Diskretlashtirish - bu muayyan (juda qisqa) diskret vaqt oralig‘ida qaydnomalarni olishdir. Odatda, diskretlash qadamini doimiy qilishga harakat qilinadi. Kvantlash esa, X(t) kattaligining uzluksiz qiymatlarini Xn diskret qiymatlarning to‘plami bilan almashtirish hisoblanadi. Kattalikning uzluksiz qiymatlari muayyan tartiblar asosida kvantlash darajalarining qiymatlari bilan almashtiriladi. Kodlashtirish esa, muayyan ketma-ketlikda ifodalangan sonli qiymatlarni tavsiya etishdan iborat.
Keyinga vaqtlarda raqamli asboblar borgan sari kengroq qo‘llanila boshlandi, chunki ularning ko‘rsatgichlari osongina qayd qilinadi. Ularni EHMga kiritish qulay. Raqamli asboblarning tuzilishi o‘lchashda analog asboblarga qaraganda katta aniqlikka erishishga imkon beradi. SHu bilan birga raqamli asboblar qo‘llanilganda o‘qish xatoligi bo‘lmaydi. Ammo analog asboblar raqamli asboblarga nisbatan ancha arzon va sodda.
O‘lchov asboblari ko‘rsatuvchi, qayd qiluvchi, kombinatsiyalangan, integrallovchi va jamlovchi asboblarga bo‘linadi.
Ko‘rsatuvchi asboblarda raqamli qiymatlar shkala yoki raqamli tablodan o‘qiladi.
Qayd qiluvchi asboblarda ko‘rsatgichlarni yoki diagramma qog‘ozida yozib olish yoki raqamli tarzda chop etish ko‘zda tutilgan.
Kombinatsiyalangan asboblar o‘lchanayotgan kattalikni bir vaqtning o‘zida ko‘rsatadi va qayd qiladi.
Integrallovchi asboblarda o‘lchanayotgan kattalik vaqt bo‘yicha yoki boshqa erkli o‘zgaruvchi bo‘yicha integrallanadi.
Jamlovchi asboblarda ko‘rsatishlar turli kanallar bo‘yicha unga keltirilgan ikki yoki bir necha kattaliklarning yigindisi bilan funksional bog‘langan bo‘ladi.
O‘lchashga doir axborotni uzatish o‘zgartirish, ishlov berish va saqlash uchun qulay bo‘lgan, ammo kuzatuvchi bevosita idrok qilishi mumkin bo‘lmaydigan shakldagi signalni ishlab chiqish uchun xizmat qiladigan vositasi o‘lchash o‘zgartkichi deb ataladi.
Inson o‘zining sezgi organlari bilan o‘lchash o‘zgartkichi signallarini qabul qila olmaydi. O‘zgartiriladigan fizik kattalik kirish kattaligi, uning o‘zgartirilganligi esa chiqish kattaligi deyiladi. Kirish va chiqish kattaliklari orasidagi bog‘lanishni o‘zgartkich funksiyasi qaror toptiradi. O‘lchash o‘zgartkichlari o‘lchov asboblarining, turli o‘lchov sistemalarining, biror jarayonlarni avtomatik nazorat qilish yoki boshqarish sistemalarining tarkibiy qismi hisoblanadi. O‘lchanyotgan kattalik keltirilgan o‘lchash o‘zgartkichi birlamchi o‘zgartkich deyiladi, ko‘pincha «datchik» deb yuritiladi. Uning bevosita o‘lchanayotgan kattalik ta’siridagi qismi sezuvchan element deyiladi. Masalan: termoelektrik termometrda termopara, monometrik termometrda termoballon ana shunday elementlardir. O‘lchov asboblari va o‘zgartkichlari o‘lchanayotgan kattalikning turiga qarab tegishli nomlarga ega bo‘ladi.
Ko‘rsatuvchi analog o‘lchov asboblarining sanoq qurilmasi shkala ko‘rsatkichdan tuzilgan. SHkaladagi sonli qiymatlar ko‘rsatilgan belgilar shkalaning sonli belgilari deyiladi. SHkalaning ikki qo‘shni belgilari orasidagi oraliq shkalaning bo‘linmasi deyiladi. SHkalaning ikki qo‘shni belgisi mos kelgan kattalik qiymatlari ayirmasi shkala bo‘linmasining qiymati deyiladi.
O‘lchanayotgan kattalikning sanoq qurilmasi bilan aniqlanadigan hamda o‘lchanayotgan kattalik uchun qabul qilingan birliklarda ifodalangan qiymatlari o‘lchov asbobining ko‘rsatishlari deyiladi. O‘lchanayotgan kattalikning shkalada ko‘rsatilagn eng kichik qiymati shkalaning boshlang‘ich qiymati, eng katta qiymati esa shkalaning oxirgi qiymati deyiladi. SHkalaning boshlang‘ich va oxirgi qiymatlari bilan chegaralangan qiymatlari sohasi ko‘rsatuvlar diapazoni deyiladi. O‘lchanayoetgan kattalikning o‘lchov vositalari uchun yo‘l qo‘yiladigan xatoliklar normalangan qiymatlari sohasi o‘lchov diapazoni deyiladi.
Ayrim o‘lchov vositalari va o‘lchov sistemalaridan tashkari murakkab informatsion o‘lchov sistemalari ham qo‘llaniladi. Ular ko‘plab nuqtalarda avtomatik o‘lchashni amalga oshirishnigina ta’minlab qolmay, balki o‘lchash natijalarini berilgan algoritmlar bo‘yicha zarur qayta ishlashni ham bajaradi.
O‘lchov vositalari o‘lchash jarayonidagi bajarayotgan vazifasi, roliga qarab ish, namuna va etalon o‘lchov asboblariga bo‘linadi.