Chuqurcha kovlash. Bog’ barpo qilinadigan maydonlarda rejalash ishlari tugallanishi bilanoq chuqurlar qazishga kirishiladi. Kuzda chuqurlar ko’chat o’tqazishdan ikki hafta ilgari, bahorda o’tqazilganda esa kuzda yoki ekishga 2 hafta qolganda bahorda kovlanishi mumkin. Chuqurlarning diametri 60 sm, tuproq tipiga qarab chuqurligi har xil bo’ladi. Masalan, og’ir tuproqli yerlarda o’ralarning chuqurligi 45-50 sm va yengil tuproqli 60-70 sm gacha bo’lsa o’tqazilgan ko’chatlarning ildizlari tezrok tiklanadi yangi ildizlar ko’proq paydo bo’lib, chuqur qatlamlariga kiradi. Bu esa o’simlikni chuqur qatlamlardagi nam bilan ta’minlashda katta ahamiyatga ega.
Chuqur kovlanganda daraxt o’tqaziladigan nuqtani yo’qotib qo’ymasligi va to’g’ri chiziq bo’ylab o’tqazilishini buzmaslik uchun uzunligi 1,5 – 2 m, eni 10-15 sm uch joyi o’yilgan ko’chat o’tqazish taxtasidan foydalaniladi. Taxtaning o’rtasi ikki uchidan baravar oraliqda kengligi 4-5 sm bo’lgan yarim doira shaklida 4-5 sm o’yiladi, taxtaning ikki uchidan esa diametri 3-4 sm qilib teshiladi. Chuqur kovlash oldidan taxta ma’lum bir tomonga qarab yerga qo’yiladi. Taxtaning o’rtasidagi yarim doira shaklida uyilgan joyi qoziqqa (daraxt o’tqaziladigan joyga) taqib qo’yiladi, taxtaning ikki boshidagi teshiklarga uzunligi 25-30 sm va diametri 3 sm keladigan nazorat qoziqlar qoqiladi. Keyin taxta va o’rtadagi qoziq olinadi, nazorat qoziqlar o’z joyida qoladi va chuqurlar kovlashga kirishladi. Chuqurlar qo’lda kvadrat yoki doira shaklida kovlanadi. Ko’chat o’tqazishdan oldin chuqurlarga organik-mineral o’g’itlar solish daraxtlarni barvaqt hosilga kirishni ta’minlaydi. Daraxt o’tqaziladigan chuqurlarni qator oralaridan olingan va organik hamda mineral o’g’itlar bilan aralashtirilgan yaxshi tuproq bilan to’ldirish kerak. Har bir chuqurga taxminan 5-6 kg chirigan go’ng, 150 g selitra va 200 g superfosfat hisobidan o’g’it solish lozim. Bu o’g’itning kuchi ko’chat o’tqazilgandan keyin 3-4 yilga yetadi. Ayniqsa, unumsiz tuproqlar o’g’itga muhtoj bo’ladi. O’g’itlar chuqurning tubiga emas, balki uning hamma qismi to’ldirilgandagina samara beradi.
Chuqur kovlash – ko’p mehnat talab qiladi. Shuning uchun chuqurlar KNYu-100 yoki KRK – 60 markali maxsus chuqur kovlaydigan mashinalar bilan kovlanadi. Chuqur kovlaydigan mashinaning asosiy ishchi organi aylanadigan parmadan iborat bo’lib, uning diametri chuqurning kengligi bilan barobar bo’ladi.
O’zbekistoning iqlim sharoiti va tashkiliy ishlarga qarab, meva daraxtlari odatda kuzda yoki bahorda o’tqaziladi. Kuzda daraxt o’tqazish xazorezlikdan keyin noyabr oyi boshlarida boshlanib, qora sovuqlar tushgunga qadar davom etadi. Bahorda esa ko’chatlar kurtak yozgunga qadar, tuproqning holatiga qarab, ya’ni janubiy hududlarda 20-25 martgacha, shimoliy hududlarda 10- 15 aprelgacha o’tqazish mumkin. Kuzda o’tqazish bahordagiga nisbatan qulay, chunki bu davr uzoqroq davom etadi. Qish mobaynida daraxt ildizlarida kallyuslar paydo bo’ladi, ular bahorda yaxshi tutib, tezroq o’sa boshlaydi. Qish iliq kelgan va harorat nol darajadan yuqori bo’lib, yer yaxlamagan bo’lsa ham ko’chat o’tqazish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |