Butalarni joylashtirish. Barcha ixtisoslashgan xo’jaliklarda 2,5-3,0 metr masofada qator oralariga joylashtiriladi. Bu usul tuproqni ishlash va smorodinani butun o’suv davrida mexanizasiya bilan parvarishlashda qo’l keladi. Ko’chat qilinadigan barcha smorodina turlari qatorlarda 1,0-1,5 metr oraliqda joylashtiriladi.
Yuqori agrotexnika tadbirlari qo’llanilgan taqdirdagina mo’l-ko’l hosil olish mumkin. Ba’zi xo’jaliklarda buta novdalarining sinib ketmasligi uchun xuddi uzumzorlardagidek oltinsimon smorodinani simbag’azlarga bog’lanadi. Buning uchun novdalar yerdan 40 va 80 santimetr balandlikda ikki qatorsim tortilgan bag’azlarga bog’lanadi. Bu ishda qo’shaloq simbag’azdan ham foydalanish mumkin. smorodina butalarini ikki qator tortilgan simlar oralig’ida joylashtirilib, g’uj-g’uj meva tukkan novdalarni ikki tomondan sakkiz shaklida bog’lanadi. Bunday sharoitda butalar orasidan bemalol o’tish va ularga ko’ngildagidek ishlov berish mumkin. Shuningdek, bunday usulda har qancha ishlov berilmasin smorodina novdalari sinmaydi. Qator bo’ylab 1,0-1,5 metr masofada o’tqazilgan smorodinalar ikki-uch yildan so’ng lenta ko’rinishini hosil qiladi.
2,5x1 metr sxemada ekilgan smorodinalar dastlabki uch-to’rt yilda serhosil bo’ladi, so’ngra esa qalinlashib ketib, ayrim novdalari quriy boshlaydi. Novdalarning qurib qolishining oldini olish uchun, uch-to’rt yoshli butoqlarni qoldirish va ularning har yili o’sib borishini hisobga olgan holda yangi novdalardan qoldirib turish kerak.
Oltinsimon smorodinaning yirik mevali serhosil navini yaratish usulini o’rganish maqsadida sershox qilib o’stirish usuli bilan shoxlatmasdan tik o’stirish usuli solishtirildi, bunda tupning balandligi shox-shabba chiqarishga ta’sir etishi namoyon bo’ldi.
Tekshirishlardan ma’lum bo’ldiki, Uzbekistanskaya krupnoplodnaya va Plotnomyasaya navlari tik o’sadigan formada yetishtirilganda vegetasiya davri 14 kun kech boshlanadi. Uzbekistanskaya krupnoplodnaya navi shoxlab o’stirilganda vegetasiya 1-fevralda boshlangan. Plotnomyasaya navida bu 9 va 11-fevralga to’g’ri keldi. Plotnomyasaya navining gullashi shoxlatib o’stirilganda 1 martda, shoxlamay (tik) o’stirilganda esa 12 martda boshlandi. Uzbekistanskaya krupnoplodnaya navida esa tegishlicha 23 fevral va 6 mart kunlariga to’g’ri keldi. Shoxlab o’sadigan formada gullash davrining muddati novdalar bo’yicha 46-47 kun, tik o’sadigan formada esa 30-36 kun bo’lib, 11-16 kun farq qildi.
Kuzatishlardan yana shu narsa ma’lumki, tik o’stirilgan smorodina guli tez va qiyg’os ochildi.
Yuqorida qayd qilingan katta farqlarga qaramasdan, Uzbekistanskaya krupnoplodnaya navi ayni bir vaqtda 27 mayda mevasi pishib yetilarkan. Plotnomyasaya navi tik o’sadigan formada 3 kunga oldin, ya’ni 22 mayda, shoxlab o’sadigan formada esa 25 mayda mevasi pisha boshladi.
Plotnomyasaya navining shoxlab o’sadigan formasida mevasi 56 kunda pishib yetilgan bo’lsa, mazkur nav tik o’stirilganda 45 kundayoq yetiladi. Uzbekistanskaya krupnoplodnaya navi: shoxlab o’sganda-50, tik o’sganda -40 kunda pishib yetiladi. Ma’lum bo’ldiki, tik o’stirilganda mevalar nisbatan tez va birday yetilarkan, bunda farq bor-yo’g’i 10-11 kunni tashkil qiladi.
Uzbekistanskaya krupnoplodnaya navining har bir tupidan dastlabki uchinchi-to’rtinchi yili shoxlab o’sadigan formada 0,68 - 2,15 kilogramm, Plotnomyasaya navidan esa 0,64 - 3,32 kilogramm hosil olingan. Bu navlarning tik o’sadigan formadagi hosildorligi Uzbekistanskaya krupnoplodnaya navi 0,49 - 0,86 kg, Plotnomyasaya navi esa 0,45 - 0,99 kg ni tashkil etadi. Ko’rinib turibdiki, shoxlab o’sganda navlar tik o’sadigan formadagiga qaraganda 2,0-2,6 marta ko’p hosil beradi. Biroq navlar mevasining og’irligi va sifati shoxlab o’sadigan formadagiga nisbatan tik o’sadigan formada sezilarli darajada yuqori.
Uzbekistanskaya krupnoplodnaya navi tik o’stirilganda mevasining o’rtacha og’irligi 2,10, shoxlab o’sadigan formada esa 1,52 grammni tashkil qiladi. Plotnomyasaya navida esa 1,46 va 1,09 gramm ekani qayd etildi.
Demak, navlar shoxlab o’sganda tik o’sadigan formaga qaraganda 0,58 va 0,37 gramm og’irroq meva berishi kuzatildi.
Smorodina tanasi tik o’sganda asta rivojlanib, diametri 4,5-5 santimetrga kattalashadi va kichikroq daraxtcha ko’rinishiga ega bo’ladi.
Bunday shaklda o’simlik tanasini 60-80 santimetrdan qoldirilganda tik o’smadi, novdalari egilib ketdi. Shuning uchun ularni simbag’azlarga bog’lashga to’g’ri keldi. Tomorqa xo’jaligining uncha katta bo’lmagan maydonlarida yirik-yirik meva olish uchun smorodinani tik shaklda tanasini 40 santimetrdan oshiq bo’lmagan balandlikda o’stirish maqsadga muvofiqdir. Bunda, smorodina novdalari tananing yuqoriroq qismida joylashgan bo’lishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |