2-MAVZU: “O‘ZBEKISTON – YAGONA VATAN”. O‘ZBEK TILINING TOVUSHLAR TIZIMI. UNLI TOVUSHLAR
Reja:
O‘ZBEKISTON – YAGONA VATAN
Vatan bu eng aziz go‘sha, muqaddas dargoh. Insonga ato etilgan baxtlararo eng yuksagi ozod Vatanda yashash saodatidir. Vatan tuyg‘usi bu Vatanni anglash har bir umr davom etadigan uzluksiz jarayondir. Biz har gal o‘lkamiz bahori, yozi, kuzi va qishiga ro‘baro‘ kelganda, uning tog‘-u toshlari, daryo-yu o‘rmonlari, bepoyon dalalari, tarixiy obidalari, obod shahar-u qishloqlarini ko‘rganda, ko‘nglimizda yangi-yangi tuyg‘ular paydo bo‘ladi.
Dunyoda millat, xalq va davlatlar juda ko‘p. Har birining o‘ziga xos manfaatlari, maqsad va orzu-umidlari bor. Ana shu orzu-umidlar va maqsadlarni ifoda etadigan, ularni ro‘yobga chiqarish uchun xalqni safarbar qiladigan g‘oyalar ham bor. Bugun bizning jamiyatimizda, O‘zbekistonda yashovchi barcha millat va elat vakillarining tub manfaatlarini, orzu-istaklarini, olijanob maqsad-muddaolarini o‘zida mujassam etadigan o‘z g‘oyasi shakllandi. Bu milliy istiqlol g‘oyasidir. O‘zbekiston ota-bobolarimiz yashab o‘tgan azaliy va muqaddas makon, insoniyat tafakkuri, fan va madaniyatining eng ko‘hna o‘choqlaridan biridir. Bu zaminda jahonni hayratga solgan buyuk sivilizatsiyaning ildizlari vujudga kelgan, insoniyat tarixining eng qadimgi davrlariga mansub qadriyat va an'analar shakllangan. Qadimgi Yunon faylasufi Geraklit bu yurtni «falsafiy tafakkurning beshigidir» deya e'tirof etgan.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoning o‘rta va shimoliy qismida joylashgan mamlakat. U shimoli-sharqda Qirg‘iziston, shimol va shimoli-g‘arbda Qozog‘iston bilan, janubi-g‘arbda Turkmaniston, janubi-sharqda Tojikiston bilan, janubda qisman Afg‘oniston bilan chegaradosh. Umumiy maydoni 447 ming 400 kvadrat kilometr. Maydonining beshdan to‘rt qismi tekislik, oz qismi tog‘, adir, tog‘ yonbag‘irlaridan iborat. O‘zbekiston hududidan Markaziy Osiyoning eng katta daryolari — Amudaryo va Sirdaryo oqib o‘tadi. Mamlakatimizning sharqiy va janubi-sharqiy qismida Tyanshan, Oloy, Turkiston, Zarafshon va Hisor tog‘lari bor. Bu tog‘lar orasida Farg‘ona, Zarafshon, Kitob-Shahrisabz, Surxon-Sherobod, Chirchiq-Ohangaron kabi katta vodiylar joylashgan. Aholining asosiy qismi ana shu vodiylarda yashaydi.
Yurtimiz tasviri tushirilgan xaritaga diqqat bilan qarab ko‘rganmisiz? Unda har bir viloyat alohida ajralib turibdi. Har bir mintaqa va viloyat o‘zining betakror tabiati, odamlari, shahar va qishloqlariga ega. O‘zbekiston deganda, ko‘z o‘ngimizda Farg‘ona vodiysining so‘lim shahar va qishloqlari, Samarqand, Buxoro va Xivaning ko‘hna me’moriy obidalari, - Qoraqalpog‘iston zaminidagi qadimiy qal’a-qo‘rg‘onlar, Ustyurt kengliklari, Toshkentning go‘zal va azim qiyofasi, Qashqadaryoning bepoyon qirlari, Surxon tog‘lari, har bir mintaqa va viloyat xalqining o‘ziga xos fe’1-atvori va udumlari namoyon bo‘ladi. O‘zbekistonni bir ko‘rgan odam, hech shubhasiz, uni sevib qoladi. Har yili yurtimizga ming-minglab sayyohlar tashrif buyuradi va ularning barchasi bu tarovatli, serquyosh zamin ularni o‘ziga maftun etgani haqida to‘lqinlanib, hayajonlanib so‘zlashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |