ni g'amning og'ir yukini ko'targani uchun hazin ko'ngilning yag'rini yag'ir bo'ldi. Ko'ngilga yag'rin „ato qilish" uchun Munis kabi uchqur xayolot egasi bo'lish kerak. Keyingi baytda birinchi qo'shmisradagi fikr yanada aniqlashtiriladi:
Falak g'am yuklarin solg'onda elga, Yog'irnimga mening qo'ymish og'irni.
Garchi misralardagi so'zlar soddagina, ifoda ham turkona bo'lishiga qaramay, tasvir ko'p qavatli. She'rdagi shoir kayfiyati jilvalari ifodasini kuzatib bormagan kishi chalg'ib qolishi ayon. Chunki ikkinchi baytda tasvir shunchaki majoziy tamsil bo'lmay, aniqlik kasb etganday bo'ladi. Holbuki, „g'am yuki"ning muayyan moddiy salmoqqa ega bo'lishi mumkin emas. Lekin shoirning tasvir mahorati natijasida o'ta mavhum tushuncha konkretlashadi. Keyingi baytda ifoda yanada aniqlashadi. Endi shoir ma'shuqaga „g'am yuki" asoratlarini ko'rsatishga tutiqadi:
Bilursan g'am yukin ko'p chekkanimni, Yog'irnim ustida ko'rsang yog'irni.
So'zlarning murakkab o'yini she'rxonni bir oz chalkash- tirganday bo'ladi. Lekin bu chalkashlik miqyosning aniqligiga, ko'lamning muayyanligiga olib keladi. Chindan ham yag'rin ustidagi yag'irni ko'rgach, qanchalar og'ir g'am yuki ortilganini bilish mumkin bo'ladi. Keyingi baytda oshiq „yag'rinining yag'ir"ligi tasviri o'sib, goh ko'ngil, goh bag'irni ma'shuqa itiga berishga ham tayyorlik darajasiga yetadi:
Iting ko'rsam, manga uns aylasun deb, Berurman gah ko'ngul, gohi bog'irni.
G'azal maqta'sida oshiq o'zi tushgan o'ta mushkul holatdan qutulishning an'anaviy chorasini topganligi aks etgan:
Najote istasang Munisga g'amdin, Ayoqchi, tut anga har dam chog'irni.
Ko'p asrlar mobaynida she'rlarda tasvirlab kelinganidek, g'amdan qutulishning eng samarali yo'li dardni unutishdir. Bunda esa, chog'irga teng keladigan vosita yo'q.
12-mavzu
Do'stlaringiz bilan baham: |