O`smirlarga oid badiiy asarlarga qo`yilgan talablar. O`smirlik kattalar olamiga nomzodlik bosqichi bo`lib, bolalik bmlan xayrlashish va kattalarga ergashishdan iborat oralig`dir. U birinchi muchalni to`ldirib, ikkinchisiga qadam qo`yish bilan boshlanadi va o`rta yasharlik-o`smirlik pallasiga kirishning ilk bosqichi hamda katta yasharlik-yoshlikka tayyorlanish tarzida namoyon bo`ladi. Binobarin, o`smirlik ham jismoniy, ham ma`naviy-axloqiy balog`atga etishuv bo`sag`asidir.
O`rta yosh boshlanishi bilan o`g`il va qiz bolalarda jinsiga daxldor xislatlar shiddat bilan rivojlana boshlaydi, avvalo, ovozlari farqlana boshlaydi: o`g`il bolalarda- erkaklik va qizlarda ayolikka xos biologik unsurlar ko`zga tez tashlana boshlaydi. Bu jarayon ma`naviy rivojlanishdan o`zadi, natijada o`smirlar hatti-harakatida, yurish-turishida o`zgachaliklar, aniqrog`i, beqarorlik, oqibatini o`ylamay ish qilish, mulohazasizlik, o`ziga bino qo`yish holatlari uchray boshlaydi. Aslini olganda, bunday holat asosini bolalik olami bilan xayrlashish va kattalar olamiga da`vogarchilikdan iborat murakkabliklar tashkil etadi, o`smirlarda sodir bo`luvchi ma`naviy o`sishning jismoniy va biologik rivojlanishdan bir muddat orqada qolishi goho ularga pand beradi, ular bunday vaziyatda o`zlarini aql bilan boshqarolmay qoladilar, shu bois o`smirlar tarbiyasi og`ir kechadi. O`smirlarga mo`ljallangan badiiy adabiyotning vazifasi, avvalo, ana shu murakkab jarayonni chuqur va beran badiiy tadqiq etib, ularning ma`naviy kamoloti ehtiyojlarini qondirish, ularda chinakam insoniy fazilatlarning tarkib topishida faolroq ta`sir ko`rsata bilishdan iborat. Eng muhimi, o`smirlarga mo`ljallanib yozilgan badiiy, ma`rifiy, fantastik va publicistik asarlar ularni milliy istiqlol ruhida tarbiyalashi, dunyoqarashlarini shakllantirishi, yuksak axloqiy fazilatlarni singdirishga xizmat qilmog`i shart. Necha asrlar davomida ajdodlarimiz yaratgan boy madaniyat, mehnatkash xalqning o`z erki, Vatan mustaqilligi uchun olib borgan kurashlari, mehnatning barcha farovonliklar omili ekanligi, halollik, do`stlik, rostgo`ylik, qo`rqmaslik, fidoiylik va boshqa insoniy fazilatlar o`smirlar adabiyotining asosiy mavzulari bo`lishi mumkin.
O`smirlik-o`ziga sig`a bilmaslik, jussaning to`lisha borayotgan kuchini racional boshqara olmaslik davri. Ha, go`yo qo`lini cho`zsa, narvonsiz ham yulduzga etguday his etadi, goho o`smirlar o`zini. Ularga ana shu jarayonni ongli ravishda anglay olishlarida sehrli-fantastik ertaklarga bo`lgan rag`batlarini ilmiy-badiiy fantastikaga yo`g`irish samarali natija beradi. Aytaylik, Jyul Vernnning «Kapitan Grant bolalari», «Ostin-ustun», «Havo sharida besh hafta», «Sirli orol», «g`aroyib sarguzashtlar», A.Tolstoyning «Injener Garinning mo``jizasi», «Aelita», A.Belyaevning «Jahongir», «Prafessor Douelning boshi», A.Kazancevning «Yonuvchi orol», I.Efremovning «Odam-amfibiya», «Andromeda tumanligi», ilmiy-fantastik romanlari qatorida o`zbek fantastikasi namunalarini tavsiya etish mumkin.
O`zbek ilmiy-badiiy fantastikasi 20-yillarda Abdurauf Fitrat va Abdulla Qodiriylar ijodida kurtak yozgan bo`lsa-da, asosan, 60-yillardan e`tiboran chinakam jonlanish jarayoniga kirdi. Bugungi kunda o`zbek fantastikasining «Rene jumbog`i», «Ajdodlar xotirasi», «/aroyib ko`lanka», « Jodugarning eli», «Telba dunyo», «Ikki jahon ovorasi», «Tutash olamlar», (H.Shayxov), «Hikmat afandining o`limi», «Somon yo`li elchilari», «Falak», «Chorrahada qolgan odamlar» (T.Malik), «Men- men emas», «Mangu kuy izlab», «Teskari ko`zlilar sayyorasi», «Rayhondagi zarpechak», (M.Mahmudov), «Ming bir qiyofa», «Ko`zgu oldidagi odam» (O.Muxtor) singari e`tirofga sazovor qissa va romanlardan iborat namunalari paydo bo`ldi. Bu asarlar o`smirlar tafakkurini teranlashtiradi, dunyoqarashlarining shakllanishiga, xayol qila bilish salohiyatlarining takomillashuviga, taxayyullotlarining uchqurlashuviga kuchli ta`sir ko`rsatadi.
O`smirlar hayotga mustaqil nazar solishga intiladilar. Ular hayotdagi har bir voqea va hodisaning ijtimoiy-axloqiy mohiyatini anglashga, undan o`zlariga saboq chiqarishga harakat qiladilar. Shu jarayonda ularda fuqarolik tuyg`ulari teranlasha va takomillasha boradi, jamiyat va Vatan oldidagi burch va mas`uliyatlarini anglash istagi uyg`ona boshlaydi. Bunda ularga S.Ayniy, Oybek, A.Qahhor, N.Safarov, O.Muxtor, T.Malik va boshqalar yozgan biografik va avtobiografik asarlar, memuarlar ayricha ta`sir ko`rsatadi. O`smirlik-qizlar va o`g`il bolalar o`rtasida bir-birlariga nisbatan o`rtoqlik, havas va muhabbat bilan talpina boshlash pallasi. Binobarin, ularda sevish-sevilish mavzuidagi asarlarni o`qishga alohida rag`bat bilan qarash kuchayadi. Shu rag`batni qondirishda H. Nazirning «Lochin qanotlari», «Kenjatoy», «Tohir-Zuhra qissasi», shuningdek, A.Aleksinning «Akam klarnet chaladi», «Kolya Olyaga yozadi, Olya Kolyaga yozadi» singari asarlar muhim ahamiyat kasb etadi. Bu asarlar o`smirlikka xos tuyg`ularning yuksak axloqiy ideal darajasida kamol topishiga tahsir ko`rsatadi.
Modomiki, o`smirlar kattalar safini to`ldiruvchi avlod sifatida tarix sahnasiga chiqib borisharkan, kattalar olamiga xos ma`naviy fazilatlarini kasb etmoqlari zaruriyatga aylanadi. Shu ma`naviy zaruriyat tufayli ular o`qishi doirasiga kattalar adabiyoti namunalari ham kira boradi va o`smirlar kitobxonligi doirasini kengaytiradi. Bunda nafaqat o`zbek adabiyoti vakillari, balki jahon adabiyotining barcha zabardast namoyandalarining kishilik ma`naviyati taraqqiyotida muhim qimmat kasb etgan asarlarini o`qish, ulardan saboq va zavq olish, shu asosda jahon xalqlari turmushi, orzu-intilishlari, kurashi va mag`lubiyatlaridan ogoh bo`lish – o`smirlar dunyoqarashi o`sishining asosiy omiliga aylanadi.
Bolalar adabiyotining yoshga nisbatan mo`ljallanganligi qotib qolgan hodisa ham emas, u zamon va insonlar o`zgarishi bilan didaktik mohiyat kasb eta boradi. Binobarin, bolalar kitobining adresliligi doimiy harakatda bo`ladi: aytaylik,ijtimoiy-estetik taraqqiyot chuqurlasha borishi bilan bolalarning yosh xususiyatlari ham o`zgaradi, davr o`zgarishi bilan avlodlar o`zgaradi, insoniyat mutassil to`lishib, yasharib borarkan, uning qiziqishlarida ham bu zuhur topadi. Natijada qachonlardir kattalar ma`naviy mulki sanalgan ertaklar va topishmoqlar endilikda, asosan, bolalar ma`naviy ehtiyojlari qondirgichiga aylangani kabi yozma adabiyotda ham aslida kattalarda mo`ljallanib yaratilgan Ubayd Zokoniyning «Mushuk ila sichqon qissasi», Sayido Nasafiyning «Kim zo`r» kabi asarlari, shuningdek, A.S.Pushkinning qotor she`riy adabiy ertaklari bolalar o`qishi doirasiga kirib borgani tabiiydir.
O`zbek bolalar adabiyoti-bolalar hayotining o`ziga xos qomusi, unda bolalarning oilada, bog`chada, maktabda va tengqurlar davralarida, shuningdek, o`yinda,o`qishda, mehnatda, tengqurlari yoki kattalar bilan munosabatdan iborat jo`shqin hayoti aks etgan. Binobarin, u xalq turmushining ham ko`zgusidir. Chunki bolalar taqdiri xalq va Vatan taqdiri bilan uzviy bog`langan. Bolalar adabiyoti shu aloqadorlikni butun go`zalligi va murakkabligi bilan ifodalaydi, bu esa uninig mahrifiy qimmatini belgilaydi. Bolalar adabiyoti muayyan g`oyalarni mavhum tushunchalarda emas, balki bolalarning «predmetli» tafakkuriga va tasavvuriga mos badiiy obrazlarda ifodalab, ular ongiga his tuyg`ulariga va xayolotiga ta`sir ko`rsatadi, ularning kelajagi buyuk ozod va obod Vatanning, erkin va demokratik jamiyat qurayotgan xalqning bunyodkor va kurashchi farzandlari qilib tarbiyalashga xizmat qilaveradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |