Sotsial boshqaruvning mohiyati.
Boshqaruv tashkilotning maxsus organining funksiyasi bo‘lib eng kam vositalar (vaqt, kuch, zahiralar) sarflab eng yuqori natijaga erishish bo‘yicha aniq tashkil etilgan faoliyatdir.Sotsial boshqarish bu ma'noda ham nazariy, ham amaliy faoliyatni o‘z ichiga oladi. XX asr bozor iqtisodiyoti rivojlanishi bilan boshqarish xususiyatidagi faoliyat menejment paydo bo‘ldi. Menejment (inglizcha-management) — bir necha ma'noni bildiradi. Birinchidan, menejment ishbilarmonlik faoliyatiga, turmush tarzi va siyosat sohasiga ta'sir ko‘rsatuvchi sotsial va iqtisodiy institut deb tushuniladi. Ikkinchidan, menejment xususiy va ijtimoiy bazis sohasida boshqarish mehnati bilan shug‘ullanuvchi shaxslar majmuini bildiradi. Uchinchidan, menejment, ijtimoiy ishlab chiqarishni boshqarishning texnikaviy tashkiliy, huquqiy, ruhiy va sotsial jihatlarni o‘rganadigan fandir. Oxirgi ma'noda u industrial sotsiologiya va boshqarish sotsiologiyasi bilan mos keladi. Ma'lumki, industrial sotsiologiya va boshqarish sotsiologiyasi boshqarish tizimini, shaxslararo munosabatlar tizimi va mexanizmini, mehnat faoliyatini rag‘batlantirish va motivatsiyasini, tashkiliy faoliyatini o‘rganadi. Menejmentning maqsadi — har qanday ijtimoiy tuzumga mos keladigan bosharishning umumiy tamoyillarini shakllantirish va ularni amalda qo‘llashdir. Bularga boshqarishning maqsad va vazifalarini aniqlash, ularni bajarish uchun konkret tadbirlarni ishlab chiqish, vazifalarni bajarishdagi ketma-ketlikni belgilash, ishni taqsimlash, tashkilot ichidagi turli bo‘linmalar o‘zaro harajatini mutanosiblash, rasmiy iyerarxal (yuqori-past) strukturani optimlashtirish (ixchamlashtirish, qulaylashtirish), shuningdek rahbarlikning samarali uslubini, sotsial mas'uliyatni aniqlash kiradi. Sotsial rejalashtirish, loyihalashtirish va prognozlashtirish sotsial boshqarishning shakllari sifatida qaralishi mumkin. Sotsial rejalashtirish — sotsial boshqarishning dastlabki bosqichlariga xosdir. Rejalashtirish — o‘ziga xos sotsial boshqarish bo‘lib, uning mazmuni ijtimoiy jarayonlar maqsadini, uning ustivor tomonlarini, ularga erishishning vosita va maqsadlarini aniqlash, rejalarni ishlab chiqish va ularni bajaruvchilarga yetkazish, rejalar bajarilishi ustidan nazoratni o‘z ichiga oladi. Odatda, direktiv va indikativ rivojlantirishni farqlashadi. Direktiv rejalashtirish yuqori organlar tasdiqlagan ko‘rsatkichlar majburiy bajarilishini taqozo etadi. Indikativ rejalashtirishda reja ko‘rsatkichlari yo‘naltiruvchi, axborot tarzida bo‘ladi. Sobiq sotsialistik mamlakatlar rejalashtirishni mutloqlashtirganlari uchun, u jamiyat rivojlanishi yo‘lidagi to‘siqqa aylangan edi. Bozor iqtisodi amal qilayotgan ko‘pchilik rivojlangan mamlakatlarda indikativ rejalashtirish keng qo‘llaniladi. Ayniqsa, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreyada rejalashtirish yaxshi samara bermoqda. 1962 yildan beri «rejali» rivojlanayotgan Janubiy Koreya jahonda yetakchi o‘rinlardan biriga chiqdi. Hozirgi vaqtda bu mamlakatda 1990—1994 yillarda fanda eng ko‘p qo‘llanilayotgan sohalarni rivojlantirish bo‘yicha reja qabul qilingan va bajarilmoqda. Sotsial boshqarishni yana bir shakli sotsial loyihalashtirish tushunchasi hali mavjud bo‘lmagan, lekin yaratilishi lozim bo‘lgan, shuningdek tubdan o‘zgarish lozim bo‘lgan ob'ektlarga nisbatan qo‘llaniladi. Sotsial loyihalashtirishni sotsial rejalashtirishning ko‘rinishi deb ham aytish mumkin. U ijtimoiy munosabatlar, sotsial jarayonlar va aholi yashash sharoitlarni yaxshilash vositasidir. Sotsial rejalashtirish mavjud bo‘lmagan yoki tubdan o‘zgarish lozim bo‘lgan ob'ektlarga nisbatan «rivojlanish» iborasini qo‘llash qiyin. Ular yaratilgandan so‘nggina rivojlanishi mumkin. Sotsial loyihalashtirish sotsial rivojlantirishni emas, balki yangi ob'ektlarning dastlabki sotsial holatini loyihalashtirishdir. Undan tashqari, agar sotsial rejalashtirishda sotsial jarayonlarning hamma boshlang‘ich sifatiy va miqdoriy ko‘rsatkichlarni aniq ko‘rsatilgan ob'ekt bilan ish ko‘rilsa, sotsial loyihada esa bu boshlang‘ich tavsiflar mavjud bo‘lib turgan sotsial institutdagidek bo‘lmaydi. Ijtimoiy rivojlanish sub'ektlarning maqsadga muvofiq faoliyati orqali ro‘y beradi. Anglangan ehiyojlar — manfaatlar bu faoliyatni harakatlantiruvchi kuchlardir. Ijtimoiy ehtiyojlar va manfaatlarni qondirilishi uchun sotsial jarayonlar boshqarilishi talab etiladi. Umumiy ma'noda boshqarish takomillashgan (biologic, texnik, sotsial) tizimlarning faoliyati ta'minlash uchun, ularning dastur va maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qiladigan funksiyadir (vazifadir). Sotsial boshqarish jamiyat muayyan tizimining tartiblanishi, saqlanishi, mukammallashuvi va rivojlanishini ta'minlaydi. Sotsial boshqarish jarayonining asosiy bosqichlari quyidagilardan iboratdir: axborotni yig‘ish va uni qayta ishlash; uni analiz etish; taqsimlash; maqsadga erishishga qaratilgan qarorning ishlab chiqilishi; rejalashtirish, dasturlashtirish; loyihalashtirish ko‘rinishda umumiy qarorni bajarish uchun faoliyatni tashkil etadi; bu faoliyatni nazorat etish, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish bilan birgalikda; faoliyat natijalari haqidagi axborotni to‘plash va qayta ishlash.
Sotsial boshqarish ijtimoiy jarayonlarni bashorat qilshi, oldindan ko‘ra bilishga asoslanadi. Shuni e'tiborga olish kerakki, bashorat kategoriyasi ikki ma'noda konkretlashadi: oldindan aytib berish (deskriptiv, ya'ni tavsiflash manosida) va oldindan ko‘rsatma berish (preskriptiv, undov, amr, buyruq. ma'nosida). «Oldindan aytib berish» kelajak to‘g‘risidagi axborotni olish, kelajak muammolarining mumkin bo‘lgan yoki kutilayotgan, xohlayotgan istiqbollari, holatlari, yechimlarining tavsifidir. «Oldindan ko‘rsatib berish» (Bestujev-Lada iborasi) — o‘sha muammolarni yechish, kelajak haqidagi axborotdan foydalanish, axborotni shaxs va jamiyatning maqsadiga muvofiq faoliyatiga aylantirishdir. Zotan, sotsial boshqarishning asosiy vazifasi kishilar sub'ektiv faoliyatining obyektv qonuniyatlar talablariga muvofiq kelishiga erishish, bu qonuniyatlardan samarali foydalanishdir. Sotsial boshqarish bu ma'noda ham nazariy, ham amaliy faoliyatni o‘z ichiga oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |